Xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadan chiqib ketishi o‘zbekistonlik migrantlarning pul o‘tkazmalariga ta’sir qiladimi?

Iqtisodiyot 11:38 / 13.03.2022 62418

Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatni to‘xtatdi. Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalaridan chet elda foydalanib bo‘lmaydi, xorijda chiqarilgan kartalar bilan ham Rossiyadagi banklar va terminallarda to‘lov qilish imkonsiz. 10 mart kuni Western Union kompaniyasi ham Rossiya va Belarusdagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi.    

Bu esa qaysidir ma’noda  amalda Rossiya moliya tizimi tashqi dunyodan uzilib qolganini anglatadi. Xo‘sh, hozirda Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari qaysi xizmatlardan foydalanib pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. Cheklovlar ularning ham pul o‘tkazmalariga ta’sir qiladimi?

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi tijorat banklari turli tizimlar bilan o‘zaro shartnomalar imzolashgan. Hamma bank bir xil tizimdan foydalanmaydi.

«Kuni kecha Western Union Rossiyadan chiqib ketayotganini ma’lum qildi. Yana qaysidir sanada boshqa tizim ishlamaymiz, deb chiqib ketishi mumkin. Bizda bu borada umumlashtirilgan ma’lumot yo‘q. Shunga ko‘ra, fuqarolar banklarning o‘zi bilan bog‘lanib, aniq ma’lumot olishi mumkin», deya ta’kidladi Markaziy bank axborot xizmati vakili.

«Ipoteka bank» matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hafta davomida bank tomonidan mijozlarga taqdim qilinadigan 6ta to‘lov tizimlarining barchasi: Western Union, Asia Ekspress, «Zolotaya Korona», Ria, Moneygram, Contact bilan hech qanday uzilishlar kuzatilmagan. Rossiya banklari bilan pul o‘tkazmalari bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Yangi haftadan ba’zi tizimlar bilan uzilishlar bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilinmoqda.

«Hamkorbank» matbuot xizmatiga ko‘ra, «Sberbank onlayn» ilovasi oldin qanday ishlagan bo‘lsa, hozir ham shu zaylda ishlamoqda. Rossiyadagi mehnat migrantlari ushbu ilova orqali «Hamkorbank» chiqargan har qanday ko‘rinishdagi (Uzcard, Humo, Visa v.b) kartaga muammosiz mablag‘ yuborishlari mumkin. Shuningdek, «Zolotaya Korona», Unistream, Contact tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari ham mavjud. «Hamkorbank»ning barcha filiallaridan o‘tkazmalarni qabul qilish mumkin.

«Agrobank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Erkin Qahhorovning so‘zlariga ko‘ra, «Sberbank onlayn» ilovasi orqali bankning Uzcard yoki Humo kartalariga muammolarsiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirsa bo‘ladi. Shuningdek, boshqa banklardan farqli ravishda «Agrobank» mobil ilovasi orqali O‘zbekistondan Rossiyaga ham pul yuborish mumkin.

Xalq banki matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bank mijozlari uchun hozirgi vaqtda Rossiyadan pulni o‘tkazish uchun eng asosiy ilova bu «Sberbank onlayn».

«Xalq bankining kartasiga ega bo‘lgan mijozlarda Rossiyadan yuboriladigan pul o‘tkazmasini «Sberbank Onlayn» ilovasi orqali qabul qilish imkoniyati bor. Buning uchun pul yuboruvchi telefoniga kerakli ilovani o‘rnatsa bo‘lgani. «Sberbank» kartalaridan O‘zbekistondagi jami 8ta bank kartalariga pul o‘tkazsa bo‘ladi. Shu jumladan, Xalq banki kartalariga ham», degan bank matbuot xizmati xodimi.

«Sanoatqurilishbank» Contact, Unistream, Asia Ekspress va «Zolotaya Korona» tizimlarining ishtirokchisi hisoblanadi va shu platformalar orqali pul yuborish imkoniyatini taqdim etadi.

«Kapitalbank» mijozlari esa Asia Ekspress ilovasi orqali Rossiyadan pul o‘tkazmalarini qabul qilishi va yuborishi mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 90 foizdan ortiq mehnat migrantlari ayni paytda kartadan kartaga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyati mavjudligi tufayli «Sberbank onlayn» ilovasidan foydalanmoqda. Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush tufayli rubl kursi tushib ketgani va beqarorligi sabab ayrim banklar, xususan «Hamkorbank» va «Apelsin» raqamli banki Rossiyadan yuboriladigan pul o‘tkazmalarini to‘xtatgandi. Hozirda O‘zbekistondagi barcha banklarda yuborilgan pulni qabul qilish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda Rossiyadagi o‘zbekistonliklar pul mablag‘larini rublda yuborishi va O‘zbekiston hududida ushbu mablag‘larni ixtiyoriy valutada qabul qilib olishi mumkin.

Shuningdek, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi ko‘plab tizimlar yo‘lga qo‘yilgan, ba’zi tizimlarda uzilishlar vujudga kelganda, ularning boshqa muqobilidan foydalanish imkoniyati mavjud. Xalqaro to‘lov tizimlarining Rossiyadan chiqib ketishi O‘zbekistonga pul jo‘natishga jiddiy ta’sir qilmaydi.

Avvalroq, Markaziy bank rublning so‘mga nisbatan sotish va sotib olish kursi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilanib, kun davomida zaruriyatga ko‘ra o‘zgartirib borilishi mumkinligi haqida ma’lumot bergandi.

Doston Ahrorov 

Ko‘proq yangiliklar: