SSV Navoiyda bobosi bilan eskalatordan tushib ketgan 3 yoshli bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi

Jamiyat 13:30 / 23.02.2022 32128

Navoiy shahrida joylashgan «Yangi hayot» savdo majmuasidagi eskalatordan bobosi bilan pastga qulab tushgan 3 yoshli bolaning ahvoli haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 23 fevral holatiga ko‘ra, bemorning umumiy holati dinamikada yaxshilanib bormoqda. Ayni paytda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining tajribali shifokorlari tomonidan standart bo‘yicha muolajalar davom ettirilyapti.

Shuningdek, bolaning ahvoli Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan kunlik nazorat qilib borilmoqda.

Bemor yaqin kunlarda reanimatsiyadan bolalar bo‘limiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hodisa 18 fevral kuni soat, taxminan, 20:30 da sodir bo‘lgandi. Ular majmuaning 5- va 4-qavatlari oralig‘idagi eskalatorda muvozanatini yo‘qotib, 1-qavatga yiqilgan.

1969 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan 3 yoshli nabira A.T. esa zudlik bilan viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgandi.

Shundan so‘ng unda standart bo‘yicha nevrologik, ultratovush va bosh miya MSKT kabi qator tekshiruvlar amalga oshirilib, qo‘shma jarohat, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, o‘rta og‘ir darajasi, peshona sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng tomonlama chanoq suyaklari sinib siljishi, o‘ng o‘pka lat yeyishi, chap son pastki uchligi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: