Sanoat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish yuqori samaradorlikka erishishni ta’minlaydi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida umumiy qiymati 357,5 mln AQSh dollari bo‘lgan “OKMK asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish” dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida kombinatning Mis boyitish fabrikasi uchun modernizatsiya ishlariga 179,4 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltiriladi.
Dasturga muvofiq, fabrikaning Maydalash va yanchish bo‘limlarida maydalagichlar, g‘alvirlar to‘liq almashtirilib, rudani qayta ishlashda birlamchi ko‘zlangan natijalarga erishildi.
MBF texnik ishlab chiqarish bo‘limi yetakchi muhandisi Shahzod Yuldashevning ma’lum qilishicha, Yanchish va flotatsiyalash sexida yangi, yiliga 4 mln tonna qayta ishlangan ma’danlarni boyitish quvvatiga ega 7-sonli monoseksiya qurilyapti. Hozirda asosiy texnologik uskunalarni montaj qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu monoseksiya 2022 yil 31 mart kuni ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Monoseksiyaga yangi flotokameralar olib kelingan. Flotatsiya jarayoni 21 daqiqadan 25 daqiqaga uzayib, mahsulot olish unumdorligi oshadi. Bundan tashqari, 2022 yilda to‘liq ishga tushishi rejalashtirilgan 5-sonli flotatsion monoseksiyani kengaytirish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Hozirda yer tayyorlash ishlari bajarilyapti. Barcha zarur texnologik uskunalar keltirilib, pudratchi tashkilotlar jalb qilingan.
Dastur doirasida MBF Yanchish va flotatsiya sexining 7-monoseksiyasida eng zamonaviy avtomatlashtirilgan uskunalar jamlanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda yagona bo‘lgan “zorkiy glaz”, ya’ni “o‘tkir ko‘z” deb nomlangan yangi uskuna o‘rnatilmoqda. Bu uskuna flotatorlar ishtirokisiz, maxsus o‘rnatilgan kameralar orqali flotatsiya jarayonlarini nazorat qilish imkonini beradi. Flotatsiya jarayonlarida hosil bo‘lgan pufakchalarning rangiga, o‘lchamiga qarab, flotamashinaning o‘zi kerakli choralarni ko‘radi. Masalan, ozroq reagent qo‘shishi mumkin yoki bo‘lmasa flotakamera ichidagi bo‘tananing miqdorini kamaytirishi yoxud ko‘paytirishi mumkin. Bu esa texnologik jarayonda reagentlarni ratsional ishlatish, ma’danlar orasidan misni ajratib olish bo‘yicha yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi.
Shuningdek, Mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexida yangi quyultirgichlar qurilyapti. 4 dona yangi zamonaviy turdagi quyultirgichning afzalliklari shundaki, to‘liq avtomatlashtirilgan, quyuq cho‘kindini aralashtiruvchi uskuna(ferma)si markaziy yuritgichdan harakatga keltiriladi va ushbu aralashtiruvchi uskuna x ordinata o‘qi bo‘ylab harakatlana oladi. Natijada quyultirish jarayonidan keyingi filtrlash jarayoni uchun belgilangan namlik ko‘rsatkichi bir me’yorda uzluksiz bajarilib, ish unumdorligi 30%ga oshadi. Bu quyultirgichlar 2022 yilning oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Ts-28 quyultirgichini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Olib borilayotgan modernizatsiya ishlari mazkur korxonaga yuklatilgan 37 mln 500 ming tonna rudani qayta ishlash vazifasini hamda rudadan misni ajratib olish darajasini 86,7 foizga yetkazishda va boshqa metallar bo‘yicha qo‘yilayotgan talablarni sifatli bajarish imkonini beradi.
Reklama huquqi asosida