Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari jamiyatga tegishli konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.
2021 yilda boshqarma tomonidan uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi hisobiga 36 ta quduq burg‘ilandi, 56 ta quduq mukammal ta’mirlandi, 5 ta texnologik obektlar qurib ishga tushirildi. Natijada esa, qo‘shimcha tarzda yana 1 353,0 mln kub metr tabiiy gaz va 30,6 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish bo‘yicha geologik izlov-qidiruv yo‘nalishida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan “G‘arbiy Quyi Surgil” koni 2- sonli, “Sirsuar” maydoni 2- sonli va “Quyi Surgil” konidagi 8-, 10- sonli quduqlarda va ushbu kondagi 23-sonli ishlatish qudug‘ida olib borilayotgan burg‘ilash ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Mas’ul tashkilot rahbarlari va tegishli departament boshliqlari bilan burg‘ilash ishlari holati muhokama qilinib, ishlarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Quduqlarni kapital ta’mirlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar holati “Shimoliy Berdaq” koni 82-sonli va “Sharqiy Berdaq” koni 14-sonli quduqlarda olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan tanishish jarayonlarida muhokama qilindi hamda kapital ta’mirlash, quduqlarda intensifikatsiya ishlarini olib borishni jadallashtirish bo‘yicha zarur maxsus texnikalarni xarid qilib yetkazib berish, kapital ta’mirlash ishlarining samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida ishlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.
Boshqaruv raisi 2022 yilda 4 696,9 mln kub metr tabiiy gaz va 65,0 ming tonna gaz kondensati qazib olishda belgilangan barcha rejalarni amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘rish lozimligi bo‘yicha boshqarma rahbariga topshiriqlar berdi.
Shuningdek, “Sharqiy Berdaq” kompleksidan “Buxoro-Urol” magistral gaz quvurigacha bo‘lgan quvurning gaz o‘tkazish quvvatini oshirish maqsadida, qurilish ishlari boshlangan qo‘shimcha 22 km diametri 530 mm lik gaz quvurida olib borilayotgan ishlar holati ham joyiga chiqib o‘rganildi.
Hozirda ushbu qurilish-montaj ishlari uchun zarur bo‘lgan diametri 530 mm lik gaz quvuri uchun 22 km po‘lat quvurlar yetkazib berilib, quvurning qariyb 8 km qismida payvandlash ishlari bajarilgani bo‘yicha mas’ullar hisoboti tinglandi.
Loyiha bo‘yicha qurilish ishlarini tezlashtirish uchun zarur quvur armaturalarini yetkazib berish va pudratchi tashkilot tomonidan qurilish-montaj ishlarini qisqa fursatlarda tugallab, gaz quvurini ishga tushirish borasida boshqarma rahbariyati va departament boshliqlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif davomida “Ishchi guruh” tomonidan “Arslon” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida gazni kompeks tayyorlash jarayonlari ham o‘rganildi, kompleksning quvvatini oshirish maqsadida qo‘shimcha yillik quvvati 1,0 mlrd kub metr bo‘lgan gazni past haroratda separatsiyalash tarmog‘ini qurish bo‘yicha ishlar muhokama qilindi.
Ushbu tarmoqni amalga oshirish uchun mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanish, xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi “Pomuq” kompleksidan texnologik uskunalarni yetkazib berish, loyihani ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini olib borish bo‘yicha tegishli departament hamda boshqarma boshliqlariga topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, belgilangan rejalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida, joriy yilda 25 ta quduqni burg‘ilash, 44 ta quduqni mukammal ta’mirlash, 5ta texnologik obektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida esa, qo‘shimcha 1 140,0 mln kub metr tabiiy gaz hamda 19,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishish maqsad qilingan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ