Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov yaqinda joriy qilingan QQS kaliti bilan yuzaga kelayotgan ikkita muhim muammo haqida gapirdi.
“QQS kalitini olish haqidagi arizalar bir oygacha cho‘zilib ketmoqda”
— QQS kaliti QQS to‘lovchisi bo‘lmaganlarga hisob-faktura berish imkoniyatini cheklash va “obnal”ning oldini olishga xizmat qilishi kerak edi. Ammo bizning kuzatuvlarimiz va (tadbirkorlardan) murojaatlar QQS kalitidan korxonalarni jazolovchi va tadbirkorning ishini to‘xtatuvchi richag sifatida foydalanilayotganini ko‘rsatmoqda.
Masalan, ikki tashkilot barobar ochildi, bir xil faoliyat yuritmoqda. Ikkalasi ham QQS to‘lovchisi bo‘lish uchun ariza topshirdi. Birinchisining arizasi qaysidir tumandan bir haftada berilyapti, ikkinchisiniki esa bir hafta emas, bir oylab qolib ketmoqda. Korxona QQS to‘lovchisi deb tashkil etilgan, bir oy davomida unga kalit berilmayapti, lekin bu orada korxonaga importdan tovar kirib keldi. QQS to‘lovchisi bo‘lgan korxonaga tovar kirib kelgani uchun QQS bilan hamma narsasini kirim qildi, lekin hisobga ola olmaydi. Tovarlarni kirim qilib bo‘lgandan keyin QQS kaliti berilmoqda.
Shu sababli, “Sen QQS to‘lovchisi bo‘lgan vaqtingda kaliting yo‘qligi uchun importdagi QQSni hisobga ololmaysan” degan holatlar bo‘lmoqda. Qarabsizki, raqobat ikki xil bo‘lib qoldi: bir xil tovarni olib kelgan kimdir bemalol uni 100 so‘mga sota oladi (QQS bilan) ikkinchi korxona 115 so‘mga sotadi. Bu ikkinchi korxona bankrot bo‘ldi degani.
Kalit uchun ariza berilsa, bir oylab ko‘rib chiqilmayapti. U korxona qurilish yoki boshqa bir holatda shartnoma qilib qo‘yib ishlamoqda. Qonunchilik bo‘yicha, uzoq muddatli qurilish ishlarini amalga oshirishda har oylik hisob faktura qilib borish kerak. Yanvarning o‘rtasida ariza bergandan keyin yanvar yakuni bo‘yicha hisob-faktura berish kerak, u QQS bo‘yicha hisob-faktura beraman deb turibdi, lekin unga QQS to‘lovchisi sifatida kalit berilmagan. Korxonaning avtomatik ravishda hisob-faktura berish imkoniyati cheklanib qolmoqda.
Biz (tadbirkorlarga) “kontragentingizga menga noma’lum sabablarga ko‘ra QQS kaliti berilmagani sababli senga hisob fakturani vaqtincha berolmayman” deb yozinglar deb maslahat berishga majbur bo‘lyapmiz.
“Jismoniy shaxslarga ham QQS to‘lovchisi degan guvohnoma berilmoqda, bu yuridik shaxsni jazolashga asos bo‘lyapti”
— Amaliyotda jismoniy shaxs STIRi bilan unga QQS to‘lovchisi deb guvohnoma berib yuborishyapti. Jismoniy shaxs o‘zining mulkini sotgandan keyin bemalol QQS bo‘yicha hisob-faktura bermoqda. Ikkinchi tomon qabul ham qilyapti. O‘zi maqsad QQS to‘lovchisi bo‘lmagan odam QQS bo‘yicha hisob-faktura berish imkoniyatini cheklash va nazorat qilish edi, lekin bu shaxs yoki dastur xatosimi – QQS to‘lovchisi bo‘lmaganlarga kalit berilyapti. Jismoniy shaxs QQS bo‘yicha hisob-faktura bergach, buning uchun “endi sen uni to‘lab berasan" deb korxonani jazolashyapti.
Raqobatni cheklash uchun QQS kalitidan foydalanilyaptimi?
— QQS kalitidan jazolovchi yoki xohlagan paytda o‘chirib, xohlagan paytda yoqadigan richag sifatida foydalanish emas, aynan QQS to‘lovchisiga ruxsat berish yoki “obnal” qilishning oldini olish uchun xizmat qilishi kerak. Faqat shu ikki funksiyasini bajarib qo‘ya qolsin, bo‘ldi. Tadbirkorlikka xalaqit qiladigan darajada bo‘lmasin.
Amaliyotda shunday holatlar ham bo‘ldiki, “raqobatchimga nisbatan “obyom”im katta bo‘lib ketayotgani bois kalitimni to‘xtatib qo‘ydi”, degan gumonlargacha borishmoqda. Balki unaqa emasdir, lekin ikkitasi bitta joyda ishlab turibdi, bittasining kaliti bloklab qo‘yildi: asos bo‘lgan, bo‘lmagan taqdirda ham.
Kalit bloklanganda hisob-faktura berish imkoniyati cheklanib, bir tadbirkor bozordan chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada tadbirkorda soliq organlarining faoliyatiga nisbatan katta shubha va gumonlar uyg‘onyaptiki, raqobatchimga nisbatan kuchsizlantirish uchun QQS kalitidan foydalanilyati degan gumonlarga ham borishmoqda.
- Avvalroq, Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga DSQ raisi Sherzod Qudbiyev o‘tkazgan anjumandan keyin yechilmay qolgan masalalar xususida gapirib, soliq tizimidagi og‘riqli muammolarni sanagandi.
- Biznes va hukumat o‘rtasida 2022 yilgi soliq o‘zgarishlari tufayli rezonans avj olgan yanvar voqealaridan keyin, hukumat biznes tomonga qadam tashladi va o‘zgarishlarga tuzatishlar kiritdi.