Qashqadaryoda Cobalt boshqaruvni yo‘qotib pastlikka ag‘darildi. Ikki kishi vafot etdi, uch kishi jarohatlandi

Jamiyat 12:27 / 09.01.2022 10072

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 8 yanvar kuni M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqrabot qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi B.O‘. o‘z boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasi bilan Termiz-Toshkent yo‘nalishida harakatlanib ketayotib Dehqonobod tumani Oqrabot qishlog‘i hududida boshqaruvni yo‘qotgan. Cobalt aylanib ketib pastlikka qulagan.

Oqibatda, mashina salonida bo‘lgan Denov tumani Mehnatobod qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan P.I. va Uzun tumani Beshtom mahallasida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan qiz, 10-sinf o‘quvchisi B.I. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, Denov tumani Doxodox qishlog‘ida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan R.S., Uzun tumani Beshtom mahallasida yashovchi ayol, 1992 yilda tug‘ilgan M.B., shu mahallada yashovchi 2016 yilda tug‘ilgan F.B. turli darajada og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi Cobalt mashinasini juda katta tezlikda qoidalarni buzgan holda boshqargan va yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan haydovchi B.O‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: