Eskalatordan qulayotgan bolalar: Texnik qurilmadan xavfsiz foydalanish uchun kimlar mas’ul?

Jamiyat 12:34 / 22.02.2022 28070

Navoiy shahridagi «Yangi hayot» savdo majmuasining yuqori qavatidan tushish vaqtida bobo va nevara eskalatordan pastga quladi. Bobo voqea joyida vafot etgan, 3 yoshli nevara tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

xgN6moFPJ0X-pYm3LEh0IaThXg0HTTZX.png (695×393)

Bu O‘zbekistonda savdo majmualaridagi eskalatordan qulash bilan bog‘liq birinchi voqea emas. 2017 yili Andijon shahridagi xuddi shunday savdo majmuasida ham eskalatordan tushayotgan ona qoqilib, bolasini to‘rtinchi qavatdan pastga tushirib yuborgan. Bolaning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

andij1.jpg (800×533)

Eskalator — xavfli texnik qurilma

O‘zi eskalatorlar ko‘proq savdo markazlari, metro, aeroportlarda o‘rnatiladi. Toshkentda ayrim joylarda piyodalar yerusti o‘tish yo‘llarida ham qo‘llangan, ya’ni odamlar oqimi ko‘p bo‘lgan joylarda. Uning vazifalaridan biri — oqimni tartibga solish.

Umuman olganda, xuddi liftlar singari eskalatorlar texnik uskuna bo‘lib, undan pastga qulab ketishdan bo‘lak yana bir qancha xavfli holatlar yuzaga kelishi mumkin.

Jumladan:

  • harakatlanadigan perilada qo‘l qisilib qolishi;
  • harakatlanuvchi zinalarda oyoqning qisilib qolib ketishi;
  • uzun kiyimlarni zinalar ilib tortib ketishi;
  • harakatlanuvchi zinalarning to‘satdan tezlashib ketishi yoki to‘xtab qolishi ortidan inersiya tufayli insonning yiqilib tushishi va hokazo.

Shuning uchun odamlar undan foydalanayotganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerak. Bilmaganlar va e’tiborsizlarga esa bot-bot eslatib turish zarur.

Foto: Stock.adobe.com

Oldinga o‘tib, aytish mumkinki, Andijon va Navoiyda ro‘y bergan voqealarda umumiy jihatlar bor: har ikki savdo majmuasida eskalatorlar fuqarolar xavfsizligi ta’minlanadigan qilib o‘rnatilmagan. Har ikki holatda jabrlanuvchilar eskalatordan foydalanish qoidasini bir xilda buzishgan — TUShAYoTGANDA bolasini ko‘tarib olishgan.

Savdo majmualarida eskalatorlar to‘g‘ri o‘rnatilganmi?

Bu savolga «yo‘q», deya keskin va bir ma’noli qilib javob berish qiyin. Yurtimizda keyingi vaqtlarda juda ko‘paygan 4-5 qavatli savdo majmualarining yuqori qavatlariga olib chiquvchi «o‘ziyurar zinalar» — eskalatorlar shu tarzda o‘rnatilmoqda.

Biz eskalatorlarni bu tarzda o‘rnatishga monelik qiluvchi texnik reglamentni axtarib topa olmadik (Navoiydagi fojiani prokuratura o‘rganmoqda. Balki ular kerakli mutaxassislarni jalb qilib, masalaning bu tomoniga ham huquqiy baho berishar).

Andijon va Navoiydagi savdo majmualarida eskalatorlar ustma-ust, galereya tarzida o‘rnatilishi tufayli ularning bir tomonida ulkan «jarlik» hosil bo‘lgan.

Navoiydagi savdo majmuasida tashrifchilar liftdan ham foydalanishlari mumkin ekan. E’tibor qarating: 5-qavat sathigacha chiqadigan balandlikka chiquvchi lift kabinalari to‘liq himoyalangan. Lekin deyarli shu ishni qiladigan eskalatorning «jarlik»ka qaragan xavfli tomoni to‘liq himoyalanmagan — beldan yuqori qismi ochiq.

Galereya tipida barpo etilgan binolar —mehmonxonalar, savdo majmualarida pastga tushib ketishdan asrovchi himoya to‘sig‘i balandroq bo‘ladi — ko‘krak balandligigacha. Lekin eskalatorda perila balandligi qoida tarzida pastroq bo‘ladi — qo‘l bilan ushlab tushish qulay bo‘lishi uchun.

E’tibor bergan bo‘lsangiz metro, aeroport va ko‘plab savdo markazlarida eskalatorlarning yo ikki tomoni to‘silgan bo‘ladi, yoki qulab tushish o‘lim bilan tugashi ehtimoli past bo‘lgan balandlikda barpo etiladi. Boshqa ko‘plab savdo majmualarida esa — eskalatorlar ustma-ust tarzda emas, bir qavatdan ikkinchisiga o‘tish uchun turli joylarda o‘rnatilgan.

Savdo majmualarida bolalar o‘ynaydigan geym-zonalar va tamaddi qilish maskanlari esa asosan eng baland qavatda qilinadi. O‘z-o‘zidan, bolasini ko‘tarib katta qilishga o‘rganib qolgan o‘zbeklar bolalarni eskalatorda ham ko‘tarib chiqishga harakat qilishadi. Bu — qoidaga zid.

Chunki eskalatorning to‘sig‘i u qadar baland emas — qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan sathda. Qo‘lda ko‘tarib olingan bolakay to‘satdan sapchisa, yoki uni ko‘tarib olgan kishi kutilmaganda muvozanatni yo‘qotsa bola pastga qulashi mumkin, xuddi Navoiy va Andijondagi kabi. Ota-onalar bu borada juda ehtiyotkor bo‘lishlari talab etiladi.

Davlat standartlarining xavfsizlik qoidalari bo‘limida ham bolalarni harakatlanuvchi zina ustida turg‘izib olib chiqish va shunday tushish shartligi qayd etilgan.

Darvoqe, bu borada O‘zbekistonda davlat standarti qabul qilinganmi yo‘qmi — internetni titib, O‘zbekiston uchun amaldagisi va o‘zbek tilidagisini topa olmadik. Ammo Rossiya Federatsiyasida va jahonda bu standartlar allaqachon qabul qilingan.

Jahonda eskalatorlar va yo‘lovchi konveyerlarining qurilmasi va o‘rnatilishiga doir xavfsizlik talablari EN 115-1:2008 bo‘yicha, Rossiyada GOST R 54765-2011 bo‘yicha belgilangan.

Liftlar, eskalatorlar va yo‘lovchi konveyerlarini tahlil qilish va xavfini kamaytirish metodologiyasi jahonda ISO/AWI 14798-1, Rossiyada GOST R 53387-2009 bo‘yicha tartibga solinar ekan.

 Xulosa o‘rnida

Albatta, bunday noxush voqealar har kuni, yo har oyda ro‘y berib turgani yo‘q. Lekin insonning e’tiborsizlik oqibatida o‘lim topishi, ayniqsa yosh bolalarning jabr ko‘rishi barcha xatti-harakatlarni amalga oshirishga undaydi.

Savdo majmualari va boshqa inshootlar loyihalari tasdiqlanayotganida va qabul qilinayotganida eskalatorlarning joylashish o‘rni, xavfsizligiga alohida e’tibor berish lozim. Bu qurilish sohasi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutasaddilarning ishi.

Fuqarolar liftlar, eskalatorlardan to‘g‘ri foydalanishlari uchun ularga chiqish va tushishda umumiy eslatma gistogrammalar o‘rnatilishi kerak. Odamlarning ko‘zi tushadi, o‘qishadi, ko‘nikishadi va yodlab olishadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: