Qizchasini ayiq yashaydigan volerga tashlab yuborgan ayol ruhiy xastalikka chalingani tasdiqlandi

Jamiyat 19:09 / 01.02.2022 18612

Bosh prokuratura axborot xizmati Toshkent hayvonot bog‘ida sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha yangi tafsilotlarni ochiqladi.

“Toshkent hayvonot bog‘ida ona 3 yoshli qizini ayiqlar voleriga tashlab yuborganligi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Ish bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan ayol 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turganligi ma’lum bo‘ldi.

Ayblanuvchining jinoyat sodir qilgan paytdagi ruhiy holatini aniqlash yuzasidan tergov organi tomonidan sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Tergov harakatlari davom etayotgani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, qizini yirtqich hayvon saqlanadigan joyga uloqtirgan ona ruhiy xastalikka chalingani bois tegishli ro‘yxatda turishi haqida xabar bergandi.

Ayolning otasi Yo‘ldosh To‘laganov qizi ruhiy-asab kasalliklari ro‘yxatida turishini tasdiqlagan, unda kasallik alomatlari bir yarim yilcha avval paydo bo‘lgani, bunga u kelin bo‘lib tushgan oiladagi muhit, eri tomonidan muttasil kaltaklangani sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Voqealar rivoji

28 yanvar kuni soat taxminan 12lar atrofida noma’lum ayol kichkina qizchani Toshkent hayvonot bog‘ining Zuzu laqabli ayiq saqlanadigan volerga tashlab yuboradi. Bu voqeani o‘tkinchilar ko‘rib qolib, hayvonot bog‘ining xavfsizlik bo‘limi xodimi Ergash Mamatovga xabar berishadi. U o‘z navbatida hayvonot bog‘ining Yirtqichlar bo‘limi mudiri Nodir Bahromovga telefon qilib, sodir bo‘lgan hodisa haqida axborot beradi.

Mas’ul xodimlarning zudlik bilan ko‘rgan chora-tadbirlari natijasida qizcha voler ichidagi hovuzga qulaganidan 2-2,5 daqiqa o‘tib, Zuzu ichki qafasga kiritiladi va xodimlar boshqa eshikdan volerga kirib, qizchani olib chiqishadi.

Jabrlanuvchiga hayvonot bog‘i hamshirasi tomonidan birinchi yordam ko‘rsatiladi. So‘ngra u tez tibbiy yordam xizmati mashinasida shifoxonaga olib ketiladi.

Surishtiruvlar davomida jabrlanuvchi 3 yoshu 3 oylik Zarina Ahadova ekani, qizchani volerga tashlab yuborgan ayol esa uning 30 yoshdagi onasi Zilola To‘laganova ekani oydinlashdi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘tkazilgan rentgenologik, tomografiya tekshiruvlaridan so‘ng bolaga ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi tashxislari qo‘yiladi. Shifoxonaga olib kelingan vaqtda 5 metr balandlikdan beton qoplamali beton yuzaga yiqilgan bolaning boshi yorilgan, shuningdek, yuz qismida ham jarohat borligi ma’lum bo‘ldi. Bir kun reanimatsiya bo‘limida muolaja olgan bola ertasi kuni Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limiga o‘tkaziladi.

Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi Otabek Bozorovga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ona ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Nodir Bahromovning aytishicha, 24 yil avval ochilgan Toshkent hayvonot bog‘ida bunday voqea shu paytgacha kuzatilmagan. Zuzu laqabli ayiq 2016 yilda tug‘ilgan, jinsi erkak. U bu yerga 2017 yilda Bokudagi hayvonot bog‘idan olib kelingan. Mutaxassis tabiatda erkak ayiq hatto o‘zining bolalari uchrab qolsa, ularni yeb qo‘yishi yoki o‘ldirishini aytib, Zuzu bolaga ziyon yetkazmaganligi Allohning marhamati ekanini ta’kidladi.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati ro‘y bergan voqeadan so‘ng, Zarinaning davolanishi uchun ketadigan xarajatlarni o‘z zimmasiga olganini, keyinchalik esa qizaloq va uning akasiga zooparkka bir umr bepul kirish imkoniyatini taqdim etganini e’lon qildi.

31 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘i vakillari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga borib, qizchaning holidan xabar olishganini ma’lum qildi. Xabarda Zarinaning kayfiyati yaxshi ekani, shifokorlar tomonidan uning holati turg‘un deya baholanayotgani ta’kidlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: