Ishdan olingan Sirdaryo viloyati hokimi, O‘zbekiston avtobozorini egallagan UzAuto Motors, Samarqand–Buxoro pulli yo‘lini qurmoqchi bo‘layotgan turk kompaniyasi va «Tashabbusli budjet»da o‘zgarishlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi
Prezident selektor yig‘ilishida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev jiddiy kamchiliklar sabab lavozimidan chetlatildi. U 2022 yildan buyon mazkur lavozimda ishlab kelgan.
Investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Sirdaryo viloyatida investitsiya jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa sohalarda samarasizlik kuzatilgan.
Shuningdek, respublikaning 16 ta tuman va shahar hokimlariga investitsiya va eksport masalalari bo‘yicha hayfsan berildi.
Prezident yangi nazorat tizimini joriy etishni buyurdi. Bosh vazir 42 mlrd dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oylik rejalarni tasdiqlaydi. Hokimlar esa haftada ikki kun investitsiya masalalari bilan shug‘ullanishi shart.
2024 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga o‘sdi
O‘tgan yili O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga o‘sib, 115 mlrd dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar 1,6 barobar ko‘payib, 34,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Eksport hajmi ilk bor 27 mlrd dollarga chiqdi.
Investitsiya jalb qilishda 50 ta tuman 100 mln dollarlik sarmoya bilan yuqori natija ko‘rsatgan (bu 2023 yildagidan 39 taga ko‘p). Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Shayxontohur tumanlari 300 mln dollardan ko‘p sarmoya jalb qildi.
Biroq Fransiya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya kabi yuqori salohiyatli davlatlardan 100 mln dollar ham investitsiya kirmagani tanqid qilindi. Shuningdek, ayrim sohalarda investitsiya va grant olib kelishda rejalar bajarilmagan.
UzAuto Motors O‘zbekiston avtobozorining 88 foizini egalladi
O‘tgan yil O‘zbekistonda sotilgan har 100 avtomobildan 88 tasi UzAuto Motors hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu raqamlar «O‘zavtosanoat» hisobotida keltirilgan.
Jami 303 373 dona avtomobil sotilgan bo‘lib, eng ko‘p xarid qilingan modellar Cobalt (127 240 dona), Damas (106 001 dona) va Tracker (37 903 dona) bo‘ldi. UzAuto Motors bozor ulushi 87,9 foizni tashkil etgan. Qolgan ulushlar:
- ADM Jizzakh – 7,5 foiz;
- BYD Uzbekistan Factory – 4,3 foiz;
- Jizzakh Auto, Asaka Motors, SamAuto – har biri 0,1 foiz.
Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistonga 1,27 mlrd dollarlik 74 525 dona yengil avtomobil import qilindi, bu boradagi ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan miqdor bo‘yicha 7 foizga, qiymat bo‘yicha 33 foizga kamaygan.
«Tashabbusli budjet»da o‘zgarishlar
Senat Kengashi qaroriga asosan, «Tashabbusli budjet» jarayonida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Endi har yili tuman va shahar budjetidan 10 tadan kam bo‘lmagan, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun mablag‘ ajratiladi.
Loyihalarga ajratiladigan mablag‘lar aholi sonidan kelib chiqib taqsimlanadi. Loyihalarning maksimal qiymati 1,5 mlrd so‘m etib belgilangan bo‘lib, umumiy mablag‘ hajmi 15 mlrd so‘mdan 45 mlrd so‘mgacha bo‘ladi.
Shuningdek, moliyaviy mustaqil oliy ta’lim muassasalari endilikda ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi. Avtomobillar, rahbarlar uchun mebel jihozlari va jamoat xavfsizligi uchun jihozlar xaridi taqiqlandi.
Turkiya kompaniyasi Samarqand–Buxoro pulli yo‘lini quradi
Turkiyaning “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi tezyurar pulli avtomobil yo‘li qurilishida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 1 mlrd dollar bo‘lib, uning 2027–2030 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
15 yanvar kuni kompaniya va O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Turkiya kompaniyasi rahbariyati bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bilan uchrashib, davlat-xususiy sherikligi asosidagi loyihalarni muhokama qildi.
“IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi 55 yillik tajribaga ega bo‘lib, Turkiyada va boshqa davlatlarda yirik yo‘llar, ko‘priklar va aeroportlarni qurishda qatnashgan. Xususan, kompaniya Istanbulda dengiz ustida 1,5 km uzunlikdagi “Yovuz Sulton Salim” ko‘prigi va Vetnamda yangi aeroport qurilishida ishtirok etgan.
O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli yo‘llar qurish rejasi ilk bor 2018 yilda e’lon qilingan. 2024 yil avgustidagi prezident qaroriga muvofiq Samarqand–Buxoro pulli yo‘lini qurish tasdiqlangan.
Yerlar toifasini o‘zgartirish tartibi takomillashtirildi
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining toifasini o‘zgartirish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi yangi yerlar toifasini o‘zgartirish jarayonlari aniq muddatlar va mas’ullarning javobgarligi asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tuman hokimliklari ma’lumotlarni yig‘ib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimliklariga taqdim etadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 15 ish kuni ichida joyida o‘rganish o‘tkazib, xulosa taqdim etadi. Yakuniy qaror E-qaror tizimi orqali qabul qilinadi va Yer hisobot tizimiga kiritiladi.