10 yanvar kuni Kun.uz saytida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi dehqon bozorini qurgan quruvchilar bajargan ishlari uchun salkam 24 mlrd so‘m pulni ololmayotgani haqida maqola e’lon qilingandi.
Muammoni hal etish uchun qanday choralar ko‘rilgani bilan qiziqib, «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ vakili bilan bog‘landik. Jamiyat yuristi Olima Fazliyeva ushbu muammoni o‘rganish uchun tekshiruv guruhi yuborilganini ma’lum qildi.
«Guruh bozorni qurishda o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilganiga oydinlik kiritishga, katta miqdorda kamomadlar topishga yana harakat qilib ko‘radi. Ular mavjud hujjatlarni yana bir bor ko‘zdan kechirib, quruvchilarga berilishi lozim bo‘lgan 23,7 mlrd so‘mni yanada kamaytirish uchun asos topishga harakat qiladi», deydi yurist.
Avvalgi maqolada bundan 6 oy avval ham xuddi shunday nazorat-taftish guruhi mazkur masalani o‘rganib, quruvchilarga beriladigan pulni 6 mlrd so‘mdan ortiqroqqa qisqartirishning uddasidan chiqqani haqida qayd etilgandi.
Quruvchilardan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tuman hokimi Sherzod Ashurov shu yil 13 yanvarda yig‘ilish o‘tkazib, ishchi guruh holatni o‘rgangach, «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJning barcha mol-mulki xatlanib, «G‘ijduvon dehqon bozori» MChJ balansiga o‘tkazilishini bildirgan. Shundan so‘ng, quruvchilar «G‘ijduvon dehqon bozori» MChJdan qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilishlari mumkinligi, shuningdek, sud qarori bilan bozor bankdan kredit olib, pudratchilar oldidagi qarzdorlikni yopishi mumkinligini aytgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ikki yildan beri to‘lanmayotgan 23,7 mlrd so‘m hali-beri to‘lanmaydi va qachon to‘lanishi noma’lum. To‘lanishi ham aniq emas. Bir tomonda esa, pulidan ayrilgan va ikki yildan beri sarson-sargardon bo‘layotgan quruvchilar dardini kimga aytishni bilmayapti. Mutasaddilar quruvchilar duch kelgan muammoni amaliy hal qilish o‘rniga, qayta-qayta tekshirishlarni kanda qilishmayapti.
Bu masala Buxoro viloyati hokimligi ixtiyorida qoladigan bo‘lsa, pudratchilar va tadbirkorlar xech narsasiz qolishi tayin. Har holda hokimlikning reaksiyasi shunga ishora qilmoqda.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.