Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida xolasi va uning o‘g‘lini o‘ldirgan shaxsga hukm o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 31 maydan 1 iyunga o‘tar kechasi xolasining uyida yashab yurgan X.I. o‘tkir tig‘li qurollar bilan hovlidagi so‘rida uxlab yotgan xolavachchasini avval bo‘g‘gan. Keyin uning boshiga bolg‘a bilan urib, pichoq sanchgan.
So‘ng ichkarida uxlab yotgan xolasining boshiga bolg‘a bilan uradi va unga ham pichoq sanchadi. Oqibatda ularning ikkalasi ham og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etishgan.
X.I. o‘z jinoyatini yashirish uchun murdalarni molxonaga olib borib, ko‘rpa-to‘shaklar bilan o‘ragan va yoqib yuborgan.
Dastlabki surishtiruvlarda, X.I. xolasi va uning o‘g‘lini ular yashab turgan uyga ega chiqish uchun o‘ldirgani aniqlangan.
Boyovut tumanida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudya X.I.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «v» va «i» bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topgan. Unga 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.