Kamchiliklar u aytganidek “ozroq”mi? “Qudbiyevcha” anjumandan keyingi mulohazalar

Iqtisodiyot 21:01 / 19.01.2022 58649

“Imtiyozbozlikdagi og‘riqlar yoxud ularni ochiqlash uchun bir hafta kerak emas”

— Hozirgi kunda 6 mingdan ortiq kompaniyalar mol-mulk solig‘idan ozod. To‘g‘ri, ular orasida, masalan, ta’lim va tibbiyot sohasidagi obektlar ham bor, lekin shu 6 mingtani faqat shular tashkil qilganida e’tiroz bo‘lmasdi. Ro‘yxatda Tashkent city'ga o‘xshagan eng boy obektlar ham borki, bu eng adolatsiz.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Shuhratovich bir hafta ichida hamma imtiyozlarni ochiqlashini aytdi. Menimcha, bu ma’lumotlarni ochiqlash uchun bir hafta shart emas. Moliya vazirligida tayyor turgan ma’lumot. Chunki, 10 foiz soliqni kim to‘lamayapti, degan ma’lumot ularda dasturxondek turibdi.

Soliq siyosati ma’lum doiradagi shaxslar uchun alohida, keng omma uchun alohida qo‘llanmoqda. Bu jihatdan adolat bo‘lmayotgani uchun e’tiroz juda katta. Nega Tashkent city'dagi obektlar mulk solig‘idan ozod? Nega O‘zbekistondagi auditorlik korxonalari QQS to‘lovchisi bo‘lmoqda-yu, dunyo bo‘yicha eng yirik auditorlik kompaniyalar O‘zbekistonga kelsa, ular soliqdan ozod? Bu savollarga javob berilgani yo‘q.

DSQ raisi aytgan “ozgina kamchiliklar” katta muammolarni tug‘dirmoqda

— Elektron hukumat hamma joyda masala bo‘lmoqda, DSQ shunga harakat qilmoqda. Lekin harakat qildi degani epladi degani emas. Matbuot anjumanida DSQ raisi Sherzod Qudbiyev: “To‘g‘ri, dasturlarimizda ozgina kamchiliklar bor”, deb aytdilar, asosiy fojia shu yerda. Masalan, “Tahlil-tahlika” dasturi orqali kontragentingiz qancha soliq to‘lamaganini sizga ko‘rsatib turamiz, deyishyapti. Ha, maqsad shunaqa, lekin dastur 70 foiz ham to‘g‘ri ishlamayapti.

Tasavvur qiling, siz bilan men 10 yildan beri birga ishlab kelyapmiz, lekin siz menga hisob-faktura bersangiz, men dasturda tekshirganimda “qizil” (shubhali soliq to‘lovchi)da turganingiz oydinlashdi. Eng yomoni, dastur to‘g‘ri ishlamay, kontragentni shubhali soliq to‘lovchi, deb ko‘rsatmoqda, aslida bunday bo‘lmasa ham. 10 yillab birga ishlab kelgan tadbirkorlar hammasi bir-biriga shubha bilan qaray boshladi.Bu biznesdagi sog‘lom muhitni buzib qo‘ymoqda.

“Shubhali” soliq to‘lovchi soliq to‘lamagan bo‘lsa, yoki yo‘q tovarni sotgan bo‘lsa, dastur bu soliq to‘lovchi “shubhali” (qizilda) deb ko‘rsatishi kerak. Amalda siz o‘zingiz chet eldan narsa import qildingiz, men sizdan tovar sotib olib,  hisob-fakturaga elektron imzo qo‘ymoqchi bo‘lsam, dastur sizni “shubhali korxona” deb ko‘rsatmoqda. Sababini bu hech kimdan tovar sotib olmadi, deb ko‘rsatmoqda.

Keyin men sizga: “Siz shubhali korxona ekansiz, soliq organiga murojaat qilib, buni tuzatmasangiz, siz bilan ishlamayman”, deb hamkorlikni to‘xtataman. Siz esa asosiy faoliyatingizni qo‘yib, soliq organiga borib: “Nima uchun qizilga tushdim?” desangiz, bir yosh kadr bamaylixotir: “Hech narsa qilmaydi, sizlar kim bilan ishlayotganingizni ko‘rsatadi. Bu dasturning xatosi ekan-da”, deb qo‘yadi.

Birinchidan, dasturingiz to‘g‘ri ishlamasa, nega uni xalqqa nisbatan tatbiq qilasizlar? Ikkinchidan, qizilga tushganlarning hammasiga: “Mana bunaqa kamchiliklarni to‘g‘rilab, qizildan chiqib ket”, degan mazmunda xabarnoma kelmoqda. O‘zingizning haqligingizni isbotlash uchun soliq organiga borib qancha kuch va vaqt sarflab aybsiz ekaningizni isbotlashga majbursiz.

Tadbirkor hamon haqligini isbotlash uchun ovora-yu sarson bo‘lib, soliq organiga hujjatlarini ko‘tarib boradi. Elektron xat yuborsangiz qarashmaydi ham. Qizilga tushibsan deb, QQS kalitni bloklab qo‘yadi. 15 kunda ko‘rib chiqaman deydi, bu vaqt ichida tadbirkor faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi. Bularning hammasi korrupsiyaga olib kelishi mumkin.

Sherzod Qudbiyev 17 yanvar kungi matbuot anjumanida / Foto: Kun.uz

Juda ko‘p hollarda tadbirkorlar aybsizligini isbotlashiga to‘g‘ri kelmoqda, vaholanki, Soliq kodeksida soliq to‘lovchi o‘zining aybsiz ekanini isbotlashi shart emas, deb yozib qo‘yilgan. Keyingi punktda soliq organi soliq to‘lovchining aybdorligini isbotlashi shart, deyilgan. Deylik, soliq organi gumon qilyapti-da, faoliyatingizni to‘xtatib qo‘yyapti.

“Biz faoliyatini to‘xtatib qo‘ymayapmiz, QQS kalitini bloklab qo‘yyapmiz”, deydi soliqchilar. Lekin sizning QQS kalitingiz o‘chirilgan bo‘lsa, men sizdan tovar olsam, sizdan olgan tovarimning qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga ololmayman, bu sizdan olgan tovarim 15 foizga qimmatga tushdi, degani. Keyin siz bilan ishlamayman, siz hamkorni yo‘qotdingiz.

Siz hisob-faktura beradigan bo‘lsangiz, hech qanday QQSni hisobga olmaysiz, aybsiz emasligingizni isbotlashga esa bir-ikki oy vaqt ketib qoladi. Alaloqibat bu ayrim hollarda dasturning xam xatosi bo‘lib chiqishi mumkin. Kalit blokda turgan vaqtda sizdan hech kim hisob-faktura ololmaydi, olgan bo‘lsa hisobga ololmaydi, siz o‘z yoningizdan QQS to‘laysiz. Dastur xatosi bilan kalitni bloklab qo‘ydi, u davrda sizda xuddi aybdorlar qatori soliq oqibatlari yuzaga kelaveradi.

Ishlab chiqaruvchilar qog‘oz sotib olyapti-da, daftar ishlab chiqaryapti, “Tahlil-tahlika” dasturi bu nima ekanini o‘qiy olmayapti. U daftar sotib olmagandi, lekin daftar sotyapti deb shubhali soliq to‘lovchilarga qo‘shib qo‘yyapti, tadbirkor yo‘qotilgan vaqt va mablag‘ bilan tovon to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Tushunyapsizmi, dasturning xatosi deb tadbirkor javobgar bo‘lyapti.

Vazirlar Mahkamasi qarorida “Tahlil tahlika” dasturi orqali qizil (shubhali soliq to‘lovchi)ga tushadigan omillar berilgan. Hozir ularning soni 201taga yetgan deyishmoqda. Bu omillarning bir qanchasi maxfiy ma’lumot hisoblanadi, tadbirkor nima qilsa shubhali tadbirkorga aylanishi  ochiqlanmaydi. “Tahlil-tahlika” dasturidagi  omillarning yashirib qo‘yilishi, tadbirkorlarda soliq organi xohlagan vaqtda elektron kalitni bloklab,  xohlagan vaqtda ochmoqda, degan gumonga olib kelmoqda. Bu esa korrupsiya uchun eng yaxshi ob-havo yaratib beradi.

Jurnalistlar e’tibor bermagan narsa  – Sherzod Davlyatovichning “To‘g‘ri, dasturlarimizda kamchilik bor” degan gapi bo‘ldi. "Kamchilik bo‘lsa, nega butun xalqqa qo‘llayapsiz? Odamlar tajriba quyoni emaski?", degan savol berilmadi jurnalistlar tomonidan.

MXIK muammosi: “Rossiyaning o‘zini oqlamagan tajribasi shundoqligicha ko‘chirilgan”

— MXIK (mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari)da har bir mahsulotning alohida kodi bor. MXIKning og‘riqli jihati shundaki, oddiy misol bilan tushuntirganda, yumshoq muqovali daftarga boshqa, qattiq muqovali daftarga boshqa kod to‘ldirasiz. Agar qattiq muqovali daftar charmli bo‘lsa, boshqa kod to‘ldirasiz. Shunaqa 86 mingdan ortiq kod bor. Oldin daftarmi daftar sotdim deb kod to‘ldirardingiz, hozir mayda-chuyda tasnifiga ko‘ra farqlansa ham, boshqa kod terishga majbursiz.

Biznesni bunday murakkablashtirishdan maqsad – biznesni jazolashdan boshqa narsa emas. Eng yomoni, minglab kodlar orasidan mahsulot kodini topish qiyin bo‘lyapti. Natijada, tadbirkor aynan tovarga mos kodni topmasa, hisob-fakturada xatolik yuzaga kelaveradi.

Xizmat va tovar turlari shunaqa tez o‘zgaradigan narsaki, ularning hammasini kodlab bo‘lmaydi. Bu bilan soliq organi nazorat funksiyasi qolib, biznesga aralashib ketyapti. Tadbirkorning tepasida nima qilyapsan, deb qarab turmoqchi. Bu narsalarni Rossiyadan ko‘chirdik deyishyapti, bu tajriba Rossiyada ham o‘zini oqlamayapti.

E-Aktiv: “Ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan va biznesga ortiqcha yuk”

— Biz tomonimizdan E-Aktiv masalasi ko‘tarilganda, bu tizimni tadbirkorlarning bo‘yniga qo‘yish noto‘g‘ri degan videomurojaat chiqarilgandi. Keyin Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentidagi uchrashuvda bu tizimni qayerdan olishganini so‘radik. Aytilishicha, Polsha, Daniya, Germaniya, Yaponiya va Rossiya tajribasini o‘rganib chiqishgan va Rossiyanikini tanlashgan. Nima sababdan shuncha davlatdan eng qashshog‘ining yo‘lini tanlayapsiz, degan savolga javob bo‘lmadi. Ko‘rib turibdi, xaskashni bosdi, boshiga urildi, xatoligini bilib nega bu yo‘ldan qaytishmayapti?

Davlat soliq organlarining biznes muhitini bilmasligi natijasida qo‘llanilayotgan narsa E-Aktiv'dir. O‘tgan yili soliq organlari tomonidan har kunlik tovarga har kuni hisob-faktura berasizlar, degan talab qo‘yildi. Har kuni mana shuncha tovar sotdim deb hisobot berib qo‘ymasanglar, shu tovar qiymatining 20 foizi miqdorda jarima qilaman deyildi. Qonun esa: “Hisob varaq fakturaga chalg‘ima, biznesing bilan shug‘ullanib, oy tugagandan keyin 10 kun ichida hamma hisob-fakturlaringni ber”, deyapti.

Tadbirkor har kunlik narsaga har kuni hisob-faktura bera olmaydi, bunaqa massani soliq portalining o‘zi ham  ko‘tarolmay qolmoqda, buning fizik jihatdan ham imkoniyati yo‘q. Bu narsaning xatoligini isbotlab berdik, qonunga zid harakat qilyapsizlar, dedik. Davlat soliq qo‘mitasi raisi har kunlik hisob-varaq fakturasi qilishni talab etish xato ekani, har oylik hisobot topshiraverish kerak degan qarorga keldi. Biroq ketidan E-aktiv degan narsani o‘ylab topishdi.

E-Aktiv – tovar-moddiy boyliklaringiz, asosiy vositalar haqidagi ma’lumot. Har kuni E-Aktiv'ga ma’lumot berib turishingiz kerak. Unda oylik hisobotni nega topshiramiz?  Yana o‘sha har kunlik hisob-varaq fakturani rasmiylashtirishni E-Aktiv deb nomlab qayta joriy qilishdi, desak bo‘ladi. Bu E-Aktiv'ga har kuni hisobot joylash uchun bir vagon ish qilish kerak. Ish tugasa ham,  buxgalterlar kechgacha o‘tirib hisob varaq faktura to‘ldirishi, ikkinchi tomon qabul qilib o‘tirishi kerak bo‘ladi. O‘sha DSQ oddiy jadval deb atayotgan narsagacha qancha ish borligini qo‘mita mutaxassislari tushunmayapti, buxgalterlar bekorga dodlamayapti.

Mening nazarimda, biz 30 yil orqaga qaytib bo‘ldik, shuncha orqaga qaytib boshidan boshlayapmiz. Kecha Soliq qo‘mitasi raisi matbuot matbuot anjumanida: “Bu bo‘yicha chora ko‘rilmayapti, test rejimida ishlanyapti”, dedi. Qonun bo‘yicha iyuldan shu narsani qilmasang jazolanasan, lekin hozir qilmaganing uchun iyuldan jazolanishing aniq.

QQSga hamma 2020 yildan o‘tganda prezident 6 oygacha tadbirkorlarni jazolamaslikni aytgandi, lekin 6 oy o‘tgandan keyin sinov davri uchun ham tadbirkorlar jazolanyaptiku.

Shaxsiy fikrim, E-Aktiv – soliq to‘lovchilarni jarima qilish uchun qo‘shimcha manba xolos, boshqa hech narsa emas.

E-aktiv'dan soliq organi hech qanday natija ololmaydi, foydasi nolga teng, ortiqcha kuch va xarajat talab qiladigan narsa xolos.

Soliq qo‘mitasi shuncha narsani tadbirkorlarning bo‘yniga yuklagandan ko‘ra, soliq organidagi bazaga qo‘shimcha bojxonada keladigan 2-3 dona raqam (masalan, mahsulot nomi va o‘lchov birligi) kiritsa bo‘ldi, butun E-Aktiv qila oladigan ishni bitta odam ko‘rib tura oladi.

Mening fikrimcha, E-Aktiv hech qachon to‘liq ishlab keta olmaydi, ishlab chiqaruvchi bugun boshqacha ertaga boshqacha shakldagi tovar chiqaraveradi. Kalkulyatsiya har kuni o‘zgaradi, E-Aktiv'dagi dastur uni to‘liq hisoblay olmaydi.

Men kuzatgan davlatlarda bu darajada elektronlashuv yo‘q, biznikilar kashfiyot qilishmoqchi va yurmaydigan narsani amalga tatbiq qilishmoqda. Yuradigan bo‘lsa, rivojlangan davlatlar buni qilgan bo‘lardi.

“Mol-mulk solig‘i bo‘yicha o‘zgarish fojia emas, muammo – bu birinchi qadam bo‘lgani”

— Fikrimizcha, 2022 yildagi o‘zgartirishlar orasida adolatlirog‘i – mol-mulk solig‘i. Men bu bilan bu ham 100 foiz adolatli demoqchi emasman, lekin Soliq qo‘mitasining qilgan o‘zgarishlar ichida bu nisbatan adolatli. Nega? Toshkent shaharda hozir quruq yer kvadrati 2,5 million so‘mdan qimmat. Uning ustiga qurilgan har qanday narsa uning qiymatini oshiradi. To‘g‘ri, u joydan tadbirkorlik faoliyati maqsadida foydalana olish yoki olmaslik, bu – ikkinchi masala. Resurs soliqlarini oshirishdan maqsad ham tabiiy resurslardan unumli foydalanish. Hozir Sergelining bir burchagidagi quruq yerni sotib olaman desangiz, sotixini 10 ming dollar deydi. Bu bir kvadrat metr quruq yerning qiymati 1 million so‘m degani. Har qanday qurilishda o‘rtacha kvadratiga 200 dollar xarajat ketadi. Toshkent shahrida binoning kvadrat metri 2,5 million so‘m etib belgilandi, lekin tadbirkorning bahosi ushbu narxdan past bo‘lsa, mustaqil hisoblash natijalarini taqdim etish imkoniyati ham berilmoqda. Biroq hozir bu soliq turini qo‘llashning vaqti emas edi, shuning uchun bu o‘zgarish odamlarga og‘irlik qilmoqda.

Reygan tajribasidan nimani o‘rganish kerak: Stavka birdan oshirilishi nega xato yo‘l?

— Rivojlangan davlatlarning tajribasiga qarasak. 1980-yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan Ronald Reyganning soliq siyosati – eng optimal misol. O‘shanda Amerikada barcha soliqlar bo‘yicha imtiyozlar 100 foiz bekor qilingan, stavkalar keskin 3-4 barobar pasaytirilgan. O‘sha yillardagi hamma iqtisodchilar “Amerika o‘ldi” degan, lekin Amerikaning budjet rejasi o‘sha yili 2 barobar ortig‘i bilan bajarilgan.

Nega? Sog‘lom muhit yaratilgani natijasida odamlar xotirjam ishlab, hamma daromadlarini ko‘rsatishni boshlagan, bu esa 2 barobar natija bergan. Reygan birinchi bosqichda iqtisodni ko‘tarib oldi, keyingi bosqichda reinvestitsiya uchun imtiyoz bera boshladi. Ya’ni korxona foydaga erishsa va o‘sha foydasiga korxonani kengaytirish uchun qo‘shimcha ko‘chmas mulk obektlari quradigan bo‘lsa, o‘sha sarflagan pulining hammasi soliqdan ozod etiladi.

Natijada hamma “biznesimni kengaytirsam, soliq to‘lamas ekanman”, degan tushunchaga kelib, hamma joyda ishlab chiqarish obektlari qurila boshlandi. Bitta fabrikasi borlar ikkita qildi, ikkita fabrikasi borlar esa uchta. Hamma yoqqa obektlar qurib tashlab, keyingi bosqichda sekin resurs soliqlari oshirila boshlandi. “Reinvestitsiya qilsang qil, qilmasang qilma, hammangga imkon berildi, qurib olding, endi solig‘ini to‘laysan”, dedi hukumat.

Endi yer va mulk solig‘ini oshira boshlashdi. Bo‘sh turgan obekt qimmatga tusha boshladi. Obekt qimmatga tushmasligi uchun, uni ishlatish kerak bo‘ldi. Hamma zavod fabrikalar endi majbur ishlatilishga tushdi. Bu Amerikaning iqtisodiyotini yana bir necha barobar ko‘tarib yubordi.

Bizda ham stavkani bozor narxida qo‘llashda, resurs soliqlarini oshirishda shu maqsadni ko‘rish mumkin, lekin unga olib boradigan yo‘l xato tanlandi. Ya’ni asos unga moslab kelinmagandi, odamlarning shikoyati shundan bo‘lmoqda. Agar odamlarga: “Mana senga qurishga imkoniyat, soliqlardan ozod qilaman”, deganda, odamlar bo‘sh joylarga obektlar qurib olganda,  tadbirkor soliq to‘lamasdan qurib olgani uchun norozi bo‘lmasdi. Resurs soliqlarini oshirishdan maqsad ham shu – rivojlanishga, harakat qilishga majbur qilish.

Jahon amaliyotida resurs soliqlarini oshirishda tadbirkor yursin oldinga, o‘tirib qolmasin, degan maqsad bo‘lgan. Bu aylanma bilan bog‘liq bo‘lmagan soliq hisoblanadi. Xususiy joyga to‘lanadigan ijara, davlat xalqning yerini bir odamga berib qo‘ygani uchun to‘lanadigan to‘lovdan ko‘ra 10 barobar qimmat bo‘lsa ham to‘laydi.

Davlat xalqning yerini sizga berib qo‘ydi va solig‘ini so‘rayapti. Lekin ijaraga olgan yeri uchun oyiga 20-30 mln so‘m ijara to‘layapti-ku, hech kim shikoyat qilmayapti. Buni oldindan tayyorlab kelish kerak edi, odamlar ham imtiyoz bo‘lmay turib, 15 foiz foyda solig‘i to‘lab o‘sha foydasidan quradigan bo‘lsa, qurish qimmatga aylanayotgandi. Agar o‘shani soliqdan ozod qilib turib qurishga imkon berganda, tadbirkor o‘z foydasini bilardi.

Nimadir motivatsiya bermasdan narx shunchaki oshirib qo‘yilgani uchun rezonans kelib chiqmoqda. Maqsad to‘g‘ri, unga olib boradigan yo‘l xato. Chunki bu birinchi qadam emas, ikki yoki uchinchi qadam bo‘lishi kerak edi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: