Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga berilgan QQS imtiyozlari muhokama qilindi. 2022 yilda oziq-ovqat narxlari oshib ketmasligi uchun qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lumot berildi.
- Yanvar oyining birinchi haftasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yilda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Yil davomida qishloq xo‘jaligi sohasida ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi;
- 207 ming gektar qo‘shimcha yer maydonida poliz ekinlari, kartoshka, meva-sabzavotlar, chorva mollariga yem-xashak yetishtiriladi;
- 2021 yilda 601 ming gektar yer «Temir daftar», «Ayollar daftari»dagi fuqarolar uchun ajratilgan bo‘lsa, bu yil mana shu yer maydoniga 81 ming gektar qo‘shib beriladi. Buning natijasida ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish ko‘payishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida uzoq yillardan beri joriy qilinmagan oziq-ovqat mahsulotlarining ,ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxiralari yaratilgan. Xususan, 2021 yil yakuni bo‘yicha jami 645 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari yaratildi. Mana shu zaxiralar yil davomida do‘konlarga chiqarilib, narx barqarorligi ta’minlanishi aytildi.
Avvalroq. yanvar oyida inflatsiya 0,9 foizni tashkil etgani ma’lum qilingandi. 2021 yilning birinchi oyi yakunlari bo‘yicha narxlar va tariflar o‘sishida yetakchi o‘rinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallab, o‘rtacha 1,3 foizga oshdi.