“Ichki tartib-qoidalar Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi lozim” - faollar maktabdagi soch oldirish haqida

O‘zbekiston 09:53 / 24.02.2024 16614

Navoiy shahridagi maktablardan birida o‘quvchilar sochini olish “tadbiri” o‘tkazildi. Bolalar ombudsmani buni bolaning shaxsiy daxlsizlik huquqi, sha’ni va qadr-qimmatiga tahdid deb atadi. Jamoatchilik faollari davomat va bu kabi “tashabbus”lar bilan ta’lim sifatiga erishib bo‘lmasligini aytmoqda.

Soch oldirish “tadbiri”

23 fevral kuni Kun.uz o‘z manbasiga tayanib Navoiy shahridagi 2-maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgani haqida xabar berdi. Bu ish maktab direktori Nurqobil Yusupovning tashabbusi ekani, uning topshirig‘i bilan maktabga sartarosh chaqirilgani aytilmoqda.

Holat bo‘yicha Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova izoh berib, boshqarma bu vaziyatni umuman oqlamasligini aytdi.

O‘zi shu maktab direktori bilan kecha gaplashgandim, maktab faoliyatini to‘liq o‘rganamiz. Bu holat umuman mumkin emas. Bunday direktor ishda qolishi ham mumkin emas aslida. Maktabda o‘quvchining sochiga tegishga umuman haqqi yo‘q. Bu pedagogning etika qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi”, – dedi boshqarma boshlig‘i.

Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayev esa Milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi bo‘lishganini bildirgan.

Biriktirilgan xodimlarimiz davomat nazorati uchun maktabga borganida ushbu holatning ustidan chiqishgan. Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni to‘xtatishni hamda o‘quvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, – dedi Kubayev.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham holatni qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab ma’muriyatining bunday harakatlarga yo‘l qo‘yishi mutlaqo mumkin emas.

Birinchi navbatda, bu umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining odob-ahloq qoidalariga zid. Muhimi esa bu bolaning konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqi hamda uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi. Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur”, – deyiladi bola huquqlari bo‘yicha vakilning bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa ta’lim muassasalarida ham yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Faollar nima deydi?

Ta’lim bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilov vaziyatga munosabat bildirib, bu holatda vazirlikning mas’uliyatiga e’tibor qaratdi.

Maktab direktorlari nima qilayotgani, maktabda qanday muhit o‘rnatayotgani, o‘quvchilar ustidan noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirayotganini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilmaydi – OAVda yoki ijtimoiy tarmoqlarda “yong‘in” chiqqach, munosabat bildiradi.

Ta’limga mas’ul idoralar shu darajada ko‘pki, muammo chiqsa, hammasi o‘zini chetga olishi, “koptokni” bir-biriga otishi mumkin. Masalan, “soch oldirish” marosimida Milliy gvardiya xodimi qarab turibdi, lekin ular go‘yoki “jarayonni to‘xtatishga harakat qilgan”, – deydi u.

Yana bir ta’lim eksperti, pedagog Shokir Tursun esa o‘quvchilarning o‘sgan sochi ta’lim jarayoniga qanday ta’sir qilishi tushuntirib berilishi kerakligini aytmoqda. Uning fikricha, qizlar misolida bunday asosning o‘zi yo‘q, aslida ta’limning sifati muammoning asl ildizi bo‘lishi kerak.

Bu maktabning ichki tartib-qoidasi deyishingiz mumkin. Lekin ichki tartib-qoidalar konstitutsiyaga, inson erkinligiga zid bo‘lmasligi lozim. Odam o‘zining sochi qanday turmaklanishini hal qila olmasligi bu uning konstitutsiyaviy huquqining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Ichki tartib-qoidaning sochga aloqador qismi konstitutsiyaga zid emasmi?

Bu bolalarning sharmanda qilinishi ortidan olgan ruhiy travmalari bilan kim shug‘ullanadi? Shu bolalar endi maktabni sevib qoladimi? To‘g‘ri, maktablarda davomat past, tartib-intizom yomon. Ammo Milliy gvardiyaning usullari vaqtinchalik chora xolos. Gvardiya yo‘q bo‘lgan kuniyoq intizom va davomat yana avvalgi holiga qaytadi”, – deydi u o‘z kanalida yozgan postda.

Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham maktab qamoqxona emasligini, Navoiydagi holat “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning buzilishi hisoblanishini aytgan.

Afsuski Milliy gvardiya ham maktablarga qamoqxona qiyofasini bermoqda”, – deb tavsiflaydi suratdagi holatni u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov “Yo‘l-yo‘l pijamadagi bola” filmidan olingan kadr va Navoiydagi voqea suratini ketma-ket joylashtirib, shunday deb yozdi:

Erkin bolada soch bo‘ladi.

Qamoqdagi bolaning sochi majburiy olinadi”.

“Yo‘l-yo‘l pijamadagi bola” filmi bosh qahramonlari. Konslagerdagi Shmuel ismli yahudiy bola fashistlar Germaniyasi amaldorlaridan birining o‘g‘li Bruno bilan shashka o‘ynayapti.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning fikricha, maktab rahbarlari, ayniqsa o‘qituvchilar faqat va faqat o‘z fanini bolalarga puxta o‘rgatish bilan mashg‘ul bo‘lishsagina hammasi joyiga tushib ketishi mumkin.

Maktabga sochingni o‘stirib kelibsan”, “krossovka kiyib kelibsan”, “forma kiyib kelmabsan” deya o‘quvchilarni terror qilish bilan ko‘zlangan maqsadga ham erishib bo‘lmaydi, pedagog obro‘ ham qozonmaydi”,– deydi u.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Navoiy shahridagi 6-maktabda o‘qituvchi bolalarning ota-onalariga videomurojaat yo‘llab, maktabga krossovka kiyib kelish mumkin emasligini aytgandi. Bunga javoban vazirlik ta’lim muassasalarida oyoq kiyim, aynan krossovka bilan bog‘liq biror bir cheklov yo‘qligini ma’lum qilgandi.

O‘quvchilar kiyinishi qaysi hujjatlar bilan tartibga solinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi qarori bilan, o‘quvchilarning maktab formasi va tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablar tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qiz bola o‘quvchilar tanasiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlari ham mumkin emas.

Shuningdek, hujjatda qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik ham ko‘rsatilgan, ammo u faqat forma kiyish bilan bog‘liq holatlar uchunligi aytilgan. Talablarga rioya qilmaslik ta’lim muassasasining ichki tartib qoidalarini buzish hisoblanadi. Buning uchun o‘quvchiga ogohlantirish berilishi, kundalikka eslatma yozilishi, ota-onalar xabardor qilinishi va holat ota-onalar ishtirokidagi yig‘ilishlarda muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: