Tashrif davomida viloyatdagi “Digital City” majmuasi, dasturlash sohasidagi mutaxassislar, frilanser va yoshlar bilan suhbatlashdik.
Shuningdek, Andijon viloyati hokimi IT sohasi bo‘yicha o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi.
Viloyatdagi “Digital City” majmuasi 2020 yil foydalanishga topshirilgan. Umumiy maydoni 5,6 gektarni tashkil etadi. Bugungi kunda bu yerda IT-akademiya, Co-Working, CyberSport, ofislar, Anjumanlar zali, biznes inkubator, startap xonalari o‘rin egallagan.
Xususan, IT-akademiyada mobil dasturlash, veb-dasturlash, robototexnika, grafik va 3D dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar ta’lim olmoqda.
Ziyodulla Samatov, “Digital City” rahbari:
— “Digital City” loyihasining asosiy maqsadi Andijon viloyatida turli sohalarni raqamlashtirish, bundan tashqari hozirgi kunda rivojlanib borayotgan IT sohasi uchun yetakchi mutaxassislarni yetishtirib berishdir. Shu maqsadda 76 o‘ringa mo‘ljallangan IT-akademiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozir bu yerda 500 ga yaqin yoshlar ta’lim olmoqda. Keyingi bosqichlarda biz talabalar uchun turarjoy va sport majmualari qurishni mo‘ljallamoqdamiz.
Umuman Andijon viloyatida IT sohasi rivojiga keng e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda hozir 37 ta IT markazlar faoliyat yuritadi. Viloyatning 16 ta tuman va shaharlarida namunali “Digital school”lar mavjud, 4 ta oliy o‘quv yurtida inkubatsiya markazlari ishga tushirilgan. Bundan asosiy maqsad viloyatda IT sohasidagi yoshlarni qamrab olish, o‘ziga xos zanjir asosida soha mutaxassislarini yetishtirishdir.
«Digital City»da 500 dan ziyod yoshlar IT sohasi bo‘yicha 50 ga yaqin ustoz-murabbiylardan ta’lim olmoqda. Ular orasida yoshlarning ham borligi e’tiborimizni tortdi. Ana shunday yosh o‘qituvchilardan biri Murodillo Ismatov bilan suhbatlashdik. Suhbat davomida u bizga o‘zi amalga oshirayotgan yangi loyihasi haqida so‘zlab berdi.
Murodillo Ismatov, dasturchi:
Yangi loyihamizning nomi “Dastyor”. Loyihamizning birinchi bosqichida oziq-ovqatlarni yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Qo‘l ostimdagi shogirdlarim bilan 5 oydan beri shu loyiha – mobil ilova ustida ishlab kelyapmiz. Ilova foydalanish uchun qulay, ko‘plab afzalliklarga ega. Masalan, unda buyurtmachilar o‘z buyurtmalarining qaysi holatda – kafeda tayyorlanish bosqichida to yetkazib berish uchun yo‘lda ekanligini ko‘rib turishi mumkin.
Loyiha g‘oyasi tug‘ilishiga karantin turtki berdi. Andijonda yetkazib berish xizmatlari uchun talab juda katta. Shu talabni qondirish uchun bu loyiha bilan ishlashni boshladik. Aytib o‘tganimdek, loyiha hali birinchi bosqichda bo‘lib, kelgusida unga dori-darmon va kiyim-kechaklar yetkazish xizmatlarini ham qo‘shishni niyat qilganmiz.
Dasturchi sifatida hozir avtomatlashtirishga talab katta ekanligini aytishim mumkin. Chunki biznesmenlar o‘z biznesini doimiy ravishda onlayn kuzatib borishni xohlaydi. Shundan kelib chiqqan holda biznes yoki ma’lum bir faoliyatning muntazam kuzatib borilishiga imkon yaratuvchi raqamlashtirish anchagina ommalashib bormoqda. Shu sababli men ham bu loyiham bilan viloyatda, umuman mamlakatdagi raqamlashtirish rivojiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
Bizga ma’lum qilishlaricha, “Digital Sity” majmuasiga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov haftaning har shanba kunida kelib yoshlar bilan muloqot qiladi. Bizning tashrifimiz ham aynan shanba kuniga to‘g‘ri kelganligi uchun navbatdagi, hokim va yoshlar uchrashuvida ishtirok etdik. Viloyat rahbari uchrashuv davomida yoshlarning yangi startap loyihalari bilan tanishdi.
Uchrashuvdan keyin viloyat hokimidan qisqa intervyu oldik. Suhbatda viloyat rahbari dasturlash sohasidagi yoshlarni ish bilan ta’minlash, shuningdek IT sohasi bo‘yicha o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi.
Shuhratbek Abdurahmonov, Andijon viloyati hokimi:
— Bugun O‘zbekiston dunyoga bo‘y cho‘zyapti. IT sohasining ahamiyatini anglagan holda shu kabi markazlar tashkil qilib, ularni nafaqat viloyat markazida, balki chekka shahar, tumanlarda ham faoliyatini ta’minlayapmiz. Ularni kelgusida ish bilan ta’minlash masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, hozir birgina Andijon viloyatining o‘zida minglab korxona, tashkilot va muassasalar bor. Ularning barchasiga raqamlashtirish borasida yetakchi mutaxassislar zarur. Shuningdek, bu markazlarda o‘qiyotgan bolalar o‘z dasturlarini yaratishyapti. Bu kabi dastur va loyihalardan biz Yangi Andijon massivini qurishda foydalanyapmiz. Barcha sohalarda raqamlashtirish siyosati ketayotganligi hisobidan bu yerda ta’lim oluvchi talabalarning kelgusida ish bilan ta’minlanishi dastlab ularning o‘zini-o‘zi moliyalashi, sanoatning turli sohalarida ish o‘rinlarini egallashi orqali amalga oshiriladi. Bu yerni bitirib chiqadigan yoshlarning birortasi ishsiz qolmaydi.
Hozir ushbu “Digital City”da 500 nafar yoshlar tahsil olayotgan bo‘lsa, bu miqdor zarur ehtiyojning 10 foizinigina qoplayapti deyishim mumkin. Bizga 500 emas, 5 minglab dasturchi yoshlar kerak.
Andijonda bu kabi raqamli markaz qurilishi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2022 yilda amalga oshirilishi kerak edi.
Hukumatimizdan ruxsat olib buni 2020 yil amalga oshirdim. Boisi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘z kelajagini ko‘rgan odam bu sohani bir kungayam, bir soatgayam kechiktirmaydi.
Kun.uz saytini xorijdagi vatandoshlarimiz kuzatib borishadi. Fursatdan foydalanib, butun dunyodagi andijonlik IT sohasi vakillarini Andijonga taklif qilib qolaman. Hozir o‘zlari ishlab, daromad olayotgan davlatlarida mavjud barcha sharoitlarni u yerdan kam bo‘lmagan sharoitda shu yerda yaratib berishga tayyormiz.
To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.
Ufora Habibullayeva, jurnalist
Mirvohid Mirrahimov, operator