2020 yil 11 noyabr kuni Kun.uz’da «Urgutdagi «tez yordam»ga tez borib bo‘lmayapti. Tor yo‘lni kim kengaytiradi?» sarlavhali tanqidiy maqola berilgandi. Unda Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruq va tez tibbiy yordam majmualariga olib boradigan yo‘lning torligi, piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligi tanqid qilingandi.
Maqola e’lon qilingach, Urgut tuman hokimligi munosabat bildirgan va unda holat bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani, 5 ish kunida tug‘uruq hamda tez tibbiy yordam majmualariga kiradigan yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi ochib qo‘yilishi aytilgandi.
Ammo oradan qariyb bir yil o‘tganda ham tug‘uruq va tez yordam majmualariga kiradigan yo‘l kengaytirilmadi, piyodalar yo‘lakchasi ochib qo‘yilmadi. Shundan so‘ng joriy yil 6 oktyabr kuni Kun.uz’da «Yo‘l – mashinaniki, yo‘l cheti – «egalik», piyoda qayerdan yursin?» O‘zbekistonning egasiz yo‘llari haqida sarlavhasi bilan Urgutdagi muammoning hal bo‘lmagani haqida ikkinchi maqola e’lon qilindi.
Urgut tuman hokimligi maqolaga munosabat bildirib yo‘l chetini egallab olgan fuqarolar ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilinganini ma’lum qilgandi.
Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tug‘uruq va tez yordam majmualariga kiradigan yo‘l chetidagi fuqarolarga tegishli noqonuniy qurilmalar buzdirilgan. Shuningdek, yo‘lning ikkinchi tarafida tuman tibbiyot birlashmasining temir panjaralari ichkariroqqa surilib piyodalar yo‘lakchasi qilib qo‘yilgan.
Ochilgan joyda bir tarafida piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilgan. Ikkinchi tarafida ishlar davom ettirilmoqda.