2009 yilda “Navoiy IES” AJ atrofida 150 gektardan ortiq yer maydoniga issiqxonalar qurilgan. O‘tgan yillar davomida bu issiqxonalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nafaqat ichki bozorlarga yetkazib berildi, balki chet davlatlarga ham eksport qilindi. Ammo keyingi yillarda hududdagi tadbirkorlarning ishi orqaga keta boshladi, daromadi kamaydi, ko‘plari esa bu faoliyatini to‘xtatdi. Hatto ayrimlari bankrotlik holatiga tushib qoldi, qarzga botdi.
Buning sabablaridan biri sifatida 2018 yilda “Issiqlik ta’minoti” nomli MChJ tashkil etilib, tadbirkorlar va “Navoiy IES” AJ o‘rtasiga tushgani aytilmoqda.
Hududdagi 60ga yaqin tadbirkor qariyb 150 gektar issiqxona uchun issiqlik energiyasini “Issiqlik ta’minoti” MChJ orqali olishga majbur. MChJ esa “Navoiy IES” AJdan xarid qilgan issiqlik energiyasini ularga o‘zi istagandek ustama narx qo‘yib sotmoqda. MChJ 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun belgilagan summa davlat tomonidan belgilangan miqdordan anchagina ko‘p.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2021 yil 31 iyuldagi 7-sonli bayonnomasiga ko‘ra, “Navoiy IES” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan 1 Gkal issiqlik energiyasining narxi 166 100 so‘m qilib belgilangan. “Issiqlik ta’minoti” MChJ esa 1 Gkal issiqlik energiyasini issiqxonachilarga 215 930 so‘mdan sotmoqda.
“Navoiy IES” AJ bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilishdan mahrum etilgan tadbirkorlar buning oqibatida 1 Gkal issiqlik energiyasiga 49 830 so‘m ortiqcha mablag‘ sarflayapti.
Masalan, “Mehriddin Aziz Sardor” MChJning 2,5 gektar issiqxonasi bor. MChJ rahbari Muhiddin Abdullayevning ma’lum qilishicha, 2020-2021 yilgi mavsumda u “Issiqlik ta’minoti” MChJga 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun 191 550 so‘mdan jami 165 million so‘m to‘lagan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2020 yil 29 iyuldagi 5-sonli bayonnomasiga ko‘ra, o‘sha mavsumda “Navoiy IES” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan 1 Gkal issiqlik energiyasining narxi 153 240 so‘m qilib belgilangan. Bu tadbirkor bir mavsumda o‘rtacha 30-35 million so‘m ortiqcha pul sarflaganini anglatadi.
“Issiqlik ta’minoti” MChJ “Navoiy IES” AJdan 2020 yilda jami 56 189 Gkal va 2021 yilda esa 33 635 Gkal issiqlik energiyasi xarid qilib, tadbirkorlarga o‘z foydasini qo‘yib sotgan. MChJ belgilangan tarifga nisbatan 2020 yilda 38 310 so‘m, 2021 yilda 49 830 so‘m ustama qo‘ygan. Oddiy hisoblab ko‘rilganda, shu ikki yilning o‘zida tadbirkorlar 3,7 mlrd so‘m oshiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lishgan.
Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlar “Issiqlik ta’minoti” MChJning xizmat ko‘rsatish sifati umuman pastligini, ayni qish kunlari quvurlarda nosozlik yuzaga kelsa, belgilangan vaqtda bartaraf etilmasligini ham ta’kidlashmoqda.
“2018 yilgacha “Navoiy IES” AJning o‘zi bilan ishlaganmiz, hosildorligimiz ham, daromadimiz ham zo‘r edi. Ammo 2018 yilda “Issiqlik ta’minoti” MChJ oraga suqildi va ishimizdan baraka uchdi.
Oddiy misol, 2017 yilda 80 ming dollarlik mahsulot eksport qilganman. 2018 yildan so‘ng esa bir dollarlik ham eksport qilolmadik. Sababi mahsulotimiz eksportbop emas, hosildorlik past.
Masalan, pomidor yetishtirish uchun 14-16 daraja, bodring uchun esa 16-18 daraja issiqlik kerak. “Issiqlik ta’minoti” MChJ qishning sovuq kunlarida bizga zarur darajadagi issiqlikni yetkazib berolmaydi. 10-12 darajada bodring rejadagidek hosil bermaydi. Hosildorlik kam bo‘lib, xarajatimiz ko‘paygach, daromadimiz ham kamaya boshladi. Bu o‘z navbatida ish o‘rinlariga ta’sir qildi. Ayrim issiqxonachilar esa faoliyatini to‘xtatdi”, – deydi Muhiddin Abdullayev.
Issiqxonalar egalari bir necha marta tuman va viloyat hokimliklariga, viloyat prokuraturasiga ushbu vaziyat yuzasidan murojaat qilishgan. Ammo negadir murojaatlarga javob qaytarilmagan.
Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, 2018 yil 24 avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Issiqlik ta’minoti” MChJning 99,20 foiz ulushi Aziz Suvonovga tegishli.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Aziz Suvonov ta’sischiligida 15 dan ortiq mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bor. “Business Houses-2020” “Nahal Gostar Navoiy”, “Karmana Golden Eggs”, “Yoshlik agro klaster-2020”, “Obod yo‘l international” MChJlari shular jumlasidan.
Qiziq tomoni shundaki, ularning aksariyatining tashkil etilish vaqti Navoiy viloyatining sobiq hokimi Qobul Tursunov davriga (2016 yil dekabrdan) to‘g‘ri keladi.
Aziz Suvonov ishtirokchiligidagi “Obod yo‘l international” va “Tat international agricultural company” MChJ ishtirokchilari qatorida fuqaro Tursunov Furqat Beknazarovich ham bor. Furqat Tursunov esa viloyatning sobiq rahbari Qobul Beknazarovich Tursunovning tug‘ishgan ukasi hisoblanadi.
Mana shu bog‘liqlik ham Aziz Suvonovga tegishli firma “Navoiy IES” AJ va issiqxonachilar o‘rtasida monopoliya o‘rnatishiga yordam bergan bo‘lishi mumkin.
Aziz Suvonov Navoiy viloyati kengashi deputati hisoblanadi. Shuningdek, viloyat hokimining tegishli farmoyishi bilan Karmana tumani Malik mahallasida hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov shu yil 19 yanvar kuni Karmana tumanida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvda mazkur masala ko‘tarilgan. Viloyat rahbari mutasaddilarga 3 kun muddatda ushbu muammoni o‘rganib chiqib, uning yechimi bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘ini bergan. Xabardan tushunilishicha, “Issiqlik ta’minoti” MChJning “monopoliyasi”ga barham berish emas, u oladigan foydani kamaytirish ustida o‘ylab ko‘riladi.
Biroq Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlarni bu qoniqtirmaydi. Ular o‘z “nonlariga sherik” bo‘layotgan “Issiqlik ta’minoti” MChJning o‘rtadan chiqib ketishini istashmoqda.
Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri