Parvozlarning ketma-ket qoldirilishi
24 yanvar kuni Istanbul vaqti bilan soat 21:40ga belgilangan Istanbul–Toshkent reysida uchishi kerak bo‘lgan o‘zbekistonlik yo‘lovchining Kun.uz'ga so‘zlab berishicha, kuchli qor yog‘gani va parvozlar bekor qilingan sababli ko‘plab o‘zbekistonliklar aeroportda qolib ketgan.
“2 kundan beri aeroportda qolyapmiz. Boshida aviakompaniya tomonidan na yeb-ichish na boshqa narsamizdan xabar olindi. Kompaniya vakiliga uchrasak, faqat chipta sanasini o‘zgartirib bera olishini, boshqa hech narsa qilolmasligini ma’lum qildi. Ko‘pchilik bo‘lib talab qilganimizdan keyin ovqat va ichimlik bilan ta’minlashdi.
Havo yomonligi uchun samolyotimiz Istanbulga emas, Anqaraga qo‘ngan ekan. Hali bizdan oldingi reysdagilar ham uchmagan. Shunga bizning reysni 26 yanvar kechqurun jo‘naydi deyishyapti”, – deydi yo‘lovchi.
Kun.uz'ga taqdim etilgan videoyozuvda yo‘lovchilar va aviakompaniya vakili o‘rtasida bahs boradi.
Yuqorida yo‘lovchi aytganidek, 24 yanvar kuni Toshkentdan Istanbulga parvoz qilgan Uzbekistan Airways samolyoti murakkab ob-havo tufayli Anqaraga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Ushbu reys yo‘lovchilaridan birining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar dastlab mehmonxonaga joylashtirilgan, keyinroq ularga Istanbulga qadar avtobusda borish taklif qilingan.
Yo‘lovchilarning aksariyati qorli va dovonli yo‘llar orqali 700 kmga yaqin masofaga yo‘lga chiqib Istanbul sari yo‘l olgan. Holbuki bu paytda ichki reyslar tiklangan va Anqara–Istanbul yo‘nalishida samolyotlar ucha boshlagan bo‘lgan.
Kun.uz bilan bog‘langan o‘zbekistonlik fuqaro qorli havoda avtobusda ketish xatarli ekani bois ichki reysdagi samolyotga o‘zining hisobidan chipta sotib olib, Istambulga uchib ketgan. Boshqa yo‘lovchilar avtobusda ketishga majbur bo‘lgan.
Anqara aeroportidagi tablodan (Kun.uz manbasi yuborgan surat) 26 yanvar kuni Istambulga 4 ta reys mavjudligini ko‘rish mumkin.
Uzbekistan Airways izohi
“Uzbekistan Airways”AJ matbuot xizmati vakili Kamola Ikromovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 24 yanvar kunidan boshlab noqulay ob-havo sababli Istanbul xalqaro aeroportida fors-major holati yuzaga kelgan.
“Albatta, bo‘lib o‘tgan voqealar yo‘lovchilarning noroziliklariga sabab bo‘lyapti. Ammo shuni hisobga olish kerakki, hozirgi hodisa faqatgina bizning kompaniyamizga bog‘liq emas, Istanbul aeroportida samolyotni qo‘ndirish va uchira olish salohiyatini ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Shu qorda ham aeroportdan samolyotni uchirib yuborish imkoniyati qisman bo‘lishi mumkin, biroq bu yo‘lovchilar hayotini katta xavf ostida qoldirishi tufayli aeroport faoliyati to‘xtatib turilibdi.
24 yanvar kuni 272 va 276 tranzit reyslar orqali uchib borib, Turkiyada qolib ketgan hamyurtlarimizga mehmonxonalar tashkil etdik. Ularni issiq ovqat bilan ta’minladik. Shuningdek, Istanbul aeroporti rasman yopilgani uchun 25 va 26 yanvar kunlariga rejalashtirilgan reyslar ham bekor qilinib, bu yo‘lovchilarga avvaldan e’lon qilindi. Shu munosabat bilan biz hozirda yo‘lovchilarga chipta sanasini aeroport faoliyati tiklanganidan keyingi boshqa vaqtga ko‘chirishni taklif qilyapmiz. Shuningdek, yo‘lovchilar chipta pulini to‘liq qaytarib olish huquqiga ham ega”.
Kompaniya vakili Anqaraga qo‘ngan yo‘lovchilar xususida ham munosabat bildirdi.
“Anqarada 200ga yaqin yo‘lovchi bor edi va ularning barchasi mehmonxonadan joy va issiq ovqat bilan ta’minlandi.
Hozirda reyslar tiklanishini kutib turibmiz. Shuning uchun Anqarada bo‘lib turgan barcha yo‘lovchilarga Istanbulgacha avtobus tashkil etiladi”.
Parvozlar kechiktirilganda yo‘lovchilarning qanday huquqlari bor?
Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalariga ko‘ra, parvoz tashuvchi tomonidan belgilangan aniq vaqtdan kechiksa, tashuvchi yo‘lovchiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Shuningdek, yo‘lovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan quyidagi bepul qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatiladi:
- bir marotaba telefon orqali gaplashish yoki telegramma yuborish yoki boshqa aloqa xizmatlaridan foydalanishni ta’minlash;
- parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash;
- tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa, mehmonxona bilan ta’minlash;
- kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qo‘yish va qaytishni ta’minlash;
- chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash.