Koronavirus: AQShda omikrondan ilk o‘lim, Britaniyada xavotirli prognozlar

Jahon 14:55 / 21.12.2021 11331
Buyuk Britaniya rasmiylari Rojdestvo arafasida choralar qat’iylashtirilishi mumkinligini istisno qilmayapti. Hukumat huzuridagi ilmiy kengash buni talab qilmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti butun dunyo bo‘ylab tezkor sur’atlarda tarqalayotgan koronavirusning yangi variantidan himoyalanish maqsadida odamlarni yaqinlashib kelayotgan bayram uchun rejalarni iloji boricha qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. 

«Tadbirni bekor qilish, hayotni yo‘qotishdan ko‘ra afzalroq. Hozir bayramni nishonlab, keyin qayg‘uda qolgandan ko‘ra, hozir bekor qilib, keyinroq nishonlagan ma’qul», dedi JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus Jyenevada bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi variant qolganlariga qaraganda tezroq tarqalmoqda va emlanganlar hamda kasallikni boshdan o‘tkazganlarga ham yuqyapti. «Hozirgi vaqtda omikron deltaga qaraganda tezroq tarqalishi to‘g‘risida ishonchli tasdiqlar bor. Emlanganlar va kasallikni boshdan kechirganlar yana qayta kasallanish ehtimoli yuqori», dedi u.

JSST rahbari joriy yilda Covid-19’dan o‘lim ko‘rsatkichi 2020 yildagi OIV, bezgak va sildan jami o‘lim ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishini ma’lum qildi.

AQSh rasmiylari omikron mamlakatda yetakchi variantga aylangani, umumiy sonning to‘rtdan uch qismi aynan u bilan kasallanganini ma’lum qildi.

Kuni kecha Texas shtatida omikronni yuqtirish natijasida ilk o‘lim holati qayd etildi.

Jon Hopkins universiteti so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan beri dunyoda qariyb 275 million holat aniqlandi, 5,3 milliondan ortiq kishi vafot etdi.

Dushanba kuni Ukrainada omikron shtammi bilan ilk kasallanish holati qayd etildi.

Rafael Nadal virusni Abu-Dabidagi turnirdan olib kelgani taxmin qilinmoqda

Tennischi Rafael Nadal Abu-Dabidagi turnirdan qaytgach, unda koronavirus aniqlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qisman Kuvaytda ham bo‘lib o‘tgan turnir doirasida barcha ishtirokchilar har ikki kunda test topshirgan. Tennischining 17 dekabr kuni olingan so‘nggi testi musbat natija bergan. Nadal muxlislariga murojaatida barchani hozirgi qiyin davrda ijtimoiy mas’ul bo‘lishga chaqirdi.

Yevropa fond bozorlari 20 dekabr kuni butun dunyo bo‘ylab joriy etilgan yangi cheklovlarga pasayish bilan reaksiya qildi.

AQSh: yaqinda reanimatsiyalarda joy bo‘lmaydi

Oq uy ilmiy maslahatchisi Entoni Fauchi Bayden administratsiyasidan omikronga nisbatan yanada qat’iyroq choralarni kutmoqda

AQSh bosh epidemiologi va AQSh hukumatining ilmiy maslahatchisi Entoni Fauchining ogohlantirishicha, Rojdestvo sayohatlari to‘liq emlangan amerikaliklar orasida ham omikron tarqalishining yangi bosqichi bilan tahdid qiladi.

AQShda yillik parvozlarning katta qismi Rojdestvo va yangi yil davriga to‘g‘ri keladi.

Fauchining qayd etishicha, omikron shtammi yuqori darajada yuqumliligi bilan farqlanadi va rasmiylarning e’tiborini Yevropada ko‘rilayotgan cheklov choralariga qaratadi.

Yaqinda u mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi yana tahdid ostida qolganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi ko‘plab kasalxonalar reanimatsiya bo‘limlari boshqa jiddiy kasalliklari bo‘lgan bemorlar bilan to‘lgan. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar oqimi yaqinda joylar va xodimlar yetishmasligi vaziyati takrorlanishi bilan tahdid qilmoqda.

Hozirda AQShda koronavirus bilan kasallanish holatlarining qariyb 3 foizi – omikron infeksiyasi natijasidir va ularning aksariyati Nyu-York shtatida aniqlangan.

Mamlakatda emlash kampaniyasi hukumat kutganidek tezkor sur’atda kechmayapti. AQShdagi katta yoshdagi aholining qariyb 73 foizi hech bo‘lmaganda vaksinaning bitta dozasini olgan. Taqqoslash uchun – Buyuk Britaniyada aholining 70 foizi to‘liq emlangan.

AQSh – pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat: kasallanganlar 50 milliondan ortiq, vafot etganlar — 806,4 ming kishi.

Buyuk Britaniyada lokdaun: hukumat hech nimani istisno qilmayapti

Britaniyada Rojdestvo kasallanishning keskin o‘sishi fonida o‘tmoqda. Rasmiy ravishda oilalarga keng guruh bo‘lib to‘planish taqiqlanmagan, biroq ko‘pchilik katta yoshdagi oila a’zolari sog‘lig‘idan xavotirlangani uchun bunday imkoniyatdan yana voz kechishi mumkin

Buyuk Britaniya hukumati koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.

So‘nggi sutkada 91 743ta yangi holat qayd etilgan; kasallik qayd etilganiga 4 haftadan oshgan 44 kishi vafot etgan.

Bu 19 dekabr kuni e’lon qilingan raqamlar (qariyb 83 ming holat) bilan taqqoslaganda ko‘proq, biroq 18 dekabr kungi ko‘rsatkichlarga (93 ming holat) qaraganda kamroq.

Mamlakatda do‘kon va jamoat transportida niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash kabi choralar qayta joriy etilgan. Biroq tibbiyot xodimlari bu yetarli emas, deb hisoblashmoqda va hukumatni yanada qat’iyroq choralar ko‘rishga chaqirmoqda.

20 dekabr kuni Buyuk Britaniyadagi ijtimoiy tarmoqlarda hukumat 28 dekabrdan boshlab cheklov choralarini joriy etishi mumkinligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi. Gap barcha muassasalarni yopish bilan kechuvchi lokdaun haqida emas, faqat restoran va barlar faoliyatini cheklash haqida ketmoqda.

Hukumat 20 dekabr ikki soat mobaynida epidemiyaga qarshi choralarni kuchaytirish masalasini muhokama qildi. Biroq bosh vazir Boris Jonson undan keyin hech qanday yangi choralar e’lon qilmadi. Faqatgina hukumat vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatayotgani aytildi.

Dauning-strit ilmiy xodimlari kasalxonaga yotqizish ko‘rsatkichi o‘sishining oldini olishni birinchi o‘rindagi vazifa deb atashmoqda. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar ko‘rsatkich kuniga 3 mingga yetsa, Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) tanazzulga yuz tutishi mumkin.

Buyuk Britaniya hukumati huzuridagi ilmiy kengash SAGE’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda Angliyada kunlik o‘limning minimal darajasi 600 kishi, maksimal ko‘rsatkich esa 6 mingga chiqishi mumkin bo‘ladi.

Angliya Premer ligasi rasmiylari 20 dekabr kuni o‘tkaziladigan favqulodda yig‘ilishda futbolchilar va klublar xodimlari orasida kasallanish ko‘payib ketayotgani sababli mavsumni kelasi yilga qadar to‘xtatib turish masalasini ko‘rib chiqdi. O‘tgan dam olish kunlari koronavirus avj olgani tufayli Liganing o‘nta o‘yinidan oltitasi bekor qilindi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, o‘yinlarni bekor qilmaslikka qaror qilindi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 18 dekabr kuni Buyuk Britaniyada milliondan ortiq vaksina qo‘llangan. Ulardan 940 mingtasi busterlar.

Yevropada Rojdestvo: cheklovlar va yo‘qotishlar

Ayrim Yevropa mamlakatlari Buyuk Britaniyadan uzoqroq bo‘lishga harakat qilmoqda. Fransiya bir necha kun avval hech qanday sababsiz Buyuk Britaniyadan mamlakatga kelishni taqiqladi. Tog‘ chang‘isi kurorti egalarining aytishicha, yana bir mavsumning inglizlarsiz o‘tishi katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi, ayrim bizneslar omon qolmasligi mumkin. O‘rtacha hisob-kitoblarga ko‘ra, inglizlar fransuz tog‘ yonbag‘irlaridagi jami sayyohlarning 40 foizini tashkil qiladi.

Germaniyaning Dyusseldorf shahrida o‘tgan dam olish kunlari yangi cheklov choralari va majburiy emlashga qarshi norozilik aksiyalari o‘tkazildi

Yaqinda Germaniya inglizlar uchun mamlakatga kirishni butunlay taqiqladi. Germaniya fuqarolari Buyuk Britaniyadan uylariga qaytishi mumkin, biroq buning uchun PZR testining manfiy natijasi va to‘liq emlanganlar uchun ham ikki haftalik karantin talab etiladi.

Germaniya rasmiylari yangi lokdaun joriy etmaslik borasida qat’iy qaror qabul qildi va kasallanishning beshinchi to‘lqinini to‘xtatib bo‘lmasligini aytdi.

Shveytsariya 20 dekabr kuni har yili an’anaviy tarzda yanvar oyi oxirida Davosda o‘tkaziladigan Jahon iqtisodiy forumi bekor qilinishini e’lon qildi.

Shveytsariya hukumati tomonidan joriy etilgan so‘nggi cheklovlar orasida uydan ishlashi mumkin bo‘lgan xizmat va bizneslarning majburiy ravishda masofadan ishlashi ham bor. Bar, restoran, sport zallari va boshqa jamoat joylariga qat’iy ravishda vaksina pasportlari bilan kiriladi.

Avstriya ham bayram vaqtida mamlakatga kirishni cheklashga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Lokdaundan bir kun oldin niderlandlar so‘nggi xaridlar uchun do‘konlarga shoshilishdi

Omikron tez sur’atlarda tarqalayotgani uchun 19 dekabr kuni Niderlandiyada qat’iy lokdaun boshlandi. U kamida 14 yanvarga qadar davom etadi. Biroq rasmiylar muddatni uzaytirish tomonga qayta ko‘rib chiqishni istisno qilishmayapti.

Birinchi ehtiyoj tovarlari bilan savdo qilmaydigan barcha do‘konlar, barlar, sport zallari, sartaroshxonalar yopildi. Uyda ikkitadan ortiq mehmon kutib bo‘lmaydi, bayram kunlari esa to‘rt kishidan ortiq mehmon kutishga ruxsat yo‘q.

Daniyada bayram kunlari birinchi ehtiyoj xizmatlarini ko‘rsatmaydigan teatr, kinoteatr va boshqa jamoat joylari yopildi.

Irlandiyada rasmiylar omikron mamlakatda yetakchi shtammga aylanganini ma’lum qildi. Yangi kasallanish holatlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar ana shu haqda. Joriy bosqichda irland hukumati bar va restoranlar ish soatini 20:00ga qadar cheklashga qaror qildi.

Fransiya 20 dekabr kuni 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun vaksina olishni tavsiya qildi. Mana shu yoshdagi bolalar uchun faqat Pfizer-Biontech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina sertifikatlangan.

Ko‘proq yangiliklar: