O‘zbekiston dunyo iqtisodiy erkinlik indeksida 9 pog‘ona pastladi

Iqtisodiyot 13:06 / 18.02.2022 20384

Heritage Foundation tadqiqot markazi «Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022» hisobotini e’lon qildi.

Unda O‘zbekiston 177ta mamlakat orasida 55,7 ball bilan 117-o‘rinni egallagani qayd etilgan. So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 2,6 ballga yomonlashib, 9 pog‘onaga pastlagan va iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhidan joy olgan.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Iqtisodiy erkinlik indeksida respublika 12ta indikatorning 8tasida salbiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 4ta indikatorda esa ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Reytingdagi umumiy pasayishga sud samaradorligi va mulkchilik huquqi bo‘yicha vaziyat orqaga ketgani jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

«Qonunan ko‘chmas mulkka egalik huquqi hurmat qilinsa-da, korrupsiya keng tarqalgani sababli xususiy mulk huquqlarini ta’minlash juda qiyin. Sud tizimi mustaqil, biroq hukumat aralashuvi va korrupsiya holatlari mavjud. Byurokratiya va poraxo‘rlik keng tarqalgan», deyiladi tadqiqotchilar izohida.

Shu bilan birga, oxirgi besh yilda O‘zbekiston mazkur reytingda umumiy jihatdan qaraganda 35 o‘ringa (152-o‘rindan 117-o‘ringa) yuqorilagan.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Hisobot 2020 yilning 1 iyulidan 2021 yilning 30 iyunigacha bo‘lgan davrga oid ma’lumotlar bazasidan kelib chiqqan holda taqdim etilgan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston reytingda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 39ta mamlakat orasida 25-o‘rinni egalladi.

MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (58-o‘rin) va Qozog‘iston (64-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Ozarboyjon (75-o‘rin), Moldava (78-o‘rin), Rossiya (113-o‘rin), Qirg‘iziston (116-o‘rin), Belarus (135-o‘rin), Tojikiston (147-o‘rin) va Turkmaniston (165-o‘rin) o‘rin olgan.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Umumiy reytingning eng yuqori 3ta pog‘onasini Singapur (84,4 ball), Shveytsariya (84,2 ball) va Irlandiya (82,0 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Kuba (29,5 ball), Venesuela (24,8 ball) va Shimoliy Koreya (3 ball) qayd etilgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari pasayishiga hisobot metodologiyasidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lgan. Xususan, ko‘rsatkichlar va ularni hisoblash, shuningdek, foydalanilgan xalqaro ma’lumotlar manbalari o‘zgargan.

Jahon banki o‘zining «Biznes yuritish» yillik hisobotini to‘xtatgani sababli 2022 yil indeksi mulkchilik huquqi, sud samaradorligi, hukumat yaxlitligi, biznes erkinligi va mehnat bozori erkinligini o‘lchaydigan subfaktorlar uchun boshqa ochiq ma’lumot manbalarini qabul qilgan. Xususan, indeks endi o‘z baholashlarida Freedom House va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalanadi.

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga javoban davlat siyosati o‘zgaruvchanligi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida iqtisodiy sharoitlarda, jumladan, iqtisodiy erkinlik darajasida sezilarli tebranishlarga olib kelgani qayd etilib, ushbu o‘zgarishlar doimiy yoki vaqtincha ekani hozircha noma’lumligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tilgan.

Qayd etilishicha, yangi o‘zgarishlar sabab 177ta davlatdan 119tasida (67,2 foiz) pasayish kuzatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: