Dollar oshishi uy va mashina narxiga qanday ta’sir qiladi?

Iqtisodiyot 16:44 / 18.03.2022 60226

Yurtimizda bankdan tashqari, cho‘ntaklararo aylanayotgan valuta, aniqrog‘i AQSh dollari ko‘lamini hisoblash, taxmin qilish qiyin. Bu juda katta mablag‘ ekani aniq. Albatta, xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya bilan himoyalangan va har bir fuqaro o‘z pulini xohlagan valutasida saqlashi, mulkini istagan tarzda sotishi mumkin. Lekin savol tug‘iladi – nima uchun biz ham barcha oldi-berdilarda AQSh dollariga bu qadar bog‘lanib qolganmiz?

Bu o‘ziga xos tarixiy asos va omillarga ega.

Mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizda yashovchi boshqa millat vakillari, asosan ruslar uylarini va boshqa mulklarini sotib, ko‘chib keta boshladilar. Ko‘chmas mulk bahosi juda arzonligi bilan birga, uning sotuvidan tushgan pulni boshqa davlatda ishlatish muammosi ham bor edi. Avvaliga MDH davlatlari bilan umumiy valuta – rubl ma’lum muddat ishlab turdi. Ammo rublga mulk sotganlar o‘rniga nimadir xarid qilgunlaricha pul ancha qadrsizlanib ketaverdi. Shunday vaziyatda universal valuta sifatida shu paytgacha ham dunyoda bu maqomni egallab kelgan AQSh dollari biz uchun ham “kashf qilindi”.

Biz uchun doim xususiy mulkning ikkinchi yirik shakli asosan avtomobil bo‘lgan. Dastlab yillarda, o‘z avtosanoatimiz ishga tushmagan paytlarda xorijdan, asosan Rossiyadan yengil mashinalar olib kelib sotilardi. Bu bozorda ham dollar universal valuta rolini o‘ynab berdi.

Bu jarayonlar izsiz ketmadi albatta. Xalq ongiga naqd pul shaklidagi boylikni asrash, jamg‘arishda AQSh dollari tobora ko‘proq singiy boshladi. Hozirgi davrdan farqli ravishda dollarning qadri u paytlar haqiqatan ham juda baland, shaharlarda 1000-2000 AQSh dollariga yaxshi kvartira sotib olish mumkin bo‘lsa, 100 dollarga ega inson ancha badavlat hisoblanardi.

Yillar o‘taverdi. O‘zbekiston iqtisodi ham qator omillar tufayli avval iziga tushdi, keyin tiklana boshladi. Ammo iqtisodning ko‘tarilishi ham xorijiy valutaga bo‘lgan muhabbatimizni susaytira olmadi. Endi bunga asosiy sabab sifatida kuchli inflatsiya yuzaga chiqdi.

“Xorijiy valuta qiymatini belgilash chog‘ida Markaziy bank...” degan qiziqarli jumlalarni 20 yildan ortiq eshitdik. O‘zbekistonda xorijiy valutaning – amalda AQSh dollarining uch xil kursi amal qildi. Jismoniy shaxslar orasida milliardlab dollar qo‘lma-qo‘l bo‘lib yuraversa-da, deyarli hech kim rasman – bank orqali valutani naqd shaklda sotmadi va sotib olmadi.

Bu jarayonlar ham oddiy aholining dollarga qaramligiga, barcha yirik oldi-berdilar shu valutada amalga oshirilishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari, uzluksiz davom etayotgan inflatsiya tufayli so‘mimiz orqali naqd shaklda oldi-berdi qilishning iloji ham qolmagan, hali 50-100 ming so‘mlik pullar muomalaga kiritilmagan yillarda buning uchun yuk mashinalari kerak bo‘lardi.

Mana shu va boshqa omillar tufayli yirik savdolarning yagona o‘lchov birligi sifatida AQSh dollariga qattiq bog‘lanib qoldik.

Xo‘sh, dollar qiymati keskin osharkan, bu valutaga bog‘lanib sotiladigan mahsulotlar narxi qanchalik o‘zgaradi?

Ko‘chmas mulkda dastlabki o‘zgarishlar sezildi

Kamoliddin Egamov, ko‘chmas mulk biznesi vakili:

— Umuman, O‘zbekistonning yangi tarixida ko‘chmas mulk narxi muntazam oshib borgandek tasavvur uyg‘onadi. Aslida unday bo‘lmagan. Yaqin 15 yil ichida kamida 2 marta kuchli va davomli pasayish kuzatilgan.

2008 yilda Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi O‘zbekiston bozoriga ham jiddiy ta’sirini o‘tkazgan. Inqiroz O‘zbekistonda ham qator davlatlar singari dollar qiymatining keskin oshishi bilan kechgandi. Eslayman, kechqurun AQSh dollari qora bozorda 1200 so‘m bo‘lgani holda ertalab 1600 so‘mga ko‘tarilib ketgandi. Ya’ni bir kechada 30 foizdan ortiq o‘sish...

U paytlar men AQShda edim va ko‘chmas mulk qiymatining shiddat bilan tushishini kuzatganman. Bu jarayon O‘zbekistonga ham yetib kelgan va o‘shanda yirik shaharlarda narxlar 2-3 oy ichida deyarli yarmiga qadar (50 foizgacha) pasaygan. Lekin u inqirozning qiziq jihati – tiklanish ham tezlik bilan kechgan. Ya’ni uylarning narxlari kelgusi 1 yildayoq o‘sa boshlagan. Chunki hali yangi uylar qurish ommalashmagan, ikkilamchi bozorga muayyan talab bor edi.

Ikkinchi jiddiy pasayish ancha davomli bo‘lgandi. 2014 yilda Qrim voqealari ortidan Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgandi. Lekin bu jarayon asta-sekin va nisbatan davomli bo‘lgan. Ya’ni ko‘chmas mulk qiymatining tushishi keyingi 1-2 yil sekinlik bilan davom etdi, shok holati kuzatilmadi. 2016-2017 yillardan keyin O‘zbekiston iqtisodida yangi imkoniyatlar yaratildi, aholi qo‘lida qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘ldi va ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab ortib ketdi. Yirik shaharlarda, xususan poytaxtda uy-joy, xonadonlar narxi muntazam osha boshladi. Ayniqsa, 2021 yilning oxiriga kelib o‘sish har oyda seziladigan darajaga yetdi.

Endi bevosita savolga javob izlab ko‘ramiz.

Oxirgi bir hafta dinamikasini oladigan bo‘lsak so‘m devalvatsiyasi 6-7 foizga yaqinlashyapti. O‘tgan to‘liq bir yil, ya’ni 52 hafta davomida bu ko‘rsatkich 3-4 foiz bo‘lganini hisobga olsak, yirik savdolarda bizni murakkab sinovlar kutayotgani ma’lum bo‘ladi. Garchi ko‘chmas-mulk dollarga xarid qilinsa va sotilsa-da, aholining aksariyat qismi so‘mda daromad qiladi hamda uni valutaga aylantiradi. Bunga Rossiyadagi yurtdoshlarimizdan valuta oqimi kamayishi kabi omil ham qo‘shilgan holda, oxir-oqibat ichki talab pasayishiga, narxlar tushishiga olib keladi, deb o‘ylayman. Albatta, bu shaxsiy fikr, chunki O‘zbekiston iqtisodiyoti umumiy qonuniyatlarga ko‘pincha bo‘ysunmaydi.

Shu bilan birga, bunday paytda aksariyat xaridorlar kutish pozitsiyasini tanlay boshlashadi. Ya’ni amalda xaridlar soni kamayadi. Mana shu belgilar bozorga dastlabki belgilarini berdi, eng kamida o‘sish to‘xtadi, ba’zi mulklar esa kechagidan arzonroqqa sotila boshlandi.

Ammo bugungi kunda yana bir omilni ham hisobga olish lozim: O‘zbekistonga Rossiya va Ukrainadan juda ko‘pchilik vaqtincha (balki doimiy) yashash uchun kelmoqda. Ularning aksariyati ijaraga xonadonlar olishi ijara sektorida jiddiy o‘sishni va taqchillikni yuzaga keltirdi. Shuningdek, balki ijara qimmatligidan, balki kelgusi rejalarni O‘zbekiston bilan bog‘lash tufayli ko‘chmas mulk sotib olayotganlar ham bor. Bu ham balki vaqtincha, balki davomli talabni hosil qilib turibdi. Lekin bu talab harbiy harakatlar qachon tugashiga bog‘liq.

Umuman, uylar savdosi baribir butunlay to‘xtab qolmaydi. Arzon paytida ham, qimmatida ham o‘ziga yarasha xaridlar davom etaveradi.

Avtomobil bozorida nima gap?

Afsuski O‘zbekiston avtomobil bozori erkin bozor tamoyillari emas, ko‘proq ma’muriy boshqaruv ta’siri ostida. Mashinalar narxi UzAuto Motors'ning kayfiyatiga qarab o‘zgaradi. Ya’ni ishlab chiqarish hajmi, navbatlar davomiyligi, narxlarning bozorga qarab emas, “yuqoridan turib” o‘zgartirilishi bu sektorda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada ham asosiy oldi-berdilar AQSh dollarida amalga oshirilsa-da, ayni paytda bu bozorda jiddiy pasayish kuzatilmayapti, aksincha, narxlarda hatto o‘sish jarayoni ketyapti. Chunki dollar qiymatining ortishi oldidan UzAuto Motors narxlarni oshirganini e’lon qilgandi. Bu ikkilamchi bozorlarga ham ta’sir qildi va hozircha pasayish kuzatilmayapti.

Ammo jarayon shunday davom etsa, bu bozor ham qochib qutula olmaydi. Chunki UzAuto Motors qisqa muddat ichida yana narxni oshira olmaydi. So‘m va rublda daromad oluvchilarning avtomobil sotib olishga talabi pasayadi va ertami-kechmi bozorga ta’siri seziladi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: