Huquqshunoslarni tayyorlovchi ta’lim dargohida qonunlar buzilmoqda

O‘zbekiston 21:27 / 06.01.2022 14894

Umuman, Alqarovning ishdan bo‘shatilish tarixi aslida g‘alati. Biroq texnikum ma’muriyatining Kun.uz so‘roviga javob berishdan turfa yo‘l izlab qochayotgani yanada ajablanarli.

Gapni boshidan boshlasak. Prezidentning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021 yil 28 iyun kuni Adliya vazirligining Samarqand yuridik texnikumi xodimlari onlayn shaklda attestatsiyadan o‘tkazilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, Alqarov ushbu attestatsiyadan o‘tolmaydi. Aynan o‘sha xulosaga asoslanib, texnikum direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Otabek Toshniyozovning buyrug‘i bilan Alqarov ishdan bo‘shatilgan.

Shundan so‘ng Alqarov attestatsiya nizom talablariga rioya qilinmagani, adolatsiz xulosa chiqarilgani, uning javoblari inobatga olinmaganini iddao qilib fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qiladi.

Sudning 2021 yilning 7 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan, yuridik texnikumlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Adliya vazirligi komissiyasining 2021 yil 28 iyundagi attestatsiya bayonnomasining Norbek Alqarovga oid qismi bekor qilinadi. Texnikum direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Otaqulovning 2021 yil 15 iyuldagi Alqarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topiladi.

Sud da’vogar Alqarov avvalgi lavozimiga tiklanishi, texnikum hisobidan uning foydasiga majburiy progul kunlari uchun 11 190 102 so‘m ish haqi undirishga qaror qiladi. Hal qiluv qarorining ishga tiklash qismi darhol ijroga qaratilishi so‘raladi.

Alqarovning aytishicha, 2020 yilda o‘tkazilgan attestatsiyada ham uch nafar o‘qituvchi oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilik oqibatida attestatsiyadan o‘tkazilmagan. Adliya vazirligiga qilingan murojaatdan so‘ng tanlov adolatsiz o‘tkazilgani aniqlangan va aybdorlar jazolangan. 2021 yilda ham eski ssenariy takrorlanayotgani ma’lum qildi.

Ikkinchi tomonni ham eshitish maqsadida texnikum direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Toshniyozovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Direktor qo‘ng‘irog‘imizga javob bermagach, sud jarayonlarida bevosita ishtirok etgan, voqeadan xabardor texnikumning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiddinov bilan 3 dekabr kuni telefon orqali bog‘landik. U dastlab holat haqida telefon orqali javob bermasligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng texnikumga borib vaziyat bo‘yicha direktor Toshniyozovning o‘zidan izoh olishni maqsad qildik. Afsuski, texnikumdagilar ham bizni na direktor bilan telefon orqali bog‘lab berishdi, na uning o‘zini muassasada uchratdik. Yana Ulug‘bek Shamsiddinov bilan suhbatlashdik. Avvaliga telefon va kameralarsiz izoh bermoqchi bo‘lib turgan mas’ul, keyinroq ta’tilda ekani esiga tushib qoldi va javob berishga majbur emasligini ma’lum qildi.

2021 yilning 21 dekabr kuni Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi ajrimi qabul qilindi. Unda Samarqand shahar sudining 2021 yil 7 oktyabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. Demak, Samarqand yuridik texnikumining shikoyati qanoatlantirilmagan.

6 yanvar kuni Alqarov vaziyat o‘sha-o‘sha ekani, u ishga tiklanmaganini ma’lum qilidi. U masalaga adliya vaziri Ruslanbek Davletov e’tibor qaratishidan umid qilyapti.

Qiziq, ushbu dargohda o‘z nomi bilan yoshlarga huquq o‘rgatiladi, shu soha bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ammo hozircha Samarqand yuridik texnikumida huquqlar oyoq osti bo‘lyapti, qonunlarga hurmatsizlik hukmronlik qilmoqda.

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: