SSV: Andijon tibbiyot sohasida namunaviy hududga aylantiriladi

Jamiyat 08:44 / 23.01.2022 3756

Bugungi kunda Andijon viloyati tibbiyot muassasalari faoliyatida qanday muammolar bor? Aholi ko‘proq nimadan norozi? Shifokor-u hamshiralarni qaysi masalalar tashvishga solmoqda? Og‘riqli nuqtalar qayerda? Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilaridan iborat ishchi guruh bu savollarga javob topish hamda mavjud muammolarni joyida tezkor hal etish maqsadida Farg‘ona va Namangandan so‘ng Andijon viloyatiga keldi. 

«O‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aniq. Prezidentimiz yaqinda tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqchi. Hozir bu tadbir oldidan sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining takliflari qabul qilinmoqda. O‘z navbatida, yo‘llangan murojaatlarda aks etgan masalalar o‘rganilib, o‘z yechimini topyapti», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ishchi guruh Andijon viloyatidagi qator davolash muassasalarida bo‘lib, ularda yaratilgan sharoitlarni o‘rgangach, hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Unda qayd etilganidek, davlatimiz rahbari o‘tgan yili viloyatda o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvida aholi sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash bo‘yicha Andijonni namunaviy hududga aylantirish xususida so‘z yuritgan edi.

Buning uchun, avvalambor, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini takomillashtirilib, joylarda yangi oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish, mavjud tibbiyot muassasalarini to‘liq ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Qator tumanlarda perinatal hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi maqsad qilingan.

Shuningdek, viloyatda aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini keskin kengaytirish, xususiy tibbiyot muassasalari sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan. 

Uchrashuvda prezidentning tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotiga Andijon viloyatidan 988 ta murojaat kelib tushgani, shundan 546 tasi sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga, qolgan qismi esa fuqarolarga tegishli ekanligi aytildi.

Shu bilan birga, ishchi guruh mamlakatda koronavirusning yangi shtammi keng tarqalishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar, bu boradagi muhim tavsiyalar haqida to‘xtaldi. 

COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘payishi tufayli poytaxt tajribasi asosida Andijonda ham kun-u tun ishlaydigan maxsus poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ham aytildi.

Shundan so‘ng savol-javoblar davomida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, aholi murojaatlari bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, ish o‘rinlari, mehnat sharoiti, kadrlar malakasi, tibbiy uskuna va jihozlar ta’minoti, tibbiy ko‘riklarni tashkil etish kabi masalalar yuzasidan murojaatlarni tezkor hal etish uchun tizim mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuvda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov hamda Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: