Men tadbirkorlarni endi-endi oyoqqa qo‘yyapman, hech kimga ularni sindirishga ruxsat bermayman - prezident

Iqtisodiyot 20:35 / 16.03.2022 33548

Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev tizimdagi islohotlar, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida har qanday islohot tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishi zarurligini ta’kidladi.  

«Har qanday islohotlar tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishi zarur. Men endi-endi tadbirkorlarni oyoqqa qo‘yyapman, ularni sindirishga hech kimga ruxsat bermayman.

Soliq tizimi qilich bilan emas, aql bilan, do‘st bo‘lib, ustoz, ko‘makchi bo‘lib ishlasin. Ayniqsa Toshkent shahrida katta imkoniyatlar bor, ularni yuzaga chiqarishimiz lozim. Biz dunyoqarashlarni o‘zgartirishimiz kerak.

Bir vaqtlar 29-sanada pulni qo‘yib, 1-sanada pul qaytarib olish amaliyoti qonunday bo‘lib ketgandi. Samarqandga hokim bo‘lib borganimda qarasam, biror tomondan soliq tushumi yo‘q. Darhol nazoratga olib o‘rgandim, hamma narsa naqd pul bilan amalga oshirilarkan. Ana shunday davrlardan ham o‘tdik. Bugun boshqa davr keldi.

Endi tizimda korrupsiyaga o‘rin yo‘q. Pora olgandan keyin qamash oxirgi va ilojsiz chora. Shunday qilinglarki, pora olishning o‘zi bo‘lmasin», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: