Bu kimning ishi edi? - Nuroboddagi «eski noutbuklar» voqeasi tafsilotlari

Jamiyat 22:27 / 17.01.2022 69713

Samarqandda «1 million dasturchi» IT tanlovi g‘olibi bo‘lgan maktab o‘quvchisiga ishlatilgan noutbuk berilgani to‘g‘risidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida tuman hokimi o‘rinbosariga hayfsan berilgan, tuman XTB mutaxassisi ishdan olingan.

Kun.uz muxbirlari Nurobod tumanida bo‘lib, voqea ishtirokchilariga mikrofon tutdi.

Videomurojaatdan skrinshot

Ma’lum bo‘lishicha, yosh IT’chilar tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 41-maktab o‘quvchisi Sardor Sattorovdan tashqari yana ikki g‘olib o‘quvchiga ham eski noutbuk sovg‘a tariqasida topshirilgan ekan.

Ustiga-ustak, Sardor Sattorovning videomurojaati internetda tarqalgach, yakshanba kuni yarim tun soat birlarda unga shoshilinch almashtirish uchun olib kelingan ikkinchi noutbuk ham eski bo‘lgan.

Endi bu uch yigitga rag‘bat sifatida viloyat hokimligi tomonidan yangi noutbuklar berildi.

Biz voqealar rivoji bilan qiziqdik. Sardor Sattorov ishtirok etgan yo‘nalishda sinov o‘tkazgan TATU Samarqand filiali vakili tanlovning o‘tkazilishi haqida qisqacha tushuncha berdi.

Ilhom Boynazarov, TATU Samarqand filiali dasturiy kafedra mudiri, dotsent

«Tanlovning viloyat bosqichi TATU Samarqand filiali platformasida test shaklida o‘tkazildi. Sardor Sattorov ham viloyat bosqichida ishtirok etgan va olimpiada talablari bo‘yicha ballar ketma-ketligida 8-o‘rinni egallagan. Tuman bosqichida ham, viloyat bosqichida ham sovrinli o‘rinni egallaganlarga noutbuk, planshet va telefon mukofot tariqasida topshirilgan», — deydi TATU Samarqand filiali dasturiy kafedra mudiri Ilhom Boynazarov.

Voqea oqibatida hayfsan intizomiy jazosiga mubtalo bo‘lgan Nurobod tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinov tanlov g‘oliblariga noutbuk berish nizomda bo‘lmaganini aytdi.

Navro‘zbek Jaloliddinov, Nurobod tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

«6 yanvar kuni tanlovning tuman bosqichini o‘tkazganmiz, tuman hokimligi, TXTB va TATU Samarqand filiali bilan hamkorlikda. 47 nafar ishtirokchi orasidan belgilangan tartibda g‘oliblar aniqlangan. Birinchi o‘rinni egallaganlarga o‘sha kuni mukofot sifatida uyali telefon berganmiz. Noutbuk berilgan. Tumanda noutbuk berilmagan. Noutbuk viloyat bosqichida topshirilgan, biz u jarayonga aralashganimiz yo‘q», — deydi hokim o‘rinbosari.

Masala yuzasidan hayfsan olgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari shunday dedi: «Qo‘llangan intizomiy jazoni o‘rinli deb bilaman. Tashkiliy masalaga mas’uliyatsizlik bilan qaraganmiz».

Nurobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ravshan To‘rayev esa eski noutbuklar XTB tomonidan topshirilganini tan oldi.

Ravshan To‘rayev, Nurobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri

«Tumanda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga tuman hokimligi tomonidan berilgan sovg‘alar — birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlarga qo‘l telefonlari, ikkinchi o‘rin egalariga elektr choynak va uchinchi o‘rin sohiblariga kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

10 yanvar kuni viloyat bosqichida boshqa tumanda g‘olib bo‘lganlarga kompyuter topshirilayotgani sababli, biz o‘zimizda foydalanmasdan turilgan noutbuklarni to‘g‘ri tushuntirgan holda, keyinroq yangisini olib beramiz, deb topshirdik. Noutbuklarni tuman XTB AKT bo‘yicha mutaxassisi Asliddin Dangalov Samarqand shahriga olib borib topshirgan», — dedi TXTB mudiri Ravshan To‘rayev.

Ma’lum bo‘lyaptiki, 6 yanvar kuni tumanda g‘olib bo‘lganlarga telefon, elektr choynak va darsliklar topshirilgan. Bolalar viloyat bosqichida qatnashish uchun 10 yanvar kuni Samarqand shahriga borishganda, boshqa tumanlar g‘oliblarga noutbuk topshirishayotgani ma’lum bo‘lib, zudlik bilan tumandan noutbuk yetkazish buyurilgan. Shunda, bir chetda turgan eski noutbuklar taksida Samarqandga shoshilinch yetkazilgan.

Mas’ullar bolalarga noutbuklar eski ekani, keyinroq almashtirib berilishini tushuntirishganini ta’kidlashmoqda, bolalar esa noutbuk eskiligini uyga kelib bilishganini aytishdi.

G‘olib bo‘lgan o‘quvchilardan birining onasi bir hafta kutishganda ham noutbuk almashtirib berilmagani, ular ham murojaat qilib chiqmoqchi bo‘lib turganini bildirdi. Biroq Sardor Sattorovning videomurojaati ortidan, qolgan ikki o‘quvchiga ham yangi noutbuk topshirilgan.

Mazkur voqea oqibatida tuman xalq ta’limi bo‘limining AKT bo‘yicha mutaxassisi Asliddin Dangalov ishdan olingan.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyev «noutbuk voqeasi» internet orqali olamga tarqalganidan ko‘p ham xursandmasligini bildirib, yosh o‘quvchilarning bu tarzda videomurojaat qilib chiqishini jurnalistlar oldida qoralagan.

«Bolaga tarbiya bermoqchi bo‘lsak bunday yo‘nalishni tanlamasligimiz kerak. Har bir ota-ona, jurnalist va blogerlarga tavsiyam. Bolaga bu tarzda haqini ajratishning bunday «yaxshi» yo‘llarini o‘rgatadigan bo‘lsak, balkim bola ertaga yo‘lini topib ketar, lekin bunday yo‘l bilan o‘z yo‘lini topishini oqlamagan bo‘lardim», — degan Xurshid G‘oziyev.

Noutbuk voqeasi xayrli yakunlangandek. Viloyat hokimligi tomonidan uch o‘quvchiga yangi noutbuklar izlanishda davom etishlari uchun rag‘bat sifatida topshirilgan.

Foto: it-park.uz

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi yordamida IT-Park delegatsiyasi ham Nurobodda bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar bilan suhbatlashgan, ularda motivatsiya uyg‘otgan. Shuningdek, mazkur o‘quvchilarga tuman IT-markazida Python va IT English kurslarida tekin ta’lim olish imkonini taqdim etgan.

Foto: it-park.uz

Tashrif nihoyasida biz o‘quvchilarni suhbatga tortdik. Ular xursand. Voqeadan biroz tushkunlikka tushib qolgan Sardor Sattorov esa o‘zini qo‘llab-quvvatlaganlarga tashakkur bildirdi.

P/S: Nurobod tumanida yosh ay-tichilar musobaqasini o‘tkazishda ish darhaqiqat rasvo tashkil qilingan ekan. 

Maqola e’lon qilishga tayyorlanayotgan chog‘da Nurobod tumanidan yana bitta murojaat kelib tushdi.

40-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Bekmurodova Barchinoy Front and web dasturchi yo‘nalishida Nurobod tumanida 2-o‘rinni olgan va 6 yanvar kuni unga uch dona kitob sovg‘a qilingan. Holbuki, Nurobod tuman hokimi o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinov 2-o‘rin uchun elektr choynak sovg‘a qilinganini aytgandi (kitoblar to‘plami 3-o‘rin egasiga berilgan).

So‘ng 10 yanvar kuni viloyat bosqichidagi ishtiroki uchun boshqa tumandan qatnashayotganlar qatori hammaning ko‘z o‘ngida unga planshet sovg‘a qilingan. Keyin o‘sha planshet qaytarib olib qo‘yilibdi...

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: