So‘nggi haftada mamlakatimizning ayrim hududlarida sovuq ob-havo hamda kuchli shamol, qor bo‘roni kuzatildi. Bunday vaziyatda havo elektr tarmoqlari hamda transformator punktlariga shikast yetkazilishi va natijada, elektr energiyasi yetkazib berishda vaqtincha uzilishlar kuzatilishi tabiiy hol. Lekin tabiatning bunday injiqliklariga qaramay, hayotlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, o‘z xizmat vazifasini ado etayotgan energetiklarimiz borki, ularni chinakam qahramonlar, o‘z kasbining fidoyilari deyish mumkin.
Birgina misol, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining olis "Chosh" qishlog‘i hududidagi havo elektr uzatish tarmoqlarida sodir bo‘ladigan avariyaviy uzilishlarni bartaraf etish uchun qish faslida maxsus texnikalarda harakatlanishning sira imkoni yo‘q. Shunga qaramay, "Surxondaryo HETK" AJ xodimlari mahalliy aholining elektr energiyasi ta’minotidagi avariyaviy o‘chishlarni tiklash uchun bo‘yi barobar qorni kechib bo‘lsa-da, buning uddasidan chiqmoqdalar.
Darhaqiqat, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning barcha tarkibiy korxonalari xodimlari tomonidan past kuchlanishli elektr tarmoqlarida tun-u kun olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash, qolaversa belgilangan reja asosidagi modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari natijasida talafot yetgan hududlarda elektr energiyasi qayta tiklanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti barqarorlashmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, elektr tarmoqlarida sodir bo‘ladigan avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadalari hamda ularga 483 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinalari va maxsus texnikalar safarbar etildi.
Aholining ishonchli va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishi hayot farovonligi hamda turmush darajasi yaxshilanishining muhim omillardan biridir, bu esa o‘z navbatida, soha faoliyati samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini taqozo etadi, albatta.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati Ⓣ