Rossiyada endi eksportchi korxonalar valuta tushumi ustidan nazorat o‘rnatiladi va rossiyalik rezidentlarga RFdan tashqaridagi banklarga valuta jo‘natish taqiqlanadi. BBC bu nimani anglatishi va qanday ishlashini tushuntirdi.
Putin mamlakatda kapital harakatlanishi ustidan nazorat o‘rnatdi — Rossiyada yashovchilarga pulni xorijiy davlatga o‘tkazish qiyinlashtirildi.
Birinchidan, rossiyalik rezidentlarga xorijiy banklardagi hisobraqamlarga pul o‘tkazish taqiqlanmoqda. Rossiyalik rezidentlar kimlar? Bular – Rossiyadagi yuridik shaxslar, Rossiya fuqarolari, shuningdek, yiliga 183 kalendar kundan ortiq Rossiyada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolardir. (Jumladan, Rossiyada bo‘lib turganiga 6 oydan oshgan mehnat migrantlari ham – tahr.)
Rossiya Markaziy banki 28 fevral, dushanba kuni ertalab valutalarni xorijiy banklarga o‘tkazish korrespondentlik hisobraqamlariga taalluqli emasligini aytdi — bu chora banklar va bank o‘tkazmalari o‘rtasidagi o‘zaro harakatni to‘xtatib qo‘ymaslik uchungina kiritilmoqda. Ammo moliyaviy tashkilotlar norezidentlarga qarz berishi ham taqiq ostiga tushdi.
Ikkinchidan, Rossiya rezidentlariga xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan to‘lov vositalaridan foydalanib, hisobraqam ochmasdan turib pul o‘tkazmalari o‘tkazish taqiqlanadi. The Bell nashrining Rossiya hukumati moliya-iqtisodiy blokidagi o‘z manbasiga tayanib tushuntirishicha, gap xorijiy elektron hamyonlarni to‘ldirish va ulardan pul yechishni taqiqlash haqida bormoqda.
Putin o‘z farmonida qo‘llanilajak choralarni ham belgilab berdi va unga ertalabdan Markaziy bank tushuntirish berdi: eksportchilar 2022 yilning 1 yanvar sanasidan boshlab valuta tushumining 80 foizini valuta bozorida sotishi belgilangan. Bu rublni barqarorlashtirishga xizmat qilishi kerak. Avvallari Markaziy bankning o‘zi valuta intervensiyalari yordamida Rossiya valutasini qulashdan saqlab turardi, ya’ni u valuta sotib, rubl xarid qilardi. Dushanba kuni Markaziy bank rubl xarid qilishni to‘xtatdi, chunki regulyatorning zaxiralari ham sanksiya ostiga tushib qoldi. Endi bu intervensiyalar biznes gardaniga yuklandi.
Kapital ustidan nazoratning ma’nisi nima?
Hukumat amalda kapitalning turli bank vositalari orqali xorijga olib chiqib ketilishini chekladi. Mo‘ljalga ko‘ra, bu valuta mamlakat ichida saqlanishi va rublni yanada qulashdan asrab qolish uchun qilinmoqda.
BBC tomonidan savol berilgan iqtisodchilar bu choraning aks ta’siri haqida so‘zlashgan — iqtisodiyot yanada yopiq bo‘lib qoladi. Xalqaro valuta fondi, reyting agentliklari va boshqalar uzoq vaqt Rossiya iqtisodiyotini rublning egiluvchan kursi uchun maqtab kelishgan — endi esa rubl kamroq konvertlanadigan valutaga aylanadi.
«Sanksiya joriy etganlar bizga rublning konvertatsiyani vayron qilish bilan tahdid qilishgandi, biz esa o‘zimiz o‘zimizga capital controls joriy qilib o‘tiribmiz. Mamlakat rahbariyati qarorlari bilan kapital cheklovlar joriy etildi. Bu – asosiysi. 2005 yilning yozida u bekor qilingan edi. Rubl jahonning ko‘zga ko‘rinarli davlatlari ichida eng erkin konvertlanadigan valuta edi. Bu menga katta yutuq bo‘lib ko‘ringan edi», — degan «PF Kapital» bosh iqtisodchisi Yevgeniy Nadorshin.
«Renessans Kapital» iqtisodchisi Sofya Donets Rossiyaning javob choralarini «yopiq iqtisodiyot sari tashlangan yana bir ulkan qadam», deya baholagan.
«Bu o‘ylashga majbur qiladi, xo‘p, keyin-chi? Bunday olib qaraganda, hammasi kutilayotganidek — kapitalni olib chiqishni cheklash bo‘yicha choralar rubl va banklar uchun ulkan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilinmoqda», — deydi u.
«Bu choralar qandaydir darajada antikrizis choralaridir, — deya gapida davom etadi Nadorshin. — Nima ro‘y bermoqda: agar dengizda to‘fon tursa, bandargohni berkitib qo‘yish — tabiiy istakdek. Ya’ni chora himoyalash uchun, lekin siz tashqi ta’sirni kesib qo‘yasiz, cheklaysiz».
Aksiyalarni qayta xarid qilish
Rossiya kompaniyalari yil so‘ngiga qadar birjadan o‘zining arzonlagan aksiyalarini xarid qilishlari mumkin, deyiladi Putinning farmonida. Bu qayta xarid qilish, deb ataladi.
U bir necha shartlar bajarilganda imkonli, xususan, aksiyalar qiymati va fond indeksi 20 foiz va undan yuqori pastlaganda. Yana bir shart — aksiyalar ochiq aksiyadorlik jamiyati topshirig‘i bilan brokerlar tomonidan sotib olinishi.
Yevgeniy Nadorshin aksiyalarni qayta xarid qilish ichki bozorni qo‘llab-quvvatlash uchun juda yaxshi chora, deya baholagan.
«Payshanba kuni ichki aksiya va obligatsiya bozorida juda ko‘p «qon to‘kildi». Ko‘plab chakana investorlar bu tufayli jabr ko‘rdi. Biroq ichki bozorga shu ongacha hech qanday yordam ko‘rsatilgani yo‘q edi», — deydi u.
«Rayffayzenbank»ning makrotahlilchisi Stanislav Murashovga ko‘ra, farmon xorijiy kontragentlar bilan hamkorlikni amalda taqiqlamoqda. «Bu chora baybek sharoitida ularning narxi keyinchalik o‘sganda aksiyalarni sotishga yo‘l qo‘yilmasligi uchun qilinmoqda», — deydi u.
Markaziy bank allaqachon rossiyalik brokerlarga xorijiy mijozlarning qimmatbaho qog‘ozlarni sotish borasidagi barcha topshiriqlarini to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi. Bu ko‘rsatma yarim yil amal qiladi.
Shuningdek, dushanba kuni vazirlar mahkamasi antisanksiya hujjatlarini tayyorlash muddatini qisqartirganini e’lon qildi. Endi ijroiya hukumatning federal organlari hukumatga tegishli farmoyishni olganidan so‘ng bunday hujjatlarni 24 soat ichida tayyorlab topshirishlari kerak.
Paydar-pay sanksiyalar
So‘nggi bir necha kun ichida AQSh va Yevroittifoq Rossiyaga qarshi bir necha sanksiyalar paketini joriy qildi.
Rossiyaning yirik banklari — VTB, «Sber», Gazprombank va bir nechta xususiy banklar Sovkombank va MKB sanksiyalar ostida qoldi. Cheklovlar banklarning xorijdagi 90dan ortiq shu’balariga ham taalluqli.
Sanksiyalar Rossiyaning RJD, «Sovkomflot», OAK, OSK, «Kamaz» va «Kalashnikov» konserni kabi yirik kompaniyalariga ham joriy etilgan.
O‘tgan shanba kuni Yevroittifoq davlatlari, AQSh, Kanada va Britaniya sanksiyalar ostiga tushgan Rossiya banklarini SWIFT tizimidan uzish haqida ham kelishib olishdi. Qo‘shma bayonotda bu chora Rossiya moliyaviy tashkilotlarining «global miqyosda ishlash» qobiliyatiga raxna solishi qayd etilgan.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen yana bir qat’iy chorani tilga olgan: ittifoqchilar Rossiya banki aktivlarini muzlatishga kelishib olishgan. Oltin-valuta zaxiralaridan foydalana olmaslik Markaziy bank qo‘l ostidagi banklarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga monelik qilibgina qolmasdan, bozorga intervensiya bilan chiqish hamda rubl kursini boshqarish imkoniyatidan ham mahrum etadi.