Bozor va savdo do‘konlarida kartoshka narxlari bir oy oldinga nisbatan sezilarli oshgan. Turi va yetishtirilgan mamlakatiga qarab 7 mingdan 10 ming so‘mgacha sotilmoqda. Kun.uz muxbiri poytaxtda kartoshka narx-navosini o‘rganish chog‘ida Farhod bozoridan chiqib Chorsuga yetib kelgunicha yarmarkadagi 7 ming so‘mlik kartoshka 4 ming so‘mga “arzonlab” qolganining guvohi bo‘ldi.
19 yanvar kuni Qozog‘istonning bir qator viloyatlarida kartoshka narxi keskin oshib ketgani tufayli hukumat ushbu mahsulotning uchinchi davlatga eksportini olti oyga chekladi. Buning fonida O‘zbekistonda ham kartoshka qimmatlashdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu mahsulotning zaxirasi yetarlicha ekani va zaxiralar ichki bozorga chiqarib borilayotganini ma’lum qilgan. Ammo kartoshka narxlari oshishining aniq sababini keltirmagan. Kun.uz muxbiri kartoshka narxlarini o‘rganish maqsadida “Farhod” dehqon bozoriga bordi. Dastavval, bozor ma’muriyati jurnalistik faoliyatni erkin olib borishga xalaqit berib, tasvirga olish uchun ruxsat so‘rash kerakligini ta’kidladi. Shunday bo‘lsa-da, sotuvchilar va xaridorlar kartoshka narxlari bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, kartoshka 8 mingdan 12 ming so‘mgacha savdoga qo‘yilgan.
“Kartoshka 10 ming bo‘lyapti, to‘g‘risi, kelishi qimmat kelyapti, biz oddiy savdogarmiz, hech narsa qilolmaymiz. Bir hafta oldin 7-8 ming edi, 2-3 kunda 2 minggacha ko‘tarildi”, – deydi sotuvchilardan biri.
Shuningdek, bozorda kartoshka xarid qilgan fuqarolar ham bir necha hafta oldin kartoshka 6-7 ming bo‘lganini, narxlarni arzonlashtirish kerakligini aytdi. Shundan so‘ng, Kun.uz Chilonzor tumanida joylashgan Korzinka supermarketi, Havas diskaunteri va kichik savdo do‘konlarida bo‘ldi. Ularda kartoshka o‘rtacha 9-10 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Ayrim do‘konlarda kartoshka narxlari bozordagilaridan farq qilmaydi. Faqat sifat jihati ajratib turishi mumkin xolos.
Keyingi manzil Shayxontohur tumanida joylashgan Eski jo‘va bozori bo‘ldi. Bozor ma’muriyati xodimlaridan biri dastavval Farhod dehqon bozoriga borganimizdan xabardor ekanligini aytib, hududda tashkil etilgan yarmarkalar tomon boshladi. U kartoshka narxlari 4 ming so‘m etib belgilanganini ma’lum qildi. “Eski jo‘va” bozori savdo bo‘limi xodimi Saidalixon Tursunovning Kun.uz'ga ayni damda mazkur bozorning o‘zi uchun o‘rtacha 600 tonna kartoshka zaxirasi shakllantirilganini bildirdi.
“Fevral oyida kartoshkalarimiz tortilishini hisobga olib Samarqand, Surxondaryo va Kelesda zaxira qilib qo‘yganmiz. Kartoshka kamaygan sari 4 ming so‘mdan to‘ldirib boryapmiz, bir kunda yarmarkamizda 5-6 tonna kartoshka sotilyapti. Shanba, yakshanba kunlari undan ko‘proq ham ketadi”, – deydi Saidalixon Tursunov.
Savdo bo‘limi xodimi bir turdagi kartoshka turli narxlarda sotilishiga ham izoh berdi.
“Bu ochiq savdo, bozor yarmarkasi emas. Ular “Food City” va vagonlardan olib kelish xarajatlariga qarab sotishadi. Biz shu yerda yarmarka tashkil qilib, aholining arzonlashtirilgan kartoshka bilan ta’minlanishini nazorat qilib boramiz”, – deydi Saidalixon Tursunov.
Bir nechta fuqarolarning Kun.uz'ga aytishicha, arzonlashtirilgan kartoshkalarning asl narxi 1-2 soat oldin 7 ming so‘m bo‘lgan. Biroq tasvirga olish jarayonlarida yarmarkadagi kartoshkalar 4 ming so‘mdan sotildi.
“Eski jo‘va” bozoridagi boshqa savdo nuqtalarida asosan xorij davlatlaridan import qilingan kartoshkalar 9 mingdan 11 ming so‘mgacha savdoga qo‘yilgan.
Qayd etish joiz, 21 yanvar kuni Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida yil boshidan beri kartoshka narxi 37–85 foizga qimmatlagani haqida xabar berilgan edi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi. Xususan, 2024 yilda jami 3,7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan.