Navoiyda haydovchi YPX xodimini kaltakladi. Unga jinoyat ishi ochilgan

Jamiyat 13:26 / 23.01.2022 45625

Navoiyda avtomobilni jarima maydoniga olib ketayotgan YPX xodimi ayovsiz do‘pposlangani aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. YHXBB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, voqea 22 yanvar kuni soat 12:20 larda, Navoiy viloyati, Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi A-379 avtomobil yo‘lining 3-kilometrida yuz bergan. YPX xodimi Matiz haydovchisini to‘xtatgan. Tekshiruv davomida haydovchi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi va uning yonida kunlik yo‘l varaqasi mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga olib ketilayotgan vaqtda haydovchi A.T. (1993 yilda tug‘ilgan) YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan va tortishuvli vaziyat yuzaga kelgan.

Holat sodir bo‘lgan joyga tuman IIB tezkor-tergov guruhi va prokuratura xodimlari chiqib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

YHXBBning qo‘shimcha ma’lumot berishicha, holat yuzasidan haydovchiga jinoiy ish ochilgan.

«Navoiy viloyatida YPX xodimining o‘z xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik ko‘rsatib, turli uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan fuqaro A.T.ga nisbatan Navbahor tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 140-modda (haqorat qilish)si 3-qismi «a» bandi hamda 219-modda (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)si 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan», deyiladi xabarda.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: