«Durov FSB bilan murosa qildi»
Rossiya Davlat dumasi deputati, Axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oleg Matveychev «Pod’yom» nashri bilan suhbatda Rossiya Telegram'ni bloklamoqchi emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram siyosiy jihatdan betaraf va tarafkashlik qilish uchun asosi ham yo‘q. Shuningdek, deputatning fikricha, Pavel Durov Rossiya Federal xavfsizlik xizmati – FSB bilan kelishib olgan.
«Durov FSB bilan murosaga keldi. Albatta, bu mening xo‘jaligimda bilganingizni qiling, qabilidagi kelishuv emas, shunchaki unga insonlar hayoti muhimligi, terrorchilar aynan Telegram orqali muloqot qilishi tushuntirilgan. Tezkor tadbirlar davomida agar terrorchi yoki kimdir kuzatuvga olingan bo‘lsa, [Telegram'ga] so‘rov yuboriladi. Telegram barcha xavfli sub’yektlarni kuzatish imkonini berdigan qurilma o‘rnatgan», degan deputat sensatsion bayonotida.
U Telegram'da Facebook yoki Instagram'da bo‘lgani kabi senzura va manipulyatsiya yo‘qligi, Telegram shunchaki blogerlar uchun maydon va hozircha u bilan hamkorlik qilsa bo‘lishini aytgan.
«Rossiyaga senzura siyosatini qo‘llasa, qotillikka chorlovni e’lon qilishga ruxsat bersa, albatta, Telegram'da ham muammolar paydo bo‘ladi. Durov hozirda katta oqimni qabul qilib olmoqda. Odamlar Facebook va Instagram'dan yoppasiga Telegram'ga o‘tayotgan bir vaqtda Durov uni ham bloklashlariga sabab yaratib nima foyda topadi?» deya qo‘shimcha qilgan deputat.
Pavel Durov ko‘p marta o‘z mesenjyeri eng ishonchli axborot almashish vositasi ekani haqida gapirgan. Matveychevning so‘zlari esa Telegram'ga nisbatan ishonch pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Telegram'dagi «Kod Durova» kanali bu borada messenjer rahbariyatidan munosabat olishga harakat qilgan. Kanalning Telegram rahbariyatiga yaqin manbasi deputatning Durov FSB bilan kelishib olgani haqidagi gapiga shunday javob bergan: «Masxarabozlar».
Bu javobni e’lon qilgan Telegram-kanal Durovning yaqinda o‘z kanaliga joylagan murojaatini qayta o‘qishni tavsiya etgan. «Telegram-kanallar Ukrainadagi voqealar fonida borgan sari tekshirilmagan ma’lumotlar tarqatiladigan makonga aylanib bormoqda. Rossiya va Ukrainadagi foydalanuvchilardan Telegram'da tarqatilayotgan har bir xabarga gumon bilan qarashlarini so‘ragan bo‘lardim. Biz Telegram'dan millatlararo nizo uyg‘otishda vosita sifatida foydalanishlarini istamaymiz», deb yozgandi Durov.
«Kod Durova» kanali Pavel Durovga aloqasi yo‘qligi haqida kanal izohida ham yozib qo‘ygan. Shu bilan birga messenjerdan «haqiqiy» (verified) ko‘k belgisini olgan ushbu kanalda Telegram haqida insayd ma’lumotlar berib boriladi. Messenjer haqidagi rus tilidagi xabarlar ushbu kanalda tarqatilishiga Telegram hozircha raddiya bergani yo‘q.
«Kod Durova» kanali bu borada yana bir xabarni ulashdi. Unda iPhones.ru saytida e’lon qilingan xabar keltirilgan.
iPhones.ru saytida «Eksklyuziv: Telegram Durov FSB bilan kelishganini rad etdi» sarlavhali xabar berilgan. Unda yozilishicha, Telegram vakili Remi Von iPhones.ru bilan suhbatda Pavel Durov va FSB murosaga kelgani haqidagi xabarlarni rad etgan. «Bu bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday qiyin pallada Telegram haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishayotganidan afsusdamiz», deb Remi Vonning so‘zlarini keltirgan «Kod Durova» kanali.
Yana bir manba Telegram'dan ayni damda 700 milliondan ortiq odam foydalanishi, ulardan faqatgina 7-8 foizi rossiyaliklar ekaniga e’tibor qaratgan. Xabarda Telegram «jon saqlash uchun» Rossiya hukumati bilan kelishishi shart emasligi ta’kidlangan.
Pavel Durov Telegram dunyodagi eng ishonchli axborot almashish vositasi ekani haqida ko‘p gapirgan. Taqqos sifatida u o‘z raqobatchisi WhatsApp'ni ko‘p tanqid qilgan. 2021 yil WhatsApp foydalanuvchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni Facebook kompaniyasiga (endilikda Meta) bera boshlashi haqida ma’lum qilgach, foydalanuvchilar yoppasiga Telegram'ga o‘ta boshlagandi.
Bu voqeadan keyin bir necha kun ichida Telegram foydalanuvchilari soni 500 millionga yetgandi. Durov shu bahonada yana bir marta asosiy raqobatchisi manziliga tanqidlar yog‘dirgandi: «Odamlar ortiq texnologik monopollar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishni, ma’lumotlari tarqalish xavfi bilan yashashni istamaydi. Endilikda yarim milliardlik auditoriyaga ega Telegram xavfsizlikni xohlaydiganlar uchun qulay joyga aylandi. Biz bu mas’uliyatni tushunamiz va sizni uyaltirib qo‘ymaymiz», degandi Telegram asoschisi.
Oldinroq Durov foydalanuvchilardan WhatsApp'ni telefondan o‘chirib tashlashni ham tavsiya qilgan. Durov Facebook ko‘p marta josuslik dasturlarida ishtirok etgani haqida gapirib, Telegram muvaffaqiyat sirini aniqlash uchun Mark Tsukerberg butun boshli guruh yollagani haqida gapirgandi. «Ularning isharini osonlashtiray. Muvaffaqiyatimizning bitta siri bor: o‘z foydalanuvchilaringizni hurmat qiling», degandi Durov.
Telegram va Rossiya: birinchi bloklash muvaffaqiyasiz kechgandi
2018 yil Telegram va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgandi. FSB Durovdan maxsus nazoratdagi jinoyatchilarning Telegram yozishmalarini aniqlash uchun ularni shifrdan chiqarishni so‘raydi. Durov esa bu boshqa millionlab foydalanuvchilarning daxlsizligiga raxna solishini aytib, FSB talabiga ko‘nmaydi. Oqibatda Rossiyada Telegram messenjerini bloklash boshlanadi. Dastlabki kunlarda buni uddalashdi ham, ammo keyinchalik qo‘shimcha serverlar yordamida cheklovni «aylanib o‘tgan» Telegram Rossiyada ishlashda davom etdi.
2020 yil iyun oyiga kelib Rossiyada Telegram'ni bloklash to‘xtatildi. Birinchidan, bunga texnik jihatdan erisha olishmadi. Ikkinchidan, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Durov terrorizmga qarshi kurashishini ma’lum qilgach, «Roskomnadzor» Bosh prokuratura bilan kelishgan holda Telegram messenjerini bloklash talabini olib tashlagandi. Ko‘p o‘tmay, Telegram bloklanishining tashabbuskori bo‘lmish «Roskomnadzor»ning o‘zi ham messenjerda kanal ochdi.