Navoiyda 162 xonadonli “novostroyka” 425 kishiga sotilgan. Jabrlanuvchilar tergovdan norozi

O‘zbekiston 20:52 / 30.11.2024 14790

Kun.uz’ga Navoiy shahrida yashovchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Unda aytilishicha, “Bright Industry Buldings The Future” MChJ ta’sischisi va rahbari Mehroj Rahmatovga jinoyat ishi ochilgan. Merey Omonboyeva ishida jabrlanuvchi bo‘lgan tadbirkor juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Mehroj Rahmatov Navoiy shahrida 148 ta xonadon va 14 ta savdo do‘konini jami 425 kishiga sotgan. 263 kishining sotuvdan tushgan pul mablag‘larini esa o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab, talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan 2024 yil 20 avgustda Navoiy shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Mehroj Rahmatovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish 26 avgustda Navoiy viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida Mehroj Rahmatovga tegishli bo‘lgan 12 ta ko‘chmas mulk, jumladan, bolalar bog‘chasi, beton ishlab chiqarish zavodi, issiqxona, baliqxona binolari, shuningdek, 8 ta transport vositasi xatlangan. 

Yetkazilgan zarar qoplanmagan. Puliga kuyib qolayotganlar soni va zarar miqdori juda ko‘p bo‘lishiga qaramay jabrlanuvchilar MChJ mas’ullari qamoqqa olinmayotganidan norozi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasiga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim. Biroq 20 avgustda ochilgan jinoyat ishi hamon tergovda. Tergovning muddatida yakunlanmaganiga ikki sababdan birini keltirish mumkin: viloyat prokurorining roziligi bilan tergov muddati uzaytirilgan yoki ish bo‘yicha ayblanuvchini (yoxud uning qayerda ekanini) aniqlash imkoni bo‘lmagani uchun harakatdan to‘xtatilgan.

Jabrlanuvchilarning murojaatiga asosan holat bo‘yicha “Sevimli” telekanali muxbiri jurnalistik surishtiruv harakatlari o‘tkazishga kirishgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, viloyat prokurori A.Mirzayev shaxsan muxbirni o‘z xonasiga chaqirib, tayyorlagan lavhasini efirga bermaslikni so‘ragan. Muxbir buni rad qilgach, viloyat prokurori telekanal rahbariyatiga xat kiritgan.

Xatda ayni kunda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlanmagani, muxbir tomonidan tayyorlangan lavha efirga uzatilsa tergov harakatlariga xalaqit berib qo‘yishi mumkinligi bildirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: