Video: Andijondagi maktabda xodimlarning ertalabki gimnastikasi

Jamiyat 19:33 / 19.01.2022 25267

Videoda 20dan ortiq erkak va ayol xodimlar qishki kiyimda, maktab hovlisida kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakiraning Waka-Waka ashulasiga mos ritmik mashqlar qilayotganini ko‘rish mumkin.

Xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova mashqlar o‘qituvchilarga “kayfiyat bag‘ishlayotgani”ni aytib izoh berdi.

“Ushbu videoning qaysi joyida ko‘zbo‘yamachilik ko‘rdingiz?

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim kanallar tomonidan ushbu videoga “Ko‘zbo‘yamachilikning tubi bormi⁉️” deya “ta’rif” berilgan.

Nahotki, inson salomatligi va kayfiyati uchun amalga oshirgan ushbu ritmik badantarbiya mashqi ham biz uchun salbiy taassurot uyg‘otsa?!

Sog‘lom turmush tarzi fasl va joy tanlamaydi. Rivojlangan davlatlarda ham ish kuni mana shunday badantarbiya mashqlari bilan boshlanadi. Bunday kayfiyatda boshlangan kun ish faoliyatida ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Mashqlar o‘qituvchilarga qanchalik kayfiyat bag‘ishlayotganini payqash qiyin emas”, – dedi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda sog‘lom turmush tarziga oid prezident farmoni qabul qilingan edi. Farmonga asosan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab, davlat organlari va tashkilotlarida quyidagilar belgilangan edi:

  • mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklanib, uning ish haqiga 20 foiz ustama belgilash;
  • haftada kamida bir marta, ish vaqtidan so‘ng rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish;
  • har shanba soat 14:00 dan keyin xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etish. Bunda, musobaqalar bayramona ruhda, “shou” ko‘rinishida o‘tkazilishiga, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirilishiga alohida e’tibor qaratish.

Farmon bilan birinchi rahbarlarga “shaxsiy namuna” tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasi, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: