O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi va Agentlikning viloyatlardagi hududiy vakilliklari o‘z faoliyatini boshladi. Jumladan, Xorazm viloyatida o‘z faoliyatini boshlagan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi chet tillarni o‘rganishni rivojlantirish borasida bir qator yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5117-sonli va Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qarorlari ijrosini samarali va muvaffaqiyatli ta’minlash maqsadida Xorazm viloyati bo‘ylab barcha yoshdagi til o‘rganuvchilarni keng qamrovda jalb qilishga harakat qilmoqda. Hududiy vakillik o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani rejali amalga oshirish yo‘lida Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining 2021 yil 27 oktyabrdagi buyrug‘i bilan “LINGUIST” chet tillari olimpiadasini tashkil etdi. O‘z ustavi va tegishli huquqiy asoslariga ega bo‘lgan mazkur olimpiada qamrovi va shakliga ko‘ra yangicha yondashuvdagi loyiha hisoblanadi.
“LINGUIST” olimpiadasida barcha yoshdagi va turli sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi yurtdoshlarimizning ixtiyoriy ishtirok etishi ta’minlandi. Shu sababli 2021 yil 10 dekabrdan 18 dekabrgacha Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiadada umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2-sinf o‘quvchilaridan tortib universitet o‘qituvchi-pedagoglarigacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz faol qatnashishdi. Ushbu olimpiadada tegishli qarorlarda ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy tillar bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, barcha ishtirokchilar ingliz, rus, nemis, fransuz, italyan, turk, arab, fors, koreys va xitoy tillari bo‘yicha o‘z bilim darajalarini sinab ko‘rdilar. Yangicha ko‘rinishda birinchi marta o‘tkazilgan “LINGUIST” olimpiadasida ishtirokchilari grammatika, lug‘at boyligi va matn bilan ishlash shartlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
— Xorazm viloyatida ilk marotaba yangicha shaklda tashkil qilingan mazkur olimpiada barcha yurtdoshlarimiz uchun o‘z bilim darajasini sinab ko‘rish imkoniyatini berdi. Biz har doim “LINGUIST” olimpiadasiga o‘xshagan samarali va zamon talabiga javob beradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Chunki aynan ushbu loyiha viloyatimiz bo‘ylab barcha til o‘rganuvchilarni harakatga keltirdi va ularni yanada faolroq bo‘lishga undadi, — deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Gulsunjon Nazarova.
“LINGUIST” olimpiadasida Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatidan jami 2000 nafarga yaqin turli yoshdagi yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi. Olimpiada sinov imtihonlarida barcha ishtirokchilar 5 ta guruhga bo‘lingan holda o‘z bilim darajalariga mos test savollariga javob berishdi. Mazkur olimpiadani tashkil etishda yuqorida keltirib o‘tilgan qarorlar va huquqiy asoslarga ko‘ra Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat ta’lim muassasalari ham jalb qilindi. Shu sababli, “LINGUIST” chet tillari olimpiadasini davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida ushbu sohada amalga oshirilgan ilk katta loyiha sifatida e’tirof etish o‘rinli bo‘ladi.
— Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi tomonidan “LINGUIST” chet tillari olimpiadasini o‘tkazish taklifi bildirilganda shaxsan men juda quvondim. Chunki bu bizga ham ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonaman. Bunday qamrovdagi olimpiada birinchi marta o‘tkazilayotgan bo‘lsa ham, o‘zimiz ko‘zlagan maqsadga erishdik deb o‘ylayman. Keyingi olimpiadalarda uning shaklini va tartibini yanada takomillashtirib boramiz, — deydi KHOREZM LANGUAGE ACADEMY nodavlat ta’lim muassasasi rahbari O.Qalandarov.
2021 yil 10 dekabrdan 18 dekabrgacha bo‘lib o‘tgan birinchi olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi Xorazm viloyati hokimligi, Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi hamkorligida 2021 yil 25 dekabr kuni viloyat Yoshlar markazida tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi. 1,2,3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 23 nafar g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan jami 110.000.000 so‘mlik pul mukofotlarini qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, ular viloyat hokimligining diplomlariga ega bo‘lishdi. Tashkilotchi nodavlat ta’lim muassasalari tomonidan g‘oliblarga chet elga sayohat qilish imkoniyati ham berildi. Mazkur tadbirda bunday ko‘rinishdagi olimpiadani tashkil etishda katta hissa qo‘shgan tashkilotchilar ham munosib taqdirlandilar. Ularga Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi nomidan direktor o‘rinbosari Azimjon Husanov tashakkurnomalar taqdim etdi.
— To‘g‘risini aytsam, boshida bu olimpiada haqida eshitganimda uning shaffof, haqqoniy va adolatli o‘tishiga shubham bor edi. Lekin shunga qaramasdan oxirgi daqiqalarda ro‘yxatdan o‘tib o‘zim ham ishtirok etdim va g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Haqiqatan ham bu olimpiada yangicha yondashuvdagi loyiha ekaniga amin bo‘ldim. Haqiqatan ham adolatlilik ta’minlandi. Tashkilotchilarga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi 1-o‘rin g‘olibasi F.Adamboyeva.
Mazkur olimpiadada namunali ishtirok etib yuqori ko‘rsatkichga erishgan 500 nafarga yaqin yurtdoshlarimizga ham olimpiada tashkilotchilari va homiylar tomonidan taqdim etilgan esdalik sovg‘alari berildi.
“LINGUIST” olimpiadasida ishtirok etgan har bir qatnashuvchi faol ishtiroki uchun maxsus sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Namunali ishtirok etgan o‘qituvchi-pedagoglar esa tegishli qarorlar bo‘yicha imtiyoz va ustunliklar beruvchi Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasining faxriy yorliqlarini ham qo‘lga kiritishdi.
“LINGUIST” chet tillari olimpiadasi ustaviga ko‘ra har yili 3 marotaba olimpiada sinovlari o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Navbatdagi olimpiada sinovlarining 2022 yil mart oyi oxirgi o‘n kunligida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi 2022 yilda ham chet tillarni o‘rganishni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish va Yangi O‘zbekiston uchun imkoniyat darajasida yangiliklarni yaratib yurtdoshlarimizning, xususan, yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlab yuzaga chiqarishda davom etadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Xorazm viloyati hududiy vakilligi
Telefon: +998901214875, +998995658625
Vebsayt: www.lpa-khorezm.uz
Telegram: @xorijiytillar_agentligi_xorazm
Reklama huquqi asosida