Rossiya yadro qurollarini «ko‘z-ko‘z qildi»: mashg‘ulotlarda «dushmanni kafolatli yo‘q qilish»ga e’tibor berildi (video)

Jahon 10:48 / 21.02.2022 56929

Nega yadro quroliga e’tibor berilmoqda?

Rossiya harbiy doktrinasiga ko‘ra, mamlakat o‘ziga va ittifoqchilariga qarshi harbiy kuch ishlatilsa, yadro yoki boshqa ko‘rinishdagi qurol orqali xavf tug‘dirilsa, o‘z yadro qurolidan foydalanishi mumkin deb hisoblaydi. Rossiya Strategik yadro kuchlari mudofaa vazirligi qoshida alohida bo‘linma ko‘rinishida faoliyat yuritadi va yadro triadasi deb ham yuritiladi.

2018 yil taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, dunyoda rasman yadro quroliga ega 5 davlatdan biri bo‘lgan Rossiyada 517ta yadro quroli mavjud. Xususan, mintaqalararo ballistik raketalar, suvosti kemasidan uchiriluvchi ballistik raketalar, qiruvchi samolyotdan tashlanuvchi 1420 yadro quvvatiga ega bombalar. Bir so‘z bilan aytganda, bular ommaviy qirg‘in quroli hisoblanadi.

Rossiya ixtiyorida «Satan», «Topol», «Yars» va boshqa turdagi yadro qurollari mavjud. Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarning aynan yadro raketalari ishtirokidagi qismini Putinning o‘zi shaxsan kuzatib bordi. Chunki tartib shunaqa: yadro qurolining har qanday ko‘rinishda ishlatilishi bosh qo‘mondon ishtirokida amalga oshirilishi kerak. Putin Kremlda tashkil etilgan maxsus shtabdan Aleksandr Lukashenko bilan birga jarayonni kuzatdi.

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy

Harbiy mashg‘ulotlarda Rossiya harbiy kosmik kuchlari, Janubiy harbiy okrug, Strategik raketa kuchlari, Shimoliy va Qora dengiz floti ishtirok etgan. Mashg‘ulotlarda gipertovushli aeroballistik «Kinjal» raketalari parvozi amalga oshirilgan, harbiy flotlar esa kemalar va suvosti kemalardan «Kalibr» qanotli raketasi, «Tsirkon» gipertovushli raketasi orqali belgilangan nishonni yo‘q qilgan.

Astraxandagi Kapustik Yar poligonida «Iskander» yerdan uchiriluvchi raketa kompleksidan ham qanotli raketalar uchirilgan. «Plesetsk» kosmodromidan uchirilgan «Yars» mintaqalararo ballistik raketasi Kamchatkadagi «Kura» poligoniga o‘rnatilgan shartli nishonni yo‘q qilgan. «Kareliya» atom suvosti kemasidan «Sineva» raketasi «Kura» poligoni tomon uchirilgan.

Kremlning ma’lumot berishicha, barcha raketalar parvozi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan, ularning barchasi belgilangan nishonlarni yo‘q qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi onlayn formatda o‘tgan yig‘ilishda Vladimir Putinga o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlar yuzasidan hisobot berdi. Rossiya bosh shtabi boshlig‘i Gerasimovning aytishicha, mashg‘ulotlarda e’tibor «dushmanni kafolatlangan aniqlikda yo‘q qilish»ga qaratilgan.

«Qora chemodan», «qizil tugma»

Mudofaa vazirligi yadro qurollari ishtirokidagi mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tishi haqida bir kun avval xabar bergandi. Kremlda ham bu haqda anons berib, jarayonda Vladimir Putin albatta ishtirok etishini ma’lum qilingandi. «Shubhasiz, bunday qurollarning sinov parvozi ham davlat rahbarining ishtirokisiz amalga oshirilmaydi. «Qora chemodan», «qizil tugma» va shunga o‘xshagan narsalar haqida bilasiz-ku», degan Peskov Putinning jarayonda ishtirok etishi haqida gapirar ekan.

Bir qadam orqaga, keyin yana oldinga

Rossiya yadro quroli Donetsk va Luganskda vaziyat keskinlashgan, o‘n minglab odamlar Rossiya tomonidan mamlakatga evakuatsiya qilinayotgan vaqtda amalga oshirildi. Qizig‘i, biroz avval Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina chegarasida to‘plangan harbiylar ortga qayta boshlagani haqida xabar bergan, bu esa go‘yoki chegarada vaziyat yumshayotganidan nishona edi. Qrim, Kursk va Bryanskda mashg‘ulot o‘tkazgan harbiylar ortga qaytgani, Belarusda ham mashg‘ulotlar yakunlangani aytilgan. NATO esa Rossiya deeskalatsiyasiga ishora beradigan hech qanday o‘zgarish yo‘qligini bildirgandi.

Aynan qo‘shinlar qayta boshlagani haqida xabarlar fonida birdaniga Lugansk va Donetskda yashayotganlar Ukraina tomonidan xavf bo‘layotganidan ogohlantirishdi, o‘zini mustaqil deb tan olgan, Ukraina esa o‘z viloyati deb hisoblaydigan hudud rahbarlari Kiyev hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida vahimali chiqishlar qilishdi. Rossiya ikki viloyatdan jami 700 ming kishini evakuatsiya qilishi, har bir qochqinga 10 ming rubldan berishini ma’lum qildi.

Rossiya yadro quroli sinovlaridan keyin esa G‘arb Ukrainaga bosqin tobora yaqinlashayotganidan ogohlantira boshladi. Bayden Putin Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilib bo‘lganini aytdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa «Yevropa yetakchisi sifatida» yana Putinga aloqaga chiqib, Donbassdagi tinchlik borasida takliflarini berdi.

Rossiya yadro qurollarini «ko‘z-ko‘z qilishidan» oldinroq AQShning xavfsizlik kafolati bo‘yicha xatiga javob bergandi. Xatda anchadan buyon tilga olinmagan strategik raketa komplekslaridan birgalikda voz kechish kelishuvi haqida so‘z boradi. Shuningdek, AQSh Yevropadan yadro qurollarini olib ketishi kerakligi alohida ta’kidlangandi. Balki shuning uchundir Rossiya yadro qudrati qandayligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. Zero, AQShga yo‘llangan xatda Rossiya o‘zining talablari befarq qoldirilayotgan bir vaqtda «boshqacha harakat qilish va hatto harbiy-texnik choralar ko‘rishga majbur bo‘lishi» haqida yozilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: