Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda ko‘cha bo‘lishni xohlab qolgan otasining bolalariga qaraydiganlar bormi?” sarlavhasi bilan tarqalgan videotasvirlar yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Shohjahon Azimov, Shahbozbek Ma’rufjonov va Ilhomjon Toshmatov oldindan o‘zaro kelishib, ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari va ko‘rishlar sonini ko‘paytirish va soxta mashhurlikka erishish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
Ular 6 mart kuni o‘zlariga tanish bo‘lgan Rahmatillo Musayevga qo‘ng‘iroq qilishib, “Firibgar” nomli qisqa metrajli videorolik ishlashayotganini aytishgan va unga firibgar rolini o‘ynab berishni taklif etishgan.
Uning roziligi bilan Paxtaobod tumani “Durdiyor” MFYda joylashgan 22-uyda firibgar ushlanib, do‘pposlanganlik holati sahnalashtirilgan. Ushbu holatlar Shohrux Qo‘ziyev tomonidan tasvirga olingan.
Shuningdek, ikkinchi tarqalgan videotasvirda Shohjahon Azimov va Ilhomjon Toshmatov ijtimoiy tarmoqlar orqali Shohruxbek Sultonov bilan yozishmalarda o‘zaro tortishib ketish davomida 7 mart kuni Izboskan tumani “Qo‘g‘ay” MFY hududida ko‘rishib orani ochiq qilish maqsadida janjallashishadi.
Ushbu jarayonlar Ilhomjon Toshmatov telefoniga tasvirga olinib tarqatib yuborilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.