Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida sodir bo‘lgan yong‘inda fuqaroning uyi yonib zararlandi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 14 dekabr kuni soat taxminan 07:27larda G‘uzor tumani FVBga tumanning Guliston mahallasi Chuqur qishlog‘ida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, qutqaruv xizmatining 3ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib borgan va soat 8:20larda yong‘inni to‘liq o‘chirgan.
Yong‘in oqibatida yashash uyining taxminan 80 metr kvadrat maydon ichki va tom qismi zarar ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan yashash uyining 200 metr kvadrat maydon qismi saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, yong‘inda hech kim tan jarohati olmagan. Yong‘in elektr simlari qisqa tutashuvi sababli kelib chiqqan deb gumon qilinmoqda. Ayni paytda ko‘rilgan moddiy zarar miqdori va sabablari o‘rganilmoqda.