Chegarada kepak orasiga yashirib o‘tilgan 788 mln so‘mlik, 131 tonna kartoshka qo‘lga tushdi

Jamiyat 17:52 / 28.01.2022 8427

Toshkent viloyatining “Navoiy” nazorat-tekshiruv posti orqali har kuni 150 dan ortiq yuk mashinalari o‘tib qaytadi. Tabiiyki, har bir transport vositasi tekshiruvdan o‘tkazilib, yuklangan mahsulotga doimiy “hamroh”, ya’ni sertifikat taqdim etilishi talab etiladi. Biroq zarur fitosanitar sertifikatga ega yuk ham ba’zida mutaxassislarda shubha uyg‘otishi mumkin, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabarida.

Ana shunday holat “Navoiy” nazorat-tekshiruv postida yuz berdi. Qozog‘iston Respublikasidan mamlakatimizga 7 ta yuk mashinasida kepak olib kelingan. Aslida bu odatiy holat, biroq yuklangan yem mahsuloti ichida zarur fitosanitar sertifikat va karantin ruxsatnomasisiz, yashirin yo‘l bilan kartoshka olib kelinayotganligi qo‘pol qoidabuzarlik hisoblanadi.

“Keles” tashqi iqtisodiy faoliyat chegara maskanida o‘tkazilgan qo‘shimcha nazorat ko‘rigi natijasida kepak orasida 131 tonnadan ortiq kartoshka mahsuloti aniqlandi. Umumiy qiymati 788 million 400 ming so‘mga baholangan mahsulotning fitosanitar xavfsizligini aniqlash maqsadida namunalar olinib, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga jo‘natildi.

Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, ayni paytda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: