Voqea Chilonzor tumani 3-daha, Chilonzor savdo markazi deb nomlanadigan hududda, tuman prokuraturasi binosining ro‘parasida, katta yo‘l yoqasida ro‘y bergan.
Yaqindagina Yunusobod tumani va Andijon shahrida sodir bo‘lgan voqealar, bu holatlarning rezonansi va jamoatchilikning kuchli noroziligi yerlarni sotayotgan, qurilishga ruxsat berayotgan hokimliklar-u yerni sotib olayotgan investorlarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i o‘laroq yangramayapti, shekilli.
Kun.uz muxbiri voqeani o‘rganish uchun Chilonzorga yo‘l oldi va aytilgan hududda 4 metrli baland to‘siqlar ro‘parasidan chiqdi.
Dastlab o‘rab olingan hudud atrofidagi biznes egalarini tingladik. Ular to‘satdan bir kunning ichida, hech kimga tushuntirish bermasdan to‘siq o‘rnatib tashlangani, bu yerda nimalar bo‘layotganini tushunmayotganlarini aytishdi.
Biz holat bo‘yicha Chilonzor tumani hokimligi mas’ul vakili Sardor Maqsudov bilan bog‘landik. Bizning so‘rovimizga labbay deya voqea joyiga yetib kelgan mas’ul holatdan xabardor ekanini bildirdi.
Toshkent shahar hokimining 2020 yil 3 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, Dream House Stroy kompaniyasiga Chilonzor 3-dahasidagi mazkur yerdan 20 sotix ajratilgan. Shu yerga tutash obektlar egalari esa ko‘rsatilgan 20 sotix emas, 40 sotix yer o‘rab olinganini ma’lum qilishdi.
Biz investor bilan bog‘lanishga harakat qildik va o‘zini shu joyning egasi va investor deb tanishtirgan Umar G‘afforov kameraga gapirishni istamagani holda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish uchun Ekologiya qo‘mitasi vakillari va bizga o‘rab olingan hudud darvozasini ochib berdi.
U hududda birorta daraxtga zarar yetkazmasligini, kichik daraxtlarni yaqin atrofdagi bo‘sh yerga ko‘chirib o‘tkazib, parvarishini nazoratga olishini, katta daraxtlarga ziyon yetkazmagan holda qurilish qilishga va’da berdi. Investorning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda biznes markaz va mehmonxona barpo etiladi.
Voqea joyiga yetib kelgan tuman ekologiya inspektori O‘ktam O‘tkirov, Ekopolitsiya safdori Faxriddin Hamzayev va daraxtlar xatlovini amalga oshirgan tuman inspektori Farhod Boltaboyev hududdagi barcha daraxtlar saqlab qolish uchun nazoratga olinganini ta’kidlashdi.
Yana bir holat e’tiborli. Hudud profilaktika inspektori va mahalla raisi ekologlarning chaqirig‘iga binoan voqea joyiga yetib kelishdi. Lekin nozir bizga: “Kameraga intervyu bermayman” degan bo‘lsa, mahalla raisi hatto ismini aytishni istamadi. Voqeadan bexabarman, degan mahalla oqsoqoli bir necha bor hokimlikka qo‘ng‘iroq qilib, voqea yuzasidan gaplashganiga, o‘zini voqeadan xabari bor-u, bunday tus olishini kutmagan odamdek tutganiga guvoh bo‘ldik. Bexabarlikmi shu? Qiziq, o‘z mahallasida katta bir hududni, boz ustiga ko‘cha yoqasidagi daraxtzorni kimdir 4 metrli to‘siq bilan o‘rab olarkan-da, raisning xabari bo‘lmas ekan.
Uchastka nozirlari qachondan intervyudan qochadigan bo‘lib qolishdi? Nega ular o‘z hududlarida bo‘layotgan voqea haqida aqalli ikki og‘iz tushuntirish berishmaydi? Yo Ichki ishlar vazirligidan ruxsatsiz “gapirmaysanlar” degan topshiriq bo‘lganmi?
To‘g‘ri, biz kimdan intervyu olmaylik, kimga mikrofon va kamera tutmaylik, avvalo roziligini olamiz. Shunga yarasha butun boshli mahalla noziri bo‘layotgan voqealarni ko‘ra turib, hammani xotirjam qilib qo‘yishi mumkin edi-ku. Bu borada IIV matbuot xizmati munosabat bildirsa, faqat xursand bo‘lar edik.
Rostini aytganda, investor bu hududda nima qurishi o‘zining ishi. Biz masalaning bu tomonlariga aralashmaymiz. Ehtimol, kompaniya egalari bu yerni olayotganida daraxtzor ekanini bilmagandir ham, lekin joyni ajratib berayotgan hokimlik-chi? Masala shudir: Toshkent shahar hokimligi Prezident farmoni asosida daraxtlarni kesishga qo‘yilgan moratoriydan bexabar bo‘lganmi? Axir 2020 yilda ham moratoriy amalda edi-ku. Nahotki quyuq daraxtzor bo‘lgan yerlar shu taxlit sotilib ketgan?
Bu birinchi va oxirgi holat emas-ku, to‘g‘rimi? Ekologiya sohasini yoritar ekanmiz, biz bu kabi holatlarga takror va takror duch kelyapmiz. Nega? Nega bog‘lar, xiyobonlar, ko‘p qavatli uylar va boshqa joylardagi daraxtzorlardan iborat joylar investitsiya va biznes niqobi ostida sotib yuborilyapti? Buning oxiri bormi?
Endilikda, moratoriy muddatsiz uzaytirilgach, davlat rahbarining o‘zi “Yashil makon” loyihasini shaxsan nazoratiga olgach, vaziyat o‘zgarar? Balki bundan buyog‘iga qarorlar qayta ko‘rib chiqilib, avvalroq o‘ylamay-netmay investorlarga berib yuborilgan yashil maydonlar qaytarib olinar? Axir shahar aholiniki-ku. Oddiy odamlardan bunday dam olish va kislorod zonalari tortib olinaversa, ertaga bizdan keyin nima, cho‘l qoladimi?
Umid qilamiz, bu kabi keyslar qayta ko‘rib chiqiladi. Kun.uz esa o‘zi yoritgan holatlarning keyingi taqdirini ham nazorat qiladi va voqealar rivojini kuzatib boradi.
Maqsadimiz – ekologiya ham, biznes egasi ham zarar ko‘rmasin. Halol va to‘g‘ri ish yuritadigan kompaniyalar ko‘paysin, ular o‘ziga va xalqqa naf keltiradigan loyihalarni amalga oshirsin, ekologiya ham bundan zarar ko‘rmasin.
Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi:
Azimjon Vohidov