Jizzaxda koronavirusdan vafot etgan tibbiyot xodimining yaqinlariga tovon puli qachon to‘lanadi?

Jamiyat 16:39 / 27.01.2022 14320

Xanifa Saidova 2015 yildan buyon Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi vrachi lavozimida ishlab kelgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida infeksiyaga chalingan bemorlar bilan muomalada bo‘lgani tufayli o‘zi ham kasallikka chalinadi. 2020 yil avgust oyi boshida ahvoli yomonlashib, kasalxonaga tushib qoladi. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, Xanifa Saidova 20 avgust kuni kasallikdan vafot etadi.

Xanifa Saidova o‘g‘li Azizjon Nasrullayev va nevarasi bilan

Ovoragarchiliklarning boshlanishi

O‘sha vaqtda amalda bo‘lgan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4652-sonli prezident qarorida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot xodimiga yoki uning oila a’zolariga 250 mln so‘mlik bir martalik to‘lov to‘lanishi belgilangan.

Xanifa Saidovaning vafotidan so‘ng, uning oila a’zolari prezident qarorida belgilangan to‘lovni ololmay, sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan sarsongarchiliklarga duchor qilinadi.

Marhumaning farzandi Azizjon Nasrullayev masalani sud orqali hal qilish qaroriga keladi.

Sud qarori ham kor qilmayapti

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2021 yil 20 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan Azizjon Nasrullayev foydasiga Moliya vazirligi orqali respublika budjetidan 250 mln so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan maxsus to‘lovni undirish belgilangan.

Azizjon Nasrullayevning aytishicha, shundan keyin ham unga pul o‘tkazib berilgani yo‘q.

To‘lovni olish uchun murojaat qilmagan joyim qolmadi. Portal, Bosh prokuratura, ijrochining o‘ziga ham murojaat qildim. Natija bo‘lmayapti” – deydi Azizjon Nasrullayev.

Majburiy ijro byurosidan ma’lum qilinishicha, qarzdor Sog‘liqni saqlash vazirligidan Moliya vazirligi orqali Respublika budjetidan undiruvchi Azizjon Nasrullayev foydasiga jami 250 mln so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati majburiy ijro bo‘limiga 2021 yil 12 noyabr kuni kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan, taraflarga xabarnoma yuborilgan.

Shuningdek, ma’lumotda majburiy ijro harakatlari davom ettirilayotgani aytilgan bo‘lsa-da, amalda biror o‘zgarish kuzatilgani yo‘q.

SSV sustkashlik qilyaptimi?

Holat bo‘yicha Moliya vazirligidan ham izoh oldik. Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Maxsus komissiyaning 2020 yil 30 apreldagi 20-son yig‘ilish bayonining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga ko‘ra:

— koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodimning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmaganligi munosabati bilan xodimga yoki uning oila a’zolariga to‘lanadigan biryo‘la beriladigan to‘lov xodimning asosiy ish joyi (yoki uni jalb qilgan tashkilot) orqali amalga oshiriladi;

— to‘lovni to‘lash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i hamda talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha so‘rov tegishli moliya organiga taqdim etilishi lozim;

— taqdim etilgan hujjatlar hamda so‘rovga asosan moliya organi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodimning asosiy ish joyi yoki uni jalb qilgan tashkilotga tegishli mablag‘larni moliyalashtirish choralarini ko‘radi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Moliya vazirligi bugungi kunda vazirlikda biryo‘la to‘lovlar uchun mablag‘ ajratish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining talabnomalari va asoslovchi hujjatlari mavjud emasligini bildirdi.

Moliya vazirligi izohiga tayanadigan bo‘lsak, sud qarori ijro etilmayotganiga SSV xodimlarining masalaga e’tiborsizligi va sustkashligi sabab bo‘layotgan bo‘lib chiqadi.

Avvalroq, Kun.uz'da koronavirusdan vafot etgan izboskanlik vrachning oilasiga 250 mln so‘mlik to‘lov bir yildan beri to‘lanmayotgani yoritilishi natijasida SSV vakillari masalaga tezkorlik bilan munosabat bildirib, yakunda marhumning yaqinlariga pul to‘lab berilgandi.

Vazirlikda avvalgi davrdan “meros” o‘laroq davom etib kelayotgan qizg‘anchiqlik va marhumlar haqini bermaslik odatiga yangi vazir Behzod Musayev barham bera olsa ajab emas.

Abbos Salaydinov

Ko‘proq yangiliklar: