Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1 dekabr holatida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,74 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 1 noyabr holatiga ko‘ra 35,21 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 470 mln dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.
Noyabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,1 mln troya unsiyadan 11,4 mln troya unsiyaga (taxminan 21,7 tonna), uning qiymati esa 21,66 milliard dollardan 20,44 milliard dollarga kamaygan. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, noyabr oyida jahon bozoridagi qulay narx kon’yunkturasidan foydalanib, katta miqdordagi oltin sotilgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 1 unsiya 31,1 grammga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 12,41 mlrd dollardan 13,19 mlrd dollarga yoki 780 mln dollarga ko‘paygan.
2021 yildagi umumiy holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, yil boshidan beri O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 160 mln dollarga kamaygan (1 yanvar holatida 34,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1 dekabr holatida 34,74 mlrd dollar). Bunda xorijiy valuta zaxiralari 1,1 mlrd dollarga pasaygan bo‘lsa, quyma shakldagi monetar oltin qiymati 230 mln dollarga oshgan.
Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shakldagi monetar oltindan iborat.