Foto: Buxoroda yog‘ingarchilik tufayli qal’a devorining bir qismi qulab tushdi

Jamiyat 18:27 / 13.03.2022 30953

11 mart kuni kechqurun hafta davomida muttasil yog‘ingarchilik kuzatilgani oqibatida Buxoro shahridagi «Talipoch qal’a darvozasi» chap tomonidagi qal’a devorining bir qismi qulab tushgan. Bu haqda Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Holat yuzasidan 12 mart kuni Buxoro viloyati hokimligi, Madaniy meros hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mas’ul xodimlari va boshqarmaning maxsus ekspertlaridan iborat Jamoatchilik Ilmiy maslahat kengashi a’zolari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi.

Unga ko‘ra, XVI asrga tegishli bo‘lgan «Talipoch qal’a darvozasi»ning ushbu qismi 2003 yilda qayta tiklangan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida qal’a atrofidagi devorning chap qanoti ortidagi madaniy qatlamlarning cho‘kishi, qoplama devorlarida yoriqlar paydo bo‘lishi hamda joriy mart oyida kuzatilgan doimiy yog‘ingarchilik devorning cho‘kishi va qulab tushishiga olib kelgani aniqlandi.

«Shu o‘rinda, «Talipoch qal’a darvozasi» joriy yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirda sohaga tegishli rahbarlar va mutaxassislar tomonidan mazkur obektning atrofini o‘rab olish, mazkur hududda yashovchi fuqarolar va obektga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi va ekspertlar tomonidan obektning texnik holati o‘rganilib, uni tez fursatda qayta tiklash choralarini ko‘rish borasidagi tegishli ishlar olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: