Prezident qarori bilan O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi.
Dastur chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Uning ustuvor yo‘nalishlari:
- aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish;
- chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;
- tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni ko‘rish;
- chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;
- chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
- chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida bir gektar sug‘oriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlarini ishlab chiqish.
O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturda belgilangan vazifalarni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022 yilda Jahon bankining 300 mln dollar miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb etish rejalashtirilmoqda.