Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar tomonidan 300 ming dollardan ziyod naqd xorijiy valutani daftar varaqlari orasiga va kiyimlariga yashirib, olib chiqishga uringan 2 nafar shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berildi. Avvalroq esa, 286 ming dollardan ortiq pulni yeguliklar orasiga yashirib, bojxonadan olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatib qolingandi. Ushbu holatlar ko‘pchilikda turli savollarni keltirib chiqarishi tabiiy. Sababi, fuqarolarning katta qismi valuta olib chiqishga doir tartiblar haqida to‘liq ma’lumotlarga ega emas. Xo‘sh, O‘zbekiston hududiga qancha miqdorda valuta olib kirish va olib chiqish ketish mumkin?
Naqd xorijiy valutani O‘zbekistonga olib kirish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Hozirda jismoniy shaxslar O‘zbekiston hududiga cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valutani olib kirishlari mumkin. Ammo bu ma’lum tartiblarda amalga oshiriladi. Agar olib kirilayotgan naqd xorijiy valutaning jami summasi 70 mln so‘m ekvivalentidan oshsa, buni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishi shart, naqd xorijiy valuta 70 mln so‘m ekvivalentidan kam bo‘lgan holatda esa, og‘zaki deklaratsiyalash orqali olib o‘tilishi mumkin.
Mabodo O‘zbekistonga olib kirilayotgan naqd xorijiy valuta 70 mln so‘mdan ko‘p bo‘lsa va deklaratsiyalash tartibidan o‘tkazilmagan taqdirda, bu holat qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday vaziyatda jami valuta mablag‘lari rasmiylashtirilib, olib qo‘yiladi va tegishliligiga ko‘ra, ma’muriy yoki jinoiy ish materiallari yuritiladi. Naqd valuta mablag‘larining keyingi taqdiri sud qarori bilan hal etiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistondan qancha miqdorda naqd xorijiy valutani olib chiqish mumkin?
Jismoniy shaxslarga ekvivalentda 100 mln so‘mga teng yoki undan oshmaydigan naqd valuta mablag‘larini O‘zbekistondan olib chiqib ketishga ruxsat berilgan.
Bu yerda e’tibor berilishi shart bo‘lgan ayrim jihatlar bor:
70 mln so‘mga teng, ya’ni shu summadan oshmagan naqd xorijiy valutani yozma bojxona deklaratsiyada ko‘rsatmasdan, og‘zaki deklaratsiyalash orqali olib chiqishga ruxsat beriladi.
70 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha ekvivalentdagi naqd xorijiy valutani esa bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan holda olib chiqish shart.
Quyidagi holatlarda 100 mln so‘m ekvivalentidan ko‘p bo‘lgan naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat beriladi:
- rezidentlar – xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan hukumat delegatsiyasi a’zolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
- norezidentlar – respublikaga kirish chog‘ida rasmiylashtirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida deklaratsiya qilingan mablag‘lar doirasida (misol uchun, xorijiy fuqaro O‘zbekistonga kirish chog‘ida 15 ming AQSh dollarini olib kirgan bo‘lsa, bu yerda qanchadir mablag‘ini sarflagach, qolgan qismi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa-da, olib chiqib keta oladi), shuningdek, respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablag‘larning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.
Bu yerda yana bir jihatga e’tibor qaratish juda ham muhim: 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat faqatgina norezidentlarga tatbiq etiladi. Rezidentlarga, ya’ni O‘zbekiston fuqarolariga, qancha miqdorda naqd xorijiy valutani olib kirganlaridan qat’i nazar ( masalan, 50 ming AQSh dollari), 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat etilgan.
Ma’lumot uchun, yuridik shaxslar tomonidan naqd so‘mni va chet el naqd valutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan respublikadagi banklar mustasno.