Joriy yil 28 yanvar kuni Kun.uz’da “Samarqand shahridagi chorrahalarga qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar qachon o‘rnatiladi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilingandi. Samarqand viloyati IIB axborot xizmati maqolada tilga olingan muammolar yuzasidan munosabat bildirdi.
Munosabatda ma’lum qilinishicha, Kun.uz’da e’lon qilingan maqola yuzasidan viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati tomonidan “ko‘cha poygalarini” aniqlash bo‘yicha reyd guruhi tuziladi. So‘ng keng jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlarni jalb qilgan holda kunduzgi va tungi reyd tadbirlari olib boriladi.
Shuningdek, chorrahalarga qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralarni o‘rnatish borasida tegishli organlar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan zaruriy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
«Albatta, chorrahalarda kuzatuv kameralari o‘rnatilishi va doimiy nazorat qilib borilishi sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni aniqlash barobarida, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga ham xizmat qiladi», deyiladi munosabatda.
Ma’lumot uchun, 28 yanvar kuni Kun.uz’da tanqidiy maqola e’lon qilingandan biroz vaqt o‘tib, maqolada tilga olingan Mirzo Ulug‘bek va Mir Said Baraka ko‘chalari chorrahasida uchta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Haydovchilarning o‘zaro muloqotidan ularning ham poyga o‘ynab kelayotganini anglash mumkin edi.