Kattaqo‘rg‘onda soliqchining o‘limiga sabab bo‘lgan YHXB xodimlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 16:52 / 28.01.2022 2768

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida sudya sudlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalarini eshitgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudida sudlanuvchilar M.Qo‘chqorov (1987 yilda tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Sh.Rahimberdiyev (1990 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va aybdorlarga sud hukmi o‘qilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, M.Qo‘chqorov va Sh.Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchilar 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ularning har biriga 2 yilu 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 10 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgandi. Mazkur hodisa OAVda tarqalgach, IIV matbuot kotibi munosabat bildirib, soliqchi boshqaruvidagi Cobalt svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganini, so‘ng haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringanini ma’lum qilgandi. Ammo Kun.uz surishtiruvida voqealar tafsiloti boshqacharoq bo‘lgani aniqlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: