Davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va nazorat etish tizimi bekor qilinadi

O‘zbekiston 08:36 / 15.01.2022 6566

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Belgilanishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqqan yer uchastkalari elektron tanlov yakunlariga ko‘ra 30 yilgacha bo‘lgan muddatga tuproq ball boniteti darajasini (tuproq unumdorligini) dastlabki besh yil mobaynida kamida 50 ballga yetkazish va qolgan muddat davomida ushbu ko‘rsatkichni saqlash, shu jumladan, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarni amalga oshirish majburiyatini olgan holda ijara huquqi asosida ajratiladi.

Fermer va dehqon xo‘jaliklarining, shuningdek boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yer uchastkalarini taqsimlashda korrupsiya xavflarini bartaraf etish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi bilan birgalikda:

  • fermer xo‘jaligi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisiga ajratiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining maksimal umumiy hajmini belgilash;
  • fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga paxta va g‘alla yetishtirish maqsadida ajratilgan ekin maydonlarining 20 foizigacha bo‘lgan, lekin 10 foizdan kam bo‘lmagan qismiga yillik almashlab ekishni joriy etish uchun mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishga ruxsat berish;
  • davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan ijara huquqlarining bozor qiymatini baholash va kompensatsiya to‘lovlarini hisoblash metodikasini takomillashtirish;
  • davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va nazorat qilish tizimini bosqichma-bosqich qisqartirish hamda 2022 yil yakuniga qadar bekor qilish yuzasidan takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Ko‘proq yangiliklar: