Jumladan, Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Mitsubishi UFG”, “LandesbankBaden-Wuerttemberg”, “JPMorgan Chase&Co.” rahbariyati bilan uchrashib ko‘pgina moliyaviy masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
Uchrashuvlarda banklar vakillariga Jamiyatning umumiy faoliyati, mavjud transformatsiya jarayonlari hamda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida batafsil axborot berildi.
Yaponiyadagi eng yirik moliyaviy guruh va dunyo banklar reytingida kuchli o‘nlikda sanaladigan “Mitsubishi UFG”, “Global Finance” jurnali o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra 2015 yilning eng yaxshi korporativ banki deb topilgan. Albatta, bunday nufuzi baland bank bilan hamkorlik qilish Jamiyatning moliyaviy holati mustahkamlanishiga hissa qo‘shishi shubhasizdir.
Shu sababli 2011 yildan buyon global tizimli ahamiyatga ega “Mitsubishi UFG” banki bilan o‘zaro ishonchli hamkorlik masalasi muhokama qilindi.
Londondagi tashrif uchrashuvlarga boy bo‘ldi va “LandesbankBaden-Wuerttemberg” universal tijorat banki rahbariyati bilan o‘tgan uchrashuvni ham alohida ta’kidlash lozim.
Germaniyaning ushbu yirik banki vakillari ham “O‘zbekneftgaz” AJning so‘nggi yillarda erishgan natijalarini e’tirof etishdi. Shuni ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJning 700 million AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarni London birjasiga joylashtirilganini muvaffaqiyatli harakat deb baholadilar.
Uchrashuvda tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJ loyihalarini amalga oshirish va boshqa korporativ maqsadlar uchun o‘rta muddatli moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan tashqari, Yevropa eksport-kredit agentliklaridan uzoq muddatli sug‘urta qoplamalarini jalb qilish yo‘llari ham o‘zaro o‘rganildi.
“JPMorgan Chase&Co.” AQShning yirik banklaridan biri hisoblanib, ushbu bank bilan hamkorlik qilish muhim hisoblanadi. O‘zaro uchrashuvda tomonlar kasbiy tajriba almashishning istiqbolli yo‘nalishlarini, shu jumladan turli konferensiyalar va seminarlar orqali, amalga oshirilayotgan loyihalarni va kompaniyaning turli xil korporativ ehtiyojlarini qisqa muddatli moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Yuqorida qayd etilgan barcha banklar bilan doimiy aloqa va axborot almashinuvini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek hamkorlikning barcha istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ