Isroil HAMAS bilan kelishuvning to‘liq matnini e’lon qildi

Jahon 20:35 / 16.01.2025 2190

Isroil matbuoti HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvning to‘liq matnini e’lon qildi.

Times of Israel gazetasi keltirgan va Misr, Qatar va AQSh vositachiligida 15 yanvar kuni kelishilgani aytilayotgan hujjat 8 bob va 20 banddan iborat.

Qayd qilinishicha, o‘t ochishni to‘xtatishning birinchi bosqichi 42 ​​kun davom etadi va bu vaqt ichida garovga olingan 33 isroillik navbatma-navbat ozod qilinadi. Ulardan 9 nafari kasal va yarador bo‘lib, ular Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 110 nafar falastinlik mahbusga almashtiriladi.

Isroil, shuningdek, janglar boshlanganidan beri hibsga olingan, ammo 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumiga aloqador bo‘lmagan 1 ming nafar G‘azo aholisini ozod qilishga ham rozi bo‘ldi. Garovga olingan har bir keksa (50 yoshdan oshgan) Isroil qamoqxonalarida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 3 nafar falastinlikka yoki boshqa turdagi jazoni o‘tayotgan 27 nafargacha mahbusga almashtiriladi.

Kelishuv bo‘yicha ozod qilingan barcha falastinliklar G‘azo sektoriga yoki uchinchi davlatlarga yuboriladi.

Kelishuv matni quyidagicha:

- O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgach, Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) o‘z qo‘shinlarini aholi zich joylashgan hududlardan olib chiqishni boshlaydi. Harbiylar Isroil va G‘azo sektori chegarasining janubi va g‘arbidagi maxsus bufer zonada qoladi. Uning uzunligi 700 m bo‘ladi, lekin 5 nuqtada uni yana 400 m ga oshirish mumkin;

- Ichki ko‘chirilgan qurolsiz falastinliklar o‘z uylariga, jumladan, G‘azo sektori shimoliga qaytishi mumkin bo‘ladi. Ularning transporti vositachilar tomonidan tanlangan xususiy pudratchi tomonidan tekshiriladi;

- TSAHAL G‘azo-Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagi hududidagi askarlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirishi kerak bo‘ladi va 42-kuni garovdagi so‘nggi odam ozod qilingach, hududdan to‘liq chekinishni boshlaydi. Bu shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab 50 kundan kechiktirilmasligi kerak;

- HAMAS garovdagi barcha ayollar va bolalarni ozod qilgach, Isroil Misr chegarasidagi «Rafah» nazorat-o‘tish punkti tinch aholi va yaradorlar uchun ochilishiga ruxsat beradi. Kuniga atigi 50 nafar yarador jangariga uch nafardan ko‘p bo‘lmagan odam hamrohligida chegarani kesib o‘tishga ruxsat beriladi. TSAHAL kuchlari chegara punkti yaqinida joylashtiriladi;

- Muzokaralarning yakuniy maqsadi mintaqada barqaror osoyishtalikka qaytish, bu bilan doimiy otashkesimga erishish mumkinligi aytilmoqda. Birinchi bosqichda amalga oshirilgan barcha tadbirlar muzokaralarni osonlashtirish uchun ikkinchi bosqichda ham davom ettiriladi.

Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi HAMAS so‘nggi daqiqada Isroil bilan kelishuvdagi ba’zi bandlardan voz kechgani va shu orqali kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilganini aytdi. 16 yanvar kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi kelishuv bo‘yicha ovoz berishni rejalashtirgan va u 19 yanvardan kuchga kirishi kerak.

Isroil hukumatiga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida 98 nafar isroillikni garovda ushlab turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: