Sirdaryoda IIB boshlig‘i o‘rinbosari pora olishda ayblandi
Boyovut tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Hasanboyev jinoiy jazoga tortildi. U qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchilarga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslikni va’da qilib, bu uchun 10 ming AQSh dollari olganida tezkor tadbirda ushlangan. Sud jigar xastaligiga chalingani uchun unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinladi.

Foto: Kun.uz
Boyovut tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Jahongir Hasanboyevga sud hukmi o‘qildi. U pora olganlikda ayblangan.
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, Jahongir Hasanboyev 2005 yildan Sirdaryo viloyati IIB tizimida ishlab kelgan. U 2024 yil may oyidan qamoqqa olingunga qadar esa Boyovut tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Jahongir Hasanboyev tuman IIB tergov bo‘limi ish yurituvidagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar tashkil etish holati bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchilarga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslikni ta’minlab berishni va’da qilgan. U ushbu “xizmati” uchun 10 ming AQSh dollari so‘ragan.
2024 yil 10 sentabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Guliston shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Jahongir Hasanboyev kelishilgan 10 ming AQSh dollarini olganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Jahongir Hasanboyev sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U ushbu pullarni jigari kasalligi sababli davolanishga ishlatmoqchi bo‘lganini, yordam beraman deya aldab olganini, aslida yordam berish niyati bo‘lmaganini aytgan.
“10 ming AQSh dollarini Boyovut tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanmasligida yordam berishini aytib, aldab olganman. Aslida hech qanday yordam bermoqchi emasdim. Jigarim kasalligi sababli ushbu pullarni davolanishga ishlatmoqchi edim. Agarda jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi qamalmay qolsa, unga men yordam berdim deb pullarni olib qolmoqchi, agarda qamalib ketsa yoki ish jiddiylashsa, eplolmadim deya pullarni qaytarib bermoqchi bo‘ldim. Pulni biron bir mansabdor shaxs yoki o‘zim bilan birga ishlaydigan hamkasblarim, tergovchilarga berish niyatim bo‘lmagan”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Sud hukmi bilan Jahongir Hasanboyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari hamda 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Sud Hasanboyevda jigar xastaligi borligi sababli Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlagan. Ya’ni unga 2 yil davlat ishtirokidagi tashkilotlarda hamda rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil 8 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.
Ayni shu sud hukmi bilan Bahodir Mirzayev hamda Bekzod Habibov ham sudlangan. Ular ham alohida holatlarda yuqoridagi jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchilarga tanishlari orqali qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanmasligini ta’minlab berish uchun pul talab qilishgan. Ushbu maqsadda Bahodir Mirzayev 3 ming, Bekzod Habibov esa 30 ming AQSh dollari olganda tezkor tadbirda ushlangan.
Sud hukmi bilan Bahodir Mirzayevga 2,5 yil, Bekzod Habibovga esa 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid

11:56 / 17.03.2025
Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i tayinlandi

15:16 / 16.03.2025
Andijon viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

19:19 / 14.03.2025
Toshkentda popkorn sotuvchilarini “panohiga olgan” profilaktika inspektori pora olganlikda ayblandi

10:57 / 03.03.2025