Rossiyaga qarshi sanksiyalar jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Iqtisodiyot 17:54 / 15.03.2022 63341

Logistika xarajatlari qimmatlashadi

Kiritilgan sanksiyalar sabab aviakompaniyalar va dengizda yuk tashuvchi firmalar jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu asosan ikki omil bilan xarakterlanadi. Birinchisi, yonilg‘i narxlari oshishi. Aviakompaniyalar va dengizda yuk tashuvchi firmalarda yonilg‘i narxi ularning umumiy xarajatlarining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Ikkinchi omil, Kollektiv G‘arb davlatlari o‘z hududiga Rossiya aviakompaniyalari kirishini taqiqladi, o‘z navbatida, Rossiya ham Yevropa, AQSh va Kanada samolyotlariga o‘z havo hududidan foydalanishda cheklov joriy qildi. Bu esa qo‘shimcha xarajatlarni anglatadi, chunki aviakompaniyalar oldingiga qaraganda ko‘proq masofa bosib o‘tishga majbur bo‘lishadi. Yakunda pandemiyadan misli ko‘rilmagan ziyon ko‘rgan aviakompaniyalarga bosim yanada ortishi mumkin.

Temiryo‘llarda ham yuk tashish narxlari qimmatlashmoqda. Yevropa kompaniyalariga Rossiya temiryo‘llari orqali harakatlanish taqiqlandi. Bu esa Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi Rossiya orqali o‘tadigan tranzit yuk tashish faoliyatini uzib qo‘yadi.

Energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi

Rossiya dunyo miqyosida neft qazib olish bo‘yicha 3-o‘rinda, tabiiy gaz bo‘yicha 2-o‘rinda va po‘lat, nikel va alyuminiy qazib olish bo‘yicha 5-o‘rinda turadi. Shuningdek, dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi (jahon savdosining deyarli 20 foizi).

O‘z navbatida, Ukraina makkajo‘xori (6-o‘rin), bug‘doy (7-o‘rin), kungaboqar (1-o‘rin) kabi mahsulotlarni yetishtiruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanib, qand lavlagi, arpa va soya yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kiradi.

Ukrainaga hujum ortidan gaz, Brent markasidagi neft, ko‘mir, alyuminiy kabi muhim strategik mahsulotlar narxi rekord darajada qimmatlashdi. Energoresurslar narxi oshishi global iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki narx oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi va boshqa barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi.

Rossiya va Ukraina birgalikda global bug‘doy eksportining qariyb 30 foizini, makkajo‘xori savdosining beshdan bir qismini, kungaboqar yog‘i eksportining qariyb 80 foizini tashkil qiladi. Har ikkalasi ham Yaqin Sharq va Yevropaga bug‘doy yetkazib beruvchi asosiy davlatlardir. Turkiya va Misr Rossiya bug‘doyining eng yirik importchilari hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, Rossiyaga cheklovlar kiritilishi sabab yetkazib berish qiyinlashishi Liviya, Yaman va Livan kabi mamlakatlarda oziq-ovqat narxini yanada oshirib, inqirozli vaziyatni chuqurlashtirishi mumkin.

Shuningdek, neft-kimyo mahsulotlari uchun xomashyo va tabiiy gaz narxlari oshishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun zarur bo‘lgan o‘g‘itlar narxlari sezilarli darajada qimmatlashishiga olib kelishini prognoz qilish mumkin.

Yuqori inflatsiya davom etishi

Ukraina mojarosi va sanksiyalarning iqtisodiy ta’siri dunyo bo‘ylab ko‘pchilik odamlar uchun asosan energiya, metall va oziq-ovqat narxlari oshishi natijasida yuzaga keladigan yuqori inflatsiya ko‘rinishida seziladi. Rasmiy Moskvaga qarshi kiritilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotini bo‘g‘ishga qaratilgan bo‘lsa-da, Belgiya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Avstriya, Portugaliya va Finlandiya kabi davlatlarni o‘z ichiga olgan Yevrohududni ham istiqboldagi qiyin kunlarga tayyorlamoqda. Yevropada yillik inflatsiya darajasi yanvar oyida 5,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida 5,8 foizga yetdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Bunga asosiy sabab sifatida energoresurslar narxi yuqoriligi ko‘rsatilmoqda. Chunki Yevropaning energiyaga bo‘lgan umumiy ehtiyojining 40 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Fevral oyi yakunlariga ko‘ra, AQShda ham oylik inflatsiya 0,8 foizga oshib, yillik inflatsiya 7,9 foizga yetgan. Bu 1982 yil yanvardan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qo‘shma Shtatlarda ham inflatsiyaning eng asosiy omili yonilg‘i narxlari o‘sishi bo‘lib qolmoqda.

O‘z navbatida, G‘arb mamlakatlari tomonidan ham Rossiya iqtisodiyotiga kiritilgan sanksiyalar og‘irlashib bormoqda. Rossiya banklari va davlat korporatsiyalariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar kiritilgani sababli mamlakatning suveren qarzi va markaziy banki aktivlari ham cheklovga tushgan. Rossiya xalqaro rezervlardagi 643 mlrd dollar mablag‘ining 150–200 mlrd dollaridan foydalanishi mumkin. Bu esa rublning keskin ravishda qadrsizlanib ketishiga olib keldi. Rossiya Markaziy banki tomonidan 10 martdan 10 sentyabrga qadar rezident yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlarga o‘z hisobvaraqlaridan 5 ming dollardan ortiq miqdorda naqd valuta (dollar, iyena, funt sterling, yevro) yechib olishga cheklov joriy qilindi.

AQSh Rossiya nefti, suyultirilgan gaz va ko‘miriga taqiq joriy qildi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning bir qancha bankini SWIFT xalqaro tranzaksiyalar tizimidan foydalanishini bloklab qo‘ydi. Shuningdek, Rossiya hududiga naqd yevro va dollar banknotlarini kiritish taqiqlandi. Ko‘plab G‘arb kompaniyalari ruslar bilan ishlashni to‘xtatdi. Ba’zi kompaniyalar buni sanksiyalar yoki biznes yuritishdagi qiyinchiliklar tufayli amalga oshirgan bo‘lsa, boshqalari ochiqchasiga urishayotgan mamlakat bilan ishlashga tayyor emasliklarini bildirishdi. Bu taqiqlar esa Rossiya iqtisodiyotiga mislsiz ziyon yetkazmoqda va bu yana turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Rossiyaga investitsiya oqimi to‘xtashi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 24 fevraldan keyin 300 dan ortiq brend kompaniyalar Rossiya bozorini tark etgan. Ular Rossiya ichki bozorida bir necha yuz minglik ish o‘rinlarini yaratardi va har yili katta miqdorda investitsiya ham kiritgan. Shuningdek, ushbu tashkilotlarda ishlovchi rossiyaliklar mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga qaraganda ancha yuqori maosh olishgan.

Bundan tashqari, Rossiyaning sanksiyalar girdobida qolishi mamlakatga bir necha yillar davomida investorlar kirishini o‘ta riskli qilib qo‘yadi. Rossiya Markaziy banki sanksiyalarga javoban, g‘arblik mijozlari pullarini muzlatib qo‘ydi. Bu esa investorlarning mulk huquqlari himoyalangan boshqa davlatlar tomon siljishiga turtki bo‘ladi.

Hozirgi holatda Turkiyaga singari Rossiyaga qarshi sanksiya qo‘llamagan davlatlar vaziyatdan foydalanib qolishi ham mumkin. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, dunyoning qaysidir joyida Rossiya mahsulotlariga talab paydo bo‘lsa, sanksiya qo‘llamagan davlat Rossiyadan mahsulotni sotib olib, keyin uni qayta uchinchi davlatga sotish orqali foyda ko‘radi.

Brain Drain tendensiyasi

Yangi ilg‘or texnologiyalardan foydalanish ko‘lami kun sayin ortib borayotgan sharoitda yuqori malakali mutaxassislarning mamlakat taraqqiyotini belgilashdagi roli juda ham muhim. Tashqi dunyodan ajratib qo‘yilayotgan Rossiyada ham so‘nggi kunlarda intellektual emigratsiya oqimi kuchaymoqda. Brain Drain tendensiyasi eng yaxshi va istiqbolli ilmiy kadrlar hisobiga sodir bo‘lishini hisobga olsak, bu, albatta, Rossiya yoki Ukrainaning istiqboldagi ilmiy-texnik xavfsizligiga tahdidlarni oshiradi va mamlakatlar iqtisodiyotiga katta zarar keltiradi. Sovuq urush davrida ham SSSR kommunizmidan qochgan olimlar va ziyolilar uchun AQSh va Yevropaning ba’zi qismlari asosiy manzil bo‘lgan edi. Butun dunyoda intellektual resurslar uchun kurash kuchaygan sharoitda, malakali kadrlar mamlakatni tark etishi taraqqiyotga mislsiz ziyon keltiradi.

Texnologiya va aviatsiya sanoatiga ta’siri

Rossiyaga eksport qilinishi taqiqlangan ilg‘or texnologiyalar ro‘yxatiga yarimo‘tkazgichlar, telekommunikatsiya uskunalari, dasturiy ta’minot (shifrlash uchun), lazerlar, aviatsiya va kosmik tizimlar, neftni qayta ishlash mashinalari kabilar ham kiradi. Janubiy Koreya, Yaponiya va Tayvan kabi muhim texnologik mahsulotlar eksportchilari ham sanksiyalarga qo‘shilgani inobatga olinsa, bu o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Rossiya iqtisodiyoti texnologik darajasiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Rossiya oddiy changyutkichlardan tortib yadroviy qurollargacha bo‘lgan barcha turdagi texnologik murakkab mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan uskunalarni xorijdan import qilgan. Sanoatda ishlatiladigan bulutli hisoblash tizimlari, yuqori unumli kompyuterlar, aviatsiya va mudofaa texnologiyalari va neftni qayta ishlash mashinalari mikroprotsessorlari, kontrollerlar, sensorlar va mexanik qismlarni muntazam ravishda almashtirish va yangilash zarur. Ushbu texnologiyalar yetishmasligi nafaqat Rossiya iqtisodiyotini orqaga tortadi, balki uzoq muddatda mamlakatning harbiy salohiyatini ham keskin zaiflashtiradi. Agar sanksiyalar saqlanib qoladigan bo‘lsa, Rossiyada ko‘plab harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonsiz bo‘lib qolishi ham mumkin.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: